Mehnat ta’limi
Mehnat ta’limi fani o‘qituvchisi o‘quvchining politexnik dunyoqarashini shakllantirishi, materiallarni qayta ishlashning yangi zamonaviy texnika va texnologiyalari to‘g‘risida tasavvur uyg‘otishi, kasb-hunarlar haqida ma’lumot berishi, kasb tanlashga, ilk maktab yoshidan mehnatga ijodiy yondashishga, mustaqil ishlashga, tejamkorlikka o‘rgatishi hamda estetik madaniyatini rivojlantirishi lozim. Fanni o‘qish orqali o‘quvchilar kundalik hayotida zarur bo‘ladigan uy-ro‘zg‘or ishlarini texnologiya asosida bajarishni o‘rganadi, qobiliyati va qiziqishiga mos kasb-hunar tanlaydi, oila budjetiga hissa qo‘shadi, bo‘sh vaqtidan unumli foydalanadi, o‘zgalar mehnatini qadrlashga hamda o‘z mehnatidan zavqlanishga odatlanadi, ustoz-shogird an’analari ahamiyatini, milliy urf-odatlar, qadriyatlarni qadrlashni, hunarli kishining rizqi butun bo‘lishini tushunib yetadi.
Mehnat ta’limi mashg‘ulotlari samaradorligini oshirish uchun o‘qituvchi darsga ijodiy izlanib tayyorgarlik ko‘rishi lozim. Har bir o‘qituvchi o‘z ustida ishlashi, ta’lim portallaridan turli buyumlarni tayyorlash texnologiyalarini o‘rganishi, dizayn loyihalaridan namunalar olgan holda ijodiy yondashib foydalanishi lozim. O‘qituvchi kasbiy kompetentliligini oshirishda mustaqil ta’limning o‘rni katta. Kasbiga doir kerakli ma’lumotlarni egallashi va muntazam ravishda ta’lim sohasidagi modernizatsiyalash jarayonlari bilan tanishib borishi hamda yangiliklarni dars jarayoniga tatbiq etishi o‘qituvchining kasbiy kompetensiyalarini rivojlantiradi.
Quyidagi pedagogik texnologiyalarni mehnat ta’limi darslarida qo‘llash yaxshi natija beradi:
- izohli — illustratsiya materiallaridan foydalanib dars jarayoni tashkil etiladi;
- reproduktiv — tafakkur faoliyatini rivojlantirishga yo‘naltirilgan ta’lim jarayoni;
- produktiv — bu metod unumli daraja deb ham ataladi. Bunda oldin egallagan bilimlar asosida o‘zlashtirilishi lozim bo‘lgan evristik faoliyat vujudga keladi;
- ijodiy daraja — bu faoliyat baholashga tegishli bo‘lib, o‘quvchi egallangan bilimlari asosida yangi axborot izlab topadi va ijod qiladi.
Bu dars usullari o‘quvchilarda kasbiy bilim, ko‘nikma va malakalarni rivojlantirib, kasbiy sifatlar hamda ma’naviy dunyoqarashni shakllantiradi. Darsda “Muloqot”, “Nazorat darsi”, “Suhbat”, “Viktorina”, “Ari uyasi”, “Texnik hujum”, “Oyda qolib ketmaylik”, “Taqdimot”, “Ijodkor kim”, “Bugungi ishni ertaga qo‘yma”, “O‘zing o‘yla, o‘zing top, o‘zing yasa”, “Eng boy o‘quvchi”, “Arra”, “Intellektual ring”, “Bilimlar qasriga sayohat”, “Mozaika”, “Domino”, “Zinama-zina”, “50x50”, “Zanjir” kabi metod, o‘yin va mashqlardan foydalanish samara beradi.
Masalan, “Yog‘och va boshqa materiallardan xalq hunarmandchiligi ish usullari asosida buyumlar tayyorlash” mavzusini o‘rgatishda darsning mustahkamlash qismida “O‘zing o‘yla, o‘zing top” o‘yin mashqidan foydalanilsa, “Intellektual ring” o‘yin mashqi va “Eng boy o‘quvchi” metodi orqali integratsiyalashgan jarayonni vujudga keltirib, ingliz tilida so‘zlashish muhitini paydo qilish mumkin. Yangi mavzu “Sapyor” o‘yini va “Nilufar guli” graforganayzer sxemasi asosida tayyorlangan tarqatma materiallar bo‘yicha mustahkamlanadi. Uyga vazifa qilib, mavzuga oid test savollari tuzib kelishni topshirish mumkin.
Mehnat ta’limi fani o‘qituvchisining kasbiy mahoratini va pedagogik salohiyatini oshirishda ilg‘or pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, darsliklarning yangi avlodi, videodarslar, videoroliklarning o‘rni katta. Murakkab mavzular bo‘yicha ijodkor o‘qituvchilar tomonidan 5–7-sinflar uchun videodarslar tayyorlanib, ta’lim portallariga joylashtirildi. Yangi o‘quv yilida o‘qituvchilar ulardan foydalanib mazmunli dars tashkil etishi mumkin.
Mehnat ta’limi fanidan 2015-2016-o‘quv yilida 1-, 4-, 5-sinf darsliklari 7 tilda ijara tizimida chop etilishi rejalashtirilgan. Ushbu darsliklarning yangi avlodi bugungi kun talabiga mos, mavzularga oid foto-illustratsiyalarga boy, takomillashtirilgan holda chop etilmoqda.
O‘quvchilarni darslikdan unumli foydalanishga o‘rgatish fan o‘qituvchisining vazifasidir. Bunda o‘qituvchi darslikdagi nazariy ma’lumotlar asosida amaliy mashg‘ulotni bajarish bosqichlarini namunali tashkil etsa, o‘quvchi darslikdan ko‘rib, o‘rganib, unga ijodiy yondashgan holda mustaqil ravishda darsda va darsdan tashqari vaqtlarda, uyda ham bajarishi mumkin. Bu jarayon o‘quvchini o‘z ustida ishlashga, izlanishga, mustaqillikka o‘rgatadi. Faqat 1-sinf darsligida berilgan topshiriqni bajarishda albatta o‘qituvchi, ota-ona, aka-opalarning yordami kerak bo‘ladi.
Mehnat ta’limi amaliy fan bo‘lgani sababli o‘quvchilar bilan nafaqat dars jarayonida, balki darsdan tashqari to‘garak mashg‘ulotlarida ham shug‘ullanish lozim. To‘garakka o‘quvchilarni jalb etish, mashg‘ulotlarni ularning qiziqishi va qobiliyatiga mos tashkil etish ta’lim samaradorligini oshiradi. To‘garak mashg‘ulotlari yillik taqvim rejasini maktabning ichki sharoiti, hududiy moslik, urf-odatlarga ko‘ra tuzish maqsadga muvofiqdir.
Fan metodbirlashmasining yillik ish rejasiga ham sifat va samaradorlikni oshirishga qaratilgan vazifalar, ichki nazorat, ochiq darslar va namunali tarbiyaviy soat, tadbirlar, ijodiy ko‘rgazmalar, tajriba almashish bo‘yicha ma’ruzalarni kiritish lozim.
Avgust kengashlarining sho‘ba yig‘ilishlarida yuqorida bildirilganlar hamda sho‘ba yig‘ilishi uchun tavsiya etilgan mavzular bo‘yicha muhokama uyushtirib, har bir o‘qituvchi yangi o‘quv yilida o‘z oldiga vazifalar belgilab olishi lozim.
Sho‘ba yig‘ilishlarida muhokama uchun quyidagi mavzular tavsiya etiladi:
1) Mehnat ta’limi o‘qituvchilarining kasbiy kompetentliligini oshirishda mustaqil ta’limning o‘rni;
2) Mehnat ta’limi darslarida o‘quvchilarning amaliy mashg‘ulotlarni bajarish texnikasini oshirishda mediaresurslardan foydalanish;
3) Murakkab mavzularni o‘zlashtirishda innovatsion texnologiyalar;
4) Amaliy mashg‘ulotlarni samarali tashkil etishda texnologik xaritalardan foydalanish;
5) Mehnat ta’limi fanidan to‘garak mashg‘ulotlarini tashkil etishning ilg‘or usullari;
6) Maktab o‘quvchilarini kasb-hunarga yo‘naltirishda individual olib boriladigan ishlarni tashkil etish;
7) Amaliy mashg‘ulotlarda o‘quvchilar egallagan bilim, ko‘nikma va malakalarni hayotga tatbiq etish yo‘llari;
8) Mehnat ta’limi darslarida o‘quvchilarning ijodkorlik qobiliyatini rivojlantirishda “Ustoz-shogird” an’analarining o‘rni;
9) 2015-2016-o‘quv yilida umumiy o‘rta ta’lim maktablarida foydalaniladigan “Mehnat ta’limi” darsligi bilan ishlashning qulay usullari;
10) Mehnat ta’limi fanini o‘qitishda madaniy merosimiz, milliy qadriyatlarimizning o‘rni;
11) O‘quvchilarni kasb tanlashga yo‘naltirishda maktab, ota-ona, mahalla, hududiy kasb-hunar kollejlarining hamkorligi;
12) Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining aqliy faoliyatini rivojlantirishda qo‘l mehnatidan unumli foydalanish;
13) Mehnat ta’limi darslarida o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirishda fanlararo bog‘liqlik;
14) Fan xonasidagi jihozlardan unumli foydalanish va saqlash usullari;
15) Mehnat ta’limi fanidan xalq hunarmandchiligi yo‘nalishlari bo‘yicha ko‘rgazmalar tashkil etishning o‘ziga xos xususiyatlari.
Respublika ta’lim markazi