Hujjat topshirish uchun OTMga borish shart emas
Davlat test markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2018-yilda oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirish uchun 679 000 dan ortiq abituriyent hujjat topshirgan. Ulardan 10 foizga yaqini kirish imtihonlaridan o‘tib, talaba bo‘ldi. Lekin, joriy yilda, DTM taxminlariga ko‘ra, abituriyentlar soni 11-sinf, kasb-hunar kolleji va akademik litsey bitiruvchilari, oldingi yillardagi bitiruvchilar hisobiga ikki barobar oshib, 1 500 000 nafarga yetishi kutilmoqda.
2018-2019-o‘quv yili uchun sinov tariqasida Toshkent davlat yuridik universitetiga o‘qishga kirish uchun abituriyentlardan hujjat qabul qilish Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshirildi. Oliy ta’lim muassasalariga abituriyentlar sonining oshishi hujjatlarni topshirish hamda davlat imtihonlarini o‘tkazish chog‘ida muayyan qiyinchiliklarni keltirib chiqarishi tabiiy. Ushbu markaz orqali ta’lim xizmatlarini ko‘rsatishdan ko‘zlangan asosiy maqsad oliy ma’lumot olish istagidagi yoshlarga qulaylik yaratish, xizmat ko‘rsatish tartibini soddalashtirishdan iborat. Masalan, 2019-2020-o‘quv yilidan boshlab davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun hujjatlar Davlat xizmatlari markazlari orqali topshirilishi abituriyentlarga Toshkent shahri va respublikaning istalgan hududida joylashgan oliy ta’lim muassasasiga o‘z tumanidan chiqmasdan turib hujjat topshirish imkonini beradi. Qolaversa, abituriyentlar onlayn tarzda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz orqali ham o‘qishga onlayn hujjat topshirishi mumkin.
— Abituriyentlar doimiy (yoki vaqtincha) ro‘yxatda turgan joyidan qat’i nazar, eksterritorial tamoyil asosida istalgan Davlat xizmatlari markaziga kecha-yu kunduz murojaat qilishi mumkin. Buning uchun ular hududiga yaqin Davlat xizmatlari markazlariga borishi yoki internet orqali my.gov.uz saytiga kirib, kerakli sahifani to‘ldirishi kifoya, — deydi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi bo‘lim boshlig‘i Sevara Zokirova. — Yana shuni aytish kerakki, xorijiy, xususiy hamda harbiy oliy ta’lim muassasalariga, oliy ta’lim muassasalarining magistratura bo‘limi hamda maxsus sirtqi ta’lim shakllariga o‘qishga kirish uchun abituriyentlar, shuningdek, xorijlik fuqarolar bevosita oliy ta’lim muassasasining o‘ziga kelib hujjat topshirishi rejalashtirilgan. Buning uchun yaqin kunlarda hukumat qarori loyihasi qabul qilinishi va u bilan birga OTMga hujjatlarni qabul qilish yuzasidan davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlanishi ham kutilmoqda.
Bu yil davlat xizmatlari orqali hujjat topshirish istagidagi abituriyentlardan quyidagi hujjatlarning asl nusxasi talab qilinadi:
— fuqarolik pasporti (mavjud bo‘lmasa, ichki ishlar bo‘limlari tomonidan berilgan 09-shakl bo‘yicha jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsion raqami ko‘rsatilgan ma’lumotnoma);
— pasport olish yoshiga yetmaganlar uchun tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma;
— umumiy o‘rta ta’lim (11-sinf negizida) yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasini tugatganligi haqidagi hujjat (ilovasi bilan);
— O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hamda Vazirlar Mahkamasining normativ-huquqiy hujjatlarida belgilangan tartibda imtiyozga ega bo‘lgan abituriyentlar imtiyoz huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etadi.
Endilikda OTMga hujjat topshirishda abituriyentlardan 086-U shakli bo‘yicha tibbiy ma’lumotnoma talab qilinmaydi. Mazkur tibbiy ma’lumotnomaning talab qilinmasligi orqali ortiqcha sarsongarchiliklarning oldi olinishiga erishiladi. Shuningdek, abituriyent imtihon natijalariga ko‘ra oliy ta’lim muassasasiga qabul qilingandan so‘ng Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-iyundagi 393-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomda ko‘rsatilgan hujjatlarning asl nusxalarini tegishli oliy ta’lim muassasalariga o‘quv yili boshlangunga qadar taqdim etishi kerak.
Oliy ta’lim muassasalariga hujjatlarni my.gov.uz platformasi orqali topshirish imkoni mavjud deb yuqorida ta’kidlab o‘tgandik. Biroq fuqarolik pasporti olish yoshiga to‘lmagan yoki pasporti mavjud bo‘lmagan, shu bilan birga, turli imtiyozlarga ega abituriyentlar hujjatlarini bevosita Davlat xizmatlari markazlariga borib topshirishlari kerak.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, bu yil sirtqi ta’limga hujjatlar 1-iyuldan 30-iyulgacha Davlat xizmatlari markazlari orqali qabul qilinadi. O‘qishni bahorgi semestrga qayta tiklash bo‘yicha ariza topshirish 15-yanvardan 25-yanvargacha davom etadi. Ilgari bu jarayon 20-dekabrdan keyingi yilning 20-yanvariga qadar davom etgan.
Fayoza AVLAYEVA,
“Ma’rifat” muxbiri