Fizika
Fizika ta’limining ahamiyati fanning texnika taraqqiyotida, ishlab chiqarish sohasida va kundalik hayotda tutgan o‘rni bilan belgilanadi. Shunday ekan, o‘quvchilarda atrof-olamni, fizika fanini va fan-texnika yutuqlarini o‘rganishga qiziqish uyg‘otish uchun darslarni hozirgi davr talablari darajasida tashkil etish, o‘quvchilarda ijodkorlik qobiliyatini rivojlantirish uchun darslarda ilg‘or pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, zamonaviy laboratoriya o‘quv anjomlaridan samarali foydalanish, soha yangiliklarini ta’lim jarayoniga tatbiq etish bo‘yicha turli amaliy darslar o‘tkazish, to‘garak mashg‘ulotlarini jonlantirish juda muhim. Bu boradagi ilg‘or usullarni o‘qituvchilarga keng tushuntirish maqsadida an’anaviy avgust kengashlarining sho‘ba yig‘ilishlarida quyidagi vazifalar yuzasidan fikrlashib olish tavsiya etiladi:
— 2015-2016-o‘quv yilida umumiy o‘rta ta’lim maktablarida qo‘llaniladigan darsliklar, yangi metodik qo‘llanmalar va qo‘shimcha adabiyotlar bilan tanishtirish;
— 2015-2016-o‘quv yilida umumta’lim maktablarida 6-sinf «Fizika» (N.Turdiyev), 7-, 8-, 9-sinf «Fizika» (P.Habibullayev va boshqalar) darsliklaridan foydalanish tavsiya etiladi. “Ayrim fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasalari uchun 6-sinf “Fizika” (N.Turdiyev) darsligi ijara tizimi asosida foydalanish uchun joylarga yetkazilgan bo‘lsa, 7-,
8-, 9-sinf “Fizika” (N.Turdiyev) darsliklari ochiq savdoga chiqarilgan bo‘lib o‘quvchilar ulardan foydalanish imkoniyatiga ega ekanligini tushuntirish;
— 2015-yilda Xalq ta’limi vazirligi, Respublika ta’lim markazi, Multimediya umumta’lim dasturlarini rivojlantirish markazi hamkorligida o‘qituvchi va metodistlar uchun videoo‘quvlar tashkil etilib, masofaviy xizmat ko‘rsatilmoqda. Videoo‘quvlarda laboratoriya ishlarini bajarishga alohida e’tibor qaratilib, materiallar www. uzedu.uz saytiga joylashtirildi. Bu materiallar yuzasidan fikr almashish, o‘qituvchilarni 2010-yilda Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim hamda Madaniyat va sport ishlari vazirliklari tomonidan ishlab chiqilgan “Ta’lim muassasalaridagi mebel, o‘quv-laboratoriya asbob-uskunalari, kompyuter texnikasi, sport anjomlari va boshqa inventarlardan samarali foydalanish hamda ularni saqlash to‘g‘risida” yo‘riqnomalar bilan yana bir bor tanishtirish zarur. O‘quv-laboratoriya jihozlari, asbob-uskunalar, kimyoviy reaktivlarni inventarizatsiyadan o‘tkazish va ularni saqlash, sarflangan hamda ishlatish uchun nosoz jihozlar o‘rnini qayta to‘ldirish, laboratoriya ishlarini bajarish metodikasi yuzasidan tavsiyalar berish lozim;
— 2014-2015-o‘quv yilining birinchi yarim yilligi bo‘yicha fizika fanidan o‘tkazilgan ta’lim sifati monitoringi natijalariga ko‘ra o‘quvchilar o‘zlashtirishi murakkab bo‘lgan mavzular aniqlandi. Jumladan, 6-sinfda “Tekis va notekis harakat”, “Tezlik va uning birliklari” mavzulari, 7-sinfda “To‘g‘ri chiziqli tekis harakat tezligi”, “Tekis o‘zgaruvchan harakatda tezlanish” mavzulariga doir masalalarni yechishda xatoliklarga yo‘l qo‘yilgan. Darslarda bu mavzular doirasida berilgan masalalarni mushohada qilib, fizik kattaliklarni to‘g‘ri yozish, masala uchun zarur bo‘lgan asosiy formulani yozish, berilgan o‘lchov birliklarini bir xil sistemaga keltirish, birliklarni keltirib chiqarish, rasmlarni mavzuga moslab chizish, masala uchun zarur bo‘lgan yordamchi formulalarni bir-biriga tenglashtirib, formulani hosil qilish, matematik jihatdan to‘g‘ri hisoblashga e’tibor qaratilmaganligi sababli xatoliklar vujudga kelgan.
Sho‘ba yig‘ilishlarida murakkab mavzularga oid masalalarni yechishning turli usullari ustida fikr almashish, yuqoridagi xatoliklarni bartaraf etish maqsadida ilg‘or pedagogik texnologiyalardan foydalanish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish, ularni dars jarayoniga tatbiq etish yo‘llari xususida ma’lumotlar berish maqsadga muvofiqdir;
— maktablarda AKT (elektron darslik, o‘quv film, virtual laboratoriya ishlari va animatsion ko‘rgazmali tajribalar)dan foydalanish dars samaradorligini oshiradi. Bu borada o‘qituvchilarga zarur ko‘rsatmalar berish, Xalq ta’limi vazirligining www.uzedu.uz elektron saytiga joylashtirilgan virtual laboratoriya ishlaridan foydalanish tartibi bilan tanishtirish lozim;
— Respublika ta’lim markazining www.rtm.uz saytida “Pedagogik mahorat ustaxonasi” rukni ochilgan bo‘lib, bo‘limga tajribali o‘qituvchilarning ilg‘or pedagogik texnologiyalar asosida tayyorlangan dars ishlanmalari joylashtirilgan. Anjumanlarda mazkur dars ishlanmalaridan foydalanish tavsiya etiladi;
— fizika sohasida yangilik yaratgan, shu sohada samarali ish olib borayotgan va ijobiy natijalarga erishgan tajribali o‘qituvchilar va “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovi g‘oliblari bilan davra suhbatlari tashkil etish hamda ularning ilg‘or ish tajribasini o‘rganish yig‘ilishlarning mazmunli hamda jonli o‘tishini ta’minlaydi.
Respublika ta’lim markazi