O‘zbekiston va Rossiya diplomlarini o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Bitim haqida to‘liq ma’lumot
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi o‘z faoliyatini boshlagan dastlabki kunlardanoq xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) jarayonini yanada soddalashtirish, shaffofligini ta’minlash bo‘yicha amaliy ishlar olib bordi. Xususan, Rossiya Federatsiyasining ta’lim hujjatlarini o‘zaro tan olish borasidagi tajribasi o‘rganildi.
2018-yil oktabr oyida o‘tkazilgan O‘zbekiston — Rossiya ta’lim forumi doirasida “O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati o‘rtasida ta’lim, malaka va ilmiy darajalarni o‘zaro tan olish to‘g‘risida Bitim loyihasi”ni tayyorlash bo‘yicha muzokaralar olib borildi. Nihoyat 2019-yil 30-may kuni ushbu Bitim Urganch shahrida imzolandi.
Mazkur bitim imzolangan kundan boshlab kuchga kirdi va endi har ikkala davlatda berilgan ta’lim, malaka va ilmiy darajalar o‘zaro tan olinadi.
So‘nggi yillardagi statistik ma’lumotlarni tahlil qiladigan bo‘lsak, 28000 nafar O‘zbekiston fuqarosi Rossiyadagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olmoqda. Shu vaqtga qadar ular Rossiya Federatsiyasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish, ta’limning keyingi bosqichida o‘qishni davom ettirish, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish yoki kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanish uchun shahodatnoma, attestat, diplom kabi ta’lim hujjatlarini nostrifikatsiyadan o‘tkazishda muammoga duch kelardi. Misol uchun, Rossiyadagi ta’lim hujjatlarini tan olish bilan shug‘ullanuvchi Bosh ekspertiza markazi murojaatlarni 45 kun davomida ko‘rib chiqar, talabgorlar Moskvaga borib kelish, bir yarim oy ariza javobini kutish va to‘lovlar uchun sarf-xarajat qilishga majbur bo‘lardi.
Bitim qachondan va kimlarga nisbatan qo‘llanadi?
2019-yilning 30-mayidan boshlab davlat akkreditatsiyasiga ega bo‘lgan ta’lim muassasalarini bitirganlarga nisbatan qo‘llaniladi.
Ta’lim sifatini kafolatlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasidagi ta’lim muassasalarida Bitim imzolanishidan oldingi davrda o‘qib olingan hujjatlar tomonlarning qonunchiligida belgilangan tartibda tan olinishi va nostrifikatsiyadan o‘tkazilishi amaliyoti saqlab qolinmoqda. Demak, oldin bitirganlar O‘zbekistonda Davlat xizmatlari markazlari orqali Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga o‘rnatilgan tartibda murojaat qiladi. Hujjatlari ekspertizadan o‘tkazilib, sinov muddati belgilanadi va o‘z fanidan (yangi Nizom tasdiqlangach) test sinovlaridan o‘tgach, diplomi tan olinadi.
Maktab bitiruvchilariga va ularning guvohnoma, shahodatnoma yoki attestatlariga nisbatan ham qo‘llaniladimi, ularga qanday imtiyoz bor?
Bitimning 2-moddasiga ko‘ra Rossiya Federatsiyasida olingan, umumiy ta’lim to‘g‘risidagi attestat bilan tasdiqlangan asosiy umumiy ta’lim va O‘zbekiston Respublikasida olingan, umumiy o‘rta ta’lim (I—IX sinflar) to‘g‘risidagi shahodatnoma bilan tasdiqlangan umumiy o‘rta ta’lim mos ravishda tan olinadi hamda ularning egalariga Rossiya Federatsiyasida o‘rta umumiy yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining ta’lim dasturlari va O‘zbekiston Respublikasida umumiy o‘rta (X-XI sinflar), o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qishni davom ettirish huquqi beriladi.
Oliy ma’lumot olish uchun maktab attestatidan tashqari kollej, akademik litsey diplomi ham hisobga olinadimi? Ularning tan olinishi qay tartibda amalga oshiriladi?
Bitimning 4-moddasiga ko‘ra Rossiya Federatsiyasida olingan, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi diplomi bilan tasdiqlangan o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi va O‘zbekiston Respublikasida olingan, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi diplomi bilan tasdiqlangan o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumoti mos ravishda tan olinadi hamda ularning egalariga Rossiya Federatsiyasida oliy ta’limning (bakalavriat va mutaxassislik) ta’lim dasturlari va O‘zbekiston Respublikasida oliy ta’limning (bakalavriat) ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qishni davom ettirish huquqi beriladi.
Ayni damda Rossiya oliy ta’lim muassasalarini bitirganlik to‘g‘risidagi diplomlar barchasi endi to‘g‘ridan to‘g‘ri tan olinadimi?
Oliy ta’lim diplomlarini tan olish o‘qishni davom ettirish uchun yoki ishlash uchun amalga oshiriladi. Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekistonda olingan, o‘qish muddati to‘rt yildan kam bo‘lmagan bakalavr diplomi bilan tasdiqlangan oliy ma’lumot mos ravishda o‘zaro tan olinadi hamda ularning egalariga Rossiyada ham, O‘zbekistonda ham oliy ta’limning keyingi bosqichi — magistraturada o‘qishni davom ettirish huquqini beradi.
Rossiyada yoki O‘zbekistonda OTMni bakalavriat bo‘yicha bitirgan diplomi bilan ishlamoqchi bo‘lsa, kunduzgi shaklda olingan oliy ma’lumot egalariga mutaxassislik faoliyatini amalga oshirish huquqini beradi. OTMda sirtqi, kechki va boshqa shakllarda o‘qib olingan diplomlar to‘g‘ridan to‘g‘ri tan olinmaydi. Ya’ni ta’lim sifatini kafolatlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasidagi ta’lim muassasalarida kunduzgi ta’lim shaklidan boshqa ta’lim shaklida o‘qib olingan hujjatlar tomonlarning qonunchiligida belgilangan tartibda tan olinishi va nostrifikatsiyadan o‘tkazilishi amaliyoti saqlab qolinmoqda.
Oliy ta’lim muassasalari magistraturasini bitirganlarning diplomi qanday tan olinadi?
Magistratura bitiruvchilari uchun ilmiy faoliyatni davom ettirish, ya’ni PhD, aspirantura, doktoranturada o‘qish istagidagilarning muammolari hal etildi. Ularga to‘g‘ridan to‘g‘ri Rossiya Federatsiyasida ham, yurtimizda ham ilmiy tadqiqotchilikni davom ettirish huquqi berildi, ya’ni diplomlar mos ravishda ikki davlatda ham tan olinadi.
Magistrlik diplomi bilan mehnat bozoriga kirish, ya’ni ishlash uchun bitimning 6-moddasi 2-bandida oliy magistrlik ta’limi kunduzgi shaklda olingan bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Boshqa shaklda sirtdan, kechki yoki masofadan o‘qib olingan magistrlik diplomini tan olish masalasi amaldagi tartibda sinovlarda ishtirok etish orqali amalga oshiriladi.
Bitimda alohida tibbiyot yo‘nalishi yoki farmatsevtika sohasida kadr tayyorlash, Rossiya Federatsiyasi bilan o‘zaro almashish, hujjatlarini tan olish masalalari alohida yoritilgan, ushbu moddadan ko‘zlangan maqsad nima?
To‘g‘ri, bitimda barcha sohalarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlar tan olinishi ko‘zda tutilgan, lekin tibbiyot sohasi inson sog‘lig‘i, hayoti, xavfsizligi bilan bog‘liq va alohida yondashuvni talab etadi. Shuning uchun ham unda o‘qish muddati ham boshqa sohalardan ko‘ra ko‘proq.
O‘zbekistonda oliy ta’lim bakalavriat(4 yil) va magistratura(2 yil)dan iborat bo‘lsa, Rossiyada 5 yillik spetsialist turi ham bor. Rossiyada ham O‘zbekistonda oliy tibbiy va oliy farmatsevtika sohasida o‘qish muddati me’yoriy muddatdan kam bo‘lmagan bakalavr diplomi o‘zaro mos ravishda tan olinadi hamda ularning egalariga Rossiya Federatsiyasida magistratura, aspiranturada ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va ordinatura dasturlari hamda O‘zbekistonda magistratura, klinik ordinatura va tayanch doktorantura ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qishni davom ettirish huquqini beradi.
Rossiya Federatsiyasida olingan ordinatura va O‘zbekiston Respublikasida olingan klinik ordinaturani tugatganlik to‘g‘risidagi tegishli hujjat bilan tasdiqlangan oliy tibbiy yoki oliy farmatsevtika ta’limi mos ravishda tan olinadi.
Ushbu diplom egalariga Rossiya Federatsiyasida oliy ta’limning ta’lim dasturlari, aspiranturada ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasida oliy ta’limning (tayanch doktorantura) ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qishni davom ettirish huquqini beradi.
Agar oliy tibbiy va oliy farmatsevtika bakalavr diplomi, ordinatura (Rossiyada), klinik ordinatura diplomi (O‘zbekistonda) kunduzgi shaklda o‘qib olingan bo‘lsa, mutaxassis to‘g‘ridan to‘g‘ri davlatlarning har birida faoliyatini amalga oshirishi mumkin.
Bitimda oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarning o‘qishni bir davlatdan boshqa davlatdagi OTMga ko‘chirish masalasi ham ko‘zda tutilganmi?
Aynan oliy tibbiy va oliy farmatsevtika yo‘nalishida shu masala o‘z yechimini topgan. Ya’ni Rossiya Federatsiyasining ta’lim va ilmiy tashkilotlarida tibbiy va farmatsevtika mutaxassisliklari va tayyorgarlik yo‘nalishlari bo‘yicha oliy tibbiy yoki oliy farmatsevtika ta’limining (bakalavriat, mutaxassislik, magistratura va ordinatura) ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qish davri va O‘zbekiston Respublikasining ta’lim va ilmiy tashkilotlarida tibbiy va farmatsevtika mutaxassisliklari, tayyorgarlik yo‘nalishlari bo‘yicha oliy tibbiy yoki oliy farmatsevtika ta’limining (bakalavriat, magistratura va klinik ordinatura) ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qish davri tegishli mutaxassislik va tayyorgarlik yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qish davri sifatida tan olinadi.
Ularning egalari Rossiya Federatsiyasida oliy tibbiy yoki oliy farmatsevtika ta’limining (bakalavriat, mutaxassislik, magistratura va ordinatura) tegishli ta’lim dasturlari va O‘zbekiston Respublikasida oliy tibbiy yoki oliy farmatsevtika ta’limining (bakalavriat, magistratura va klinik ordinatura) tegishli ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qishni davom ettirish huquqiga ega bo‘ldi.
Bu imkoniyatlar tibbiyot va farmatsevtika sohasida talabalar mobilligi masalasini hal qiladi. O‘zbekistonda ochilayotgan Rossiya Federatsiyasining tibbiyot yoki farmatsevtika yo‘nalishidagi filiallarida talabalarning ma’lum muddat O‘zbekistonda, qolgan paytda Rossiyada o‘qishga imkon beradi.
Mazkur bitimga asosan ilmiy darajalarni tan olish borasida qanday yangiliklar kuzatiladi?
Bitimning 8-moddasi ilmiy darajalarni tan olishga bag‘ishlangan. Rossiya Federatsiyasida olingan fan nomzodi ilmiy darajasi va O‘zbekiston Respublikasida olingan tegishli fan tarmog‘i bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi mos ravishda tan olinadi va ularning egalariga Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasida fan doktori ilmiy darajasini olish huquqini beradi.
Shuningdek, Rossiya Federatsiyasida olingan fan doktori ilmiy darajasi va O‘zbekiston Respublikasida olingan tegishli fan tarmog‘i bo‘yicha fan doktori (Doctor of Science) ilmiy darajasi ham mos ravishda tan olinadi.
Ushbu ilmiy darajalar egalariga Rossiya va O‘zbekistonning qonunchiligiga muvofiq mutaxassislik faoliyatini amalga oshirish huquqini beradi.
Ammo mazkur bitimda nazarda tutilgan ta’lim va malaka, ilmiy darajalarni tan olish jarayoni ularning egalarini ta’lim va ilmiy tashkilotlarga qabul qilish hamda mutaxassislik faoliyatini amalga oshirishda tomonlar qonunchiligi bilan tatbiq etiladigan talablarni bajarish majburiyatidan ozod qilmasligi ham belgilangan.
Bitim ijrosini kim muvofiqlashtiradi?
Mazkur bitimni amalga oshirish bilan bog‘liq masalalarni hal etish bo‘yicha Rossiya Federatsiyasi tomonidan Fan va ta’lim vazirligi, Bosh ekspertiza markazi, O‘zbekiston tomonidan Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi shug‘ullanadi. Qo‘shimcha tavsiyalar ishlab chiqish talab qilinsa, tomonlar o‘z ekspertlar qo‘mitasini tuzadi.
Abdurahim NOSIROV, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bosh boshqarmasi boshlig‘i