Informatika, Xorijiy (ingliz, nemis, fransuz) tillar
Informatika fanini o‘qitishni takomillashtirish uchun 2014-2015-o‘quv yilida amalga oshirilgan ishlarga nazar solib, erishilgan yutuq va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni sarhisob qilish kelgusidagi faoliyatni to‘g‘ri o‘zanda davom ettirishga asos bo‘ladi. Fanni o‘qitishda o‘qituvchilarning o‘quvchilarni fan va texnika olamida ro‘y berayotgan eng oxirgi yangiliklar bilan tanishtirishga e’tibor qaratishi avgust kengashlarining sho‘ba yig‘ilishlarida asosiy masala sifatida ko‘rib chiqilishi zarur.
Ta’kidlash joizki, umumta’lim maktablarini zamonaviy kompyuter, elektron darslik, qo‘llanma va dars ishlanmalari bilan ta’minlash hamda ulardan samarali foydalanish va jarayonga oqilona joriy etishni yo‘lga qo‘yishimiz zarur. Buning uchun o‘qituvchilar, mutaxassislar AKTdan foydalanishni mukammal bilishlari va o‘quvchilarni AKT imkoniyati bilan yaqindan tanishtirishlari kerak.
Informatika o‘qituvchilari tugallangan o‘quv yilida duch kelgan muammolarni tahlil etib, ularni hal etish choralarini muhokama qilishi uchun sho‘balarda faol muhit yaratish muhim. Informatika fanining istiqboli va rivojlanishi bilan bog‘liq yangiliklarni yetkazish bilan bir qatorda o‘qitish talablarini mazmunan hamda shaklan o‘zgartirishda o‘qituvchidan ijodkorlik talab etiladi.
Masalan, 5-sinfda “Grafik muharriri yordamida rasmlarni qayta ishlash” mavzusini o‘tish jarayonida turli rasmlar (shu jumladan, shaffof fonli rasmlar) jamlamasini avvaldan tayyorlab, o‘quvchilar kompyuterlariga joylab qo‘yish darsning samaraliroq o‘tishiga asos bo‘ladi. 6-sinfda “Word dasturida formulalar yozish” mavzusini o‘tishda tarqatma materiallar sifatida radikallar, integrallar, matritsalar, mantiqiy amal belgilari kabilar ishtirok etgan murakkab formulalardan foydalaniladi. Bu esa yuqori sinflarda yoki ta’limning keyingi bosqichlarida zarur bo‘ladigan AKTga doir kompetensiyalarning shakllanishiga zamin bo‘ladi. 7-sinfda “Elektron pochta” mavzusi o‘tilganda o‘quvchi internetning asosiy xizmatlaridan biri bilan tanishadi. Masalan, axborotni elektron vositalar orqali uzatish, axborot xavfsizligini ta’minlash, elektron pochta bilan ishlash, bunda huquqiy va axloqiy me’yorlarni, mualliflik huquqlarini bilish, erkin foydalaniladigan va tijorat dasturlari, dasturlar litsenziyalarini farqlash tushunchalarini o‘quvchilar o‘rganadi. Ularning tushunchalari aniq va to‘laqonli bo‘lishi uchun avvaldan pochta serveridan pochta qutisi tayyorlab qo‘yilishi zarur. Natijada o‘quvchilar “jonli tarzda” bir-biriga xabar jo‘natish, kelgan axborotni o‘qish, xabarga fayl biriktirib jo‘natish imkoniga ega bo‘ladi. Bu esa dars davomida olgan bilim, ko‘nikma va malakalarni amaliyotda qo‘llay olish qobiliyatini shakllantiradi.
Avgust kengashlari sho‘ba yig‘ilishlari bahs-munozara, seminar-trening tarzida o‘tkazilib, unda informatika darslarini zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda tashkil etish, amaldagi 5—9-sinf “Informatika” darsliklarining yutuq va kamchiliklari, o‘quvchilarni fanga qiziqtirish usullarini o‘rtaga tashlash samarali bo‘ladi. Informatika ta’limidagi muammolar va ularning yechimlari, 2014-2015-o‘quv yilida o‘tkazilgan ta’lim sifati monitoringi natijalari, 8-sinflarda o‘tkazilgan bilimlar bellashuvi, 9-sinflarda tashkil etilgan olimpiada natijalarini tahlil etish muhimdir. O‘zlashtirilishi qiyin mavzular va olimpiada masalalarini yechishda yo‘l qo‘yilgan xatoliklarni muhokama qilish tavsiya etiladi.
Elektron axborot resurslaridan foydalanishga oid mashg‘ulotlarni o‘tkazish orqali o‘quvchilarda nazariy bilimlarini amaliyotda qo‘llash malakasini hosil qilish yo‘llarini yosh o‘qituvchilarga mahorat darslari tarzida yetkazishi zarur. Masalan, Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tashkil etilgan “Eng yaxshi elektron axborot ta’lim resurslari- 2015” ko‘rik-tanlovining mohiyatini, ishtirokchi o‘quvchi va o‘qituvchilarning yutuqlari bilan tanishtirish lozim. O‘quvchi-yoshlarda axborotdan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish masalalariga bag‘ishlangan “Globallashuv sharoitida yoshlarning media- savodxonligini oshirish” respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi haqida ma’lumot berish bilan birga, ommaviy axborot vositalari orqali va www. eduportal.uz, www.uzedu.uz, www. rtm.uz manbalarida bu bo‘yicha materiallar mavjudligini namoyish etish, Respublika ta’lim markazi sayti- (www.rtm.uz)da o‘tgan o‘quv yili davomida informatika fanidan o‘quvchilarning bilim samaradorligini oshirishga qaratilgan qo‘shimcha metodik materiallar berib kelinayotganini ta’kidlash maqsadga muvofiqdir.
Shuningdek, maktablarda tashkil etilgan “Dasturlash” to‘garaklarida o‘quvchilarning imkoniyatini hisobga olgan holda topshiriq berish zarur. O‘quvchilar e’tiboriga havola etiladigan chiziqli, tarmoqlanuvchi va takrorlanuvchi tarkibli sodda masalalar “Dasturlash” to‘garagi a’zolarining algoritmik fikrlashi rivojlanishiga yordam berish o‘rniga bir qolipga tushib qolishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shu sababli to‘garakdagi o‘quvchilar imkoniyatini hisobga olgan holda vazifalarning 10 foizini algoritmlashda qiziqarli va nisbatan murakkabroq hisoblangan masalalar bilan boyitish maqsadga muvofiq. Bu o‘quvchilarga algoritmlashning keyingi bosqichi uchun yo‘l ochib beradi, ularni intilishga, fikrlashga undaydi.
O‘ylashga, masalani turli tomondan tahlil etishga majbur qiladigan algoritmlardan biri bu — tanlama algoritmidir . Bu algoritmni o‘rganishga yo‘naltirish uchun quyidagi sodda masalani qaraylik:
Mashq . Beshta elementli A={1; 2; 3; 4; 5} to‘plam berilgan. Shu to‘plam elemetlaridan yig‘indisi 7 ga teng bo‘lgan va elementlari o‘sish tartibida joylashgan to‘plamlar sonini aniqlang.
Tahlil . Oddiy usulda yig‘indini hisoblash orqali quyidagilar aniqlanadi: 1+2+4=7; 2+5=7; 3+4=7. Bu esa vazifa shartiga mos 3 ta {1; 2; 4}, {2; 5} va {3; 4} to‘plam borligini ko‘rsatadi.
Masala yechishda binar tanlamadan foydalanish. Tanlama dasturini ko‘rib chiqib, uni biror masalaga tatbiq etganda massivni ekranga chiqarish qismi o‘zgartirilishi kerakligini tushunish mumkin. Binar tanlamani 1-mashqdagi to‘plamlarni aniqlashga qo‘llaymiz.
Buning uchun massivning har bir B[k] elementiga A to‘plamning A[k]=k elementini mos qo‘yamiz. Agar B[k]=1 bo‘lsa, u holda A[k] element tanlovda ishtirok etadi.
Y:=0; Y – A to‘plam elementlaridan tashkil etiladigan
If B[0]<1 then Begin yig‘indi uchun o‘zgaruvchi.
For k:=1 to 5 do Binar massiv elementlarini birma-bir qaraymiz va
If B[k]=1 Then Y:= Y+A[k]; agar massiv elementi tanlansa, uni yig‘indiga
If Y=7 then Son:=Son+1; qo‘shamiz.
Goto 1; End; Agar yig‘indi qiymati 7ga teng bo‘lsa, u holda
Writeln(Son); sanagichga 1 qo‘shamiz.
Izlanayotgan to‘plamlar sonini chop etamiz.
Qaralayotgan 1-mashqning yechimini beruvchi dasturning to‘liq matni quyidagicha:
Program Tanlama_1_mashq;
Label 1;
Var N, k: Byte; Y, Soni:Integer;
A, B: array[0..30] of Byte;
BEGIN Soni:=0;
For k:=1 to 5 do A[k]:=k; For k:=0 to 5 do B[k]:=0;
1: B[5]:=B[5]+1;
k:=5;
While B[k]=2 do Begin B[k]:=0; B[k–1]:=B[k–1]+1; k:=k–1; End;
Y:=0;
If B[0]<1 then Begin For k:=1 to 5 do If B[k]=1 Then Y:= Y+A[k];
If Y=7 then Soni:=Soni+1;
Goto 1; End;
Writeln(Soni);
END.
Yuqoridagi ma’lumotlarni o‘rganish bilan birga sho‘ba yig‘ilishlarida quyidagi mavzu va yo‘nalishlarda mashg‘ulotlar o‘tkazish taklif etiladi:
1) Informatika fani o‘qitilishidagi muammolar, ularning yechimi, ilg‘or pedagogik texnologiyalar yordamida darslarni tashkil qilish hamda fanga oid yangiliklarni mazmunan ochib beruvchi ochiq dars tashkil etish;
2) O‘quvchilarning mustaqil fikrlashiga yordam beruvchi qo‘shimcha mashg‘ulotlarni, masalalarni kompyuter orqali yechish mavzusida amaliy ish o‘tkazish;
3) Elektron axborot ta’lim resurslari, multimediali o‘quv filmlari, qo‘llanmalardan foydalanishga oid amaliy mashg‘ulot;
4) Informatika fan xonasini jihozlashga va ularni saqlashga e’tiborni qaratishga oid amaliy ko‘rgazma tashkil etish.
Shu bilan birga, sho‘ba yig‘ilishlarida “ZiyoNET” ta’lim tarmog‘ining milliy internet segmentidagi o‘rnini va yoshlarni tarbiyalashga qo‘shayotgan hissasini portalning “Kutubxona” bo‘limida shakllangan darsliklar, o‘quv va uslubiy qo‘llanmalar, ma’ruza matnlari, mustaqil ishlar kabi ta’limiy resurslar misolida ko‘rsatish lozim. Bunday imkoniyatdan to‘g‘ri foydalanish va axborot xavfsizligiga rioya etishga doir tavsiyalar ishlab chiqish hamda o‘quvchilarni internet tizimidan foydalanishga yo‘naltiruvchi ko‘rsatmalarni aniq tashkil etish kerak. Natijada o‘qituvchilar yangi o‘quv yilida o‘quvchilarda axborot madaniyatini shakllantirishni faoliyatidagi asosiy maqsad etib belgilaydi.
Xorijiy (ingliz, nemis, fransuz) tillar tc " Xorijiy
(ingliz, nemis, fransuz) tillar"
Zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, o‘qitishning ilg‘or usullaridan foydalanib yosh avlodga chet tillarni o‘rgatish, bir nechta tilda erkin muloqot qila oladigan mutaxassislarni tayyorlash ularning jahon sivilizatsiyasi yutuqlaridan keng ko‘lamda foydalanishi, ulkan intellektual boylikni egallashi uchun imkoniyat yaratadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 10-dekabrdagi “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida ulkan ishlar amalga oshirildi. Xorijiy (ingliz, nemis, fransuz) tillar bo‘yicha o‘qituvchilarning sho‘ba yig‘ilishlari muhokamasiga qo‘yiladigan masalalar ham ushbu qaror mazmun-mohiyatidan kelib chiqqan holda belgilanib, ta’lim xodimlarini yangi o‘quv yili oldidan boy, puxta bilim, ma’lumot va tavsiyalar bilan ta’minlashi zarur.
Bu qaror asosida 1–2-sinf chet tili darsliklarining mantiqiy davomi sifatida 3-sinf o‘quvchilari uchun chet tillardan davlat ta’lim standarti va o‘quv dasturi asosida darslik-majmualar (darslik, o‘qituvchi kitobi, mashq daftari va multimedia ilovalari) ishlab chiqildi. Darslik-majmua quyi sinflarda olingan bilimlarni mustahkamlash bilan birga chet tilida nutq faoliyati turlarini chuqurroq o‘rgatishga mo‘ljallangan. 3-sinf darslik- majmualari o‘quvchilarning psixo-fiziologik xususiyatlarini hisobga olib, interfaol metodlar asosida qiziqarli va ijodiy o‘yinlar, guruhlar va yakka holda bajaralishi kerak bo‘lgan topshiriqlar bilan boyitilganini aytib o‘tish joiz.
Jumladan, “Kids’ English 3” darslik- majmuasida “Project” qismi joriy qilindi. Bu orqali o‘quvchilar ingliz tilini o‘rganish bilan birga ijodiy qobiliyatini ham rivojlantirib boradi. Har bir “Unit”dan keyin “Revision” berilgan, bu yangi so‘zlarni mustahkamlash uchun juda foydali. “My family is big” mavzusida 6-7 ta topshiriq berilgani ham grammatik qoidalarni o‘zlashtirish, og‘zaki va yozma nutq faoliyatini rivojlantirishga xizmat qiladi. Uy vazifasi uchun berilgan topshiriqlar ham o‘quvchilarning mustaqil yoki ota-onalar yordamida bajarishi uchun oson va qulay. Bundan tashqari, o‘quvchilarning mashq daftari ham juda qiziqarli, rangli rasmlar bilan boyitilgan, yozuv malakalarini rivojlantirishga katta yordam beradi.
1-sinflar uchun chet (ingliz, nemis, fransuz) tili darslik-majmualari ekspertlar ishtirokida qayta ko‘rib chiqildi, kamchiliklar bartaraf etildi, qayta ishlandi va chop etildi. Ingliz tilidan 1-sinf o‘quvchi darsligi va o‘qituvchi uchun metodika kitobining bir-biriga mutanosibligini ta’minlash, mutaxassis va amaliyotchilar takliflari asosida yanada mukammallashtirish maqsadida qayta chop etildi. 5-sinf chet tili darsliklari ekspertlar ishtirokida qayta ko‘rib chiqildi, kamchiliklar bartaraf etildi, qayta ishlandi, mualliflar tomonidan takomillashtirilib, nashr etildi.
Chet tili o‘qitilishini jadallashtirish, intensiv usullarni yo‘lga qo‘yish maqsadida yangi DTS va o‘quv dasturi asosida 7-sinf o‘qituvchilari uchun metodik qo‘llanma va audiomateriallar sodda va tushunarli tarzda yaratildi. O‘qituvchi uchun metodik qo‘llanmada dars ishlanmalari, mashqlarni bajarishga oid uslubiy tavsiyalar batafsil berilgan. Iboralarni tushuntirish uchun glossariy va yaxshi o‘zlashtiruvchilar uchun qo‘shimcha materiallar, o‘quv yili va chorak davomida o‘quvchilarning bilimini tekshirish uchun topshiriqlar ham berilgan. Shuningdek, o‘qituvchi kitobiga tinglab tushunish malakalarini rivojlantirishga mo‘ljallangan audiodisklar ilova qilingan.
Tizimdagi yangiliklardan yana biri — bu yil 5-sinfga qadam qo‘ygan o‘quvchilar uchun tayyorlov kursi sifatida “Ingliz tilidan 4-sinflar uchun to‘garak mashg‘ulotlari” (S.Xan, L.Jo‘rayev) nomli 68 soatga mo‘ljallangan metodik qo‘llanma ishlab chiqilganidir. Qo‘llanma bilan ishlash uchun o‘qituvchilar o‘quv dasturi talablarini teran anglashi, mavzular mazmun-mohiyatiga ko‘ra mashg‘ulotlarni rejalashtirishi, materiallar yuzasidan o‘quvchini mustaqil ravishda til o‘rganishga qiziqtirish mahoratiga ega bo‘lishi talab etiladi. Sinfdan tashqari tashkil etiladigan “Yosh tarjimon”, “Til bilgan — el bilar” kabi to‘garak mashg‘ulotlarining muntazam o‘tkazilishi o‘quvchilarning til o‘rganishga qiziqishini oshirish bilan birga mustaqil til o‘rganish, jozibali so‘zlash qobiliyatlarini o‘stiradi.
Sho‘ba yig‘ilishlarida to‘garak mashg‘ulotlarini samarali tashkil etish yuzasidan tajriba almashish rejalarning puxta belgilanishiga yordam beradi. Shuningdek, yakuniy va bosqichli attestatsiya, fan olimpiadalari, bilimlar bellashuvining barcha bosqichi natijalarini o‘rganish, to‘rtinchi bosqich g‘oliblarining yutuqli tomonlari, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni tahlil etish yangi o‘quv yilini aniq maqsadlar bilan boshlashga asos bo‘ladi. “Ingliz tili bilimdonlari” intellektual musobaqasi g‘oliblarining yutuqlari va kamchiliklari, “Yilning eng yaxshi chet tili o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovi natijalari yuzasidan muhokamalar uyushtirilishi, kamchiliklardan xulosalar chiqarish va kelgusi rejalar belgilanishi lozim.
O‘qituvchi va o‘quvchilar
www.uzedu.uz, www.ziyonet.uz, www.rtm.uz kabi saytlardan samarali foydalanishi maqsadga muvofiq.
Xorijiy (ingliz, fransuz, nemis) tillar bo‘yicha sho‘ba yig‘ilishlarida quyidagi mavzular bo‘yicha bahs-munozara, davra suhbati, seminar-treninglar o‘tkazish tavsiya etiladi:
1) Chet tilini o‘qitishdagi muammolar va ularni bartaraf etish yo‘llari;
2) Chet tili darslarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish;
3) Iqtidorli bolalar bilan ishlashni tashkillashtirish: tajriba, muammolar va istiqbollar;
4) Sinfdan tashqari to‘garak mashg‘ulotlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
5) Chet (ingliz, nemis, fransuz) tili o‘qituvchisining kasbiy mahoratini oshirish yo‘llari;
6) Chet (ingliz, nemis, fransuz) tili bo‘yicha yaratilgan multimedia ilova hamda audiodisk, internetdan dars jarayonida foydalanish;
7) Chet (ingliz, nemis, fransuz) tili darslarini kuzatish va tahlil qilishning o‘ziga xos xususiyatlari.
Avgust kengashlarining sho‘ba yig‘ilishlari amaliyotchi va metodistlar uchun asosiy metodik yordam va yo‘llanma berishini hisobga olib, yig‘ilishlarni imkon darajasida noan’anaviy usullarda, o‘qituvchi va amaliyotchilarning har jihatdan mahoratini oshiradigan tarzda o‘tkazish maqsadga muvofiqdir.
Respublika ta’lim markazi