Geografiya
Geografiya fanini zamon talablari darajasida o‘qitish, dars sifati va samaradorligini oshirish, o‘quvchilar qalbida ushbu fanga qiziqish uyg‘otish har bir o‘qituvchi oldida turgan muhim vazifalardan biridir. Bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda fanni o‘qitish tobora takomillashmoqda. Amalga oshirilayotgan ishlar mohiyatini o‘qituvchilarga yetkazish, ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, olgan nazariy bilimlari asosida o‘quvchilarda muayyan ko‘nikma va malakani shakllantirish maqsadida amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish, darsdan tashqari to‘garak ishlarini yanada jonlantirish uchun avgust kengashlari sho‘ba yig‘ilishlarida quyidagi vazifalarni muhokama qilish tavsiya etiladi:
Georafiya fanini o‘qitishda qo‘llanadigan metodlar, usullar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini dars mavzulariga mos ravishda tanlay olish, fanning xususiyatlaridan kelib chiqqan holda har birini amaliyotga tatbiq etish yuzasidan sho‘ba yig‘ilishlarida tavsiyalar ishlab chiqish, o‘qituvchilarning ta’lim jarayoniga ijodiy yondashishi uchun yo‘nalish berish.
Ta’lim-tarbiya sifatini oshirish, o‘quvchilarning bilimini mustahkamlashda har yili o‘tkaziladigan umumta’lim fanlari olimpiadasi va bilimlar bellashuvining ahamiyati katta bo‘lib, bu orqali maktablarda davlat ta’lim standartida belgilangan talablarning bajarilishi, o‘quvchilar bilimidagi bo‘shliqlar o‘rganiladi. 2014-2015-o‘quv yilida umumta’lim maktablari o‘quvchilarining davlat ta’lim standartlarini o‘zlashtirishi bo‘yicha geografiya fanidan o‘tkazilgan bilimlar bellashuvi va u asosida olib borilgan monitoring natijalariga ko‘ra bolalar bilimida bo‘shliqlar mavjudligi aniqlangan. Jumladan, 6-sinf o‘quvchilari dunyo okeanlari, uning qismlari va okean tubi relyefini hamda Yerning iqlim mintaqalarini aniqlash, Afrikaning ichki suvlarini (daryo, ko‘l, suv omborlari), geografik obyektlarning koordinatalarini aniqlab topish, Janubiy Amerika materigining geografik o‘rni va o‘rganilish tarixi, relyefi, Afrikaning geografik o‘rni va o‘rganilish tarixiga hissa qo‘shgan olimlarning nomini bilish, dunyo okeanlari va ulardan foydalanish, ularni muhofaza qilishga oid savollarga javob berishda; 7-sinf o‘quvchilari Markaziy Osiyoning geologik rivojlanishi, relyefi, ko‘l va suv omborlari, yer yuzasi tuzilishining asosiy xususiyatlari, tog‘lar va daryolar mavzulari bo‘yicha tuzilgan savollarga javob berishda; geografik xaritalar va ularning turlari, vaqt o‘lchovini aniqlash, soat mintaqalari, taqvimlar mavzusiga oid amaliy topshiriqli savollarga javob berishda qiynalgan.
Sho‘ba yig‘ilishlarida ushbu bo‘shliqlarni to‘ldirish uchun mavzular yuzasidan dars davomida o‘quvchilarning xarita va o‘quv atlaslari bilan ko‘proq ishlashlarini yo‘lga qo‘yish, geografiya fanidan tayyorlangan videodarslardan samarali foydalanish, bolalarning 5—7-sinflarda olgan bilim, ko‘nikma va malakalari asosida kichik guruhlarda ochiq dars va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazishda quyidagilar tavsiya etiladi:
— “Materiklarning tabiiy xaritalari”, “Materiklarning iqlim xaritalari”, “Iqtisodiy geografik rayonlar”, “O‘zbekistonning tabiiy geografik o‘lkalari” kabi mavzular yuzasidan xaritalar va o‘quv atlasi bilan ishlashni yo‘lga qo‘yish;
— “Dunyo okeanlari”, “Yerning iqlim mintaqalari”, “Janubiy Amerika materigining geografik o‘rni va o‘rganilish tarixi. Relyefi”, “Afrikaning ichki suvlari” mavzularini o‘tishda videodarslar, ilg‘or pedagogik texnologiyalar, turli metod va usullardan foydalanish;
— “O‘rta Osiyoning geologik tuzilishi va relyefi”, “O‘rta Osiyoning ko‘llari va suv omborlari” mavzularni o‘tishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llash;
— “Geografik xaritalar va ularning turlari, vaqt o‘lchovini aniqlash, soat mintaqalari, taqvimlar” mavzusi bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarni tashkil etishda zamonaviy usullarni qo‘llash, darslik hamda qo‘llanmalardan oqilona foydalanish;
— Geografiya fanidan sinflar kesimida o‘zlashtirish murakkab kechgan mavzular bo‘yicha ilg‘or pedagogik texnologiyalar va axborot-kommunikatsiya vositalari yordamida tayyorlangan namunali dars ishlanmalarini Xalq ta’limi vazirligining, Respublika ta’lim markazining saytiga joylashtirish.
2015-2016-o‘quv yilida umumta’lim maktablari uchun P.G‘ulomov va R.Qurbonniyozov hammuallifligidagi 5-sinf “Geografiya” darsligi joylardan olingan fikr-mulohazalar va takliflar asosida qayta nashrga tayyorlandi. Jarayonda o‘quvchilarning yoshiga doir psixo-fiziologik xususiyatlari inobatga olinib, ayrim mavzular matni soddalashtirildi. Rasmlar, xaritalar, geografik atama va tushunchalarning izohli lug‘ati ilova qilinib, darslik mazmuni takomillashtirildi. Jumladan, darslikdagi “Joy plani va geografik xaritalar” mavzusida joy planini tuzishda tepalikning nisbiy va mutlaq balandliklari, o‘quvchilarning joy plani xaritasini o‘qib tushunishi uchun shartli belgilar; “Dunyo okeani” mavzusida dengiz va okeanlarning chuqurligini o‘lchaydigan “exolot”, havo bosimini o‘lchaydigan metall barometr asboblari rasmlari; “Yerning havo qobig‘i — atmosfera” mavzusi bo‘yicha o‘quvchilarning ko‘nikma va malakasini shakllantirish, o‘quv atlaslari bilan ishlashini yo‘lga qo‘yish maqsadida amaliy mashg‘ulotlarning ishlanish sharti; mavzularga doir atama va tushunchalarning izohli lug‘ati; foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati berildi.
2014-2015-o‘quv yilida Xalq ta’limi vazirligi, Respublika ta’lim markazi hamda Multimedia umumta’lim dasturlarini rivojlantirish markazi hamkorligida umumta’lim maktablarining 6—9-sinflari uchun davlat ta’lim standartlari va o‘quv dasturiga muvofiq, o‘quvchilarning fanga qiziqishini oshirish, kurs materiallarining oson o‘zlashtirilishini ta’minlash, geografiya fanidan yaratilgan videodarslardan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish maqsadida mazkur materiallar Xalq ta’limi vazirligining www.eduportal.uz va Multimedia umumta’lim dasturlarini rivojlantirish markazining www.multimedia.uz saytlariga joylashtirildi.
Sho‘ba yig‘ilishlarida “Yosh o‘lkashunoslar”, “Yosh iqtisodchilar”, “Muzeyshunoslik” to‘garaklarida o‘quvchilarni o‘zi yashayotgan hududning tabiiy boylik va resurslarini asrab-avaylashga o‘rgatish maqsadida ishlab chiqilgan “Tejamkorlik saboqlari” o‘quv dasturi tavsiyalaridan samarali foydalanish bo‘yicha yo‘nalish berish maqsadga muvofiq.
Respublika ta’lim markazi