An’anaviy avgust kеngashlari
Sho‘ba va yalpi yig‘ilishlarini tashkil etish hamda o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalar
Bugungi jadal tarraqqiyot davrida yosh аvlodga takomillashtirilgan o‘quv dasturlari asosida ta’lim-tarbiya berib, jamiyatda munosib o‘rnini topa oladigan kadrlarni tayyorlash dolzarb vazifadir. Shu bois mamlakatimizda ta’lim-tarbiya tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalari va multimedia materiallarini keng tatbiq etish, o‘quv dasturlari hamda ta’lim mazmunini yangilash, o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini oshirish, ilg‘or tajribalarni keng targ‘ib qilishga katta e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, 2015-yilning “Keksalarni e’zozlash yili” deb e’lon qilinishi munosabati bilan o‘qituvchilar zimmasiga milliy-ma’naviy qadriyatlarimizga uyg‘un ravishda keksalarga hurmat ko‘rsatish, mehr-oqibat kabi tushunchalarni dars mazmuniga singdirish orqali ma’nan barkamol avlodni tarbiyalashdek mas’uliyatli vazifa yuklangan. Keksalarimizning har bir so‘zi hikmat, bosib o‘tgan yo‘li saboqdir. Ularning o‘gitlari xonadonlarimiz obodligi, oilalar tinchligi va farovonligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.
Bundan tashqari, umumta’lim maktablarida xorijiy tillarni chuqur o‘rgatishga, chet tili o‘qituvchilarining malaka va mahoratini oshirishga, ilg‘or pedagogik texnologiya va tajribalarni keng targ‘ib etish, o‘quvchilarning hayotiy kompetensiyalarini shakllantirishga doir metodlarni ommalashtirishga alohida e’tibor qaratilayapti. 2014-2015-o‘quv yili davomida o‘qituvchilarning ehtiyojlaridan kelib chiqib masofaviy metodik xizmat ko‘rsatish maqsadida “Kimyo, biologiya, geografiya fanlarini o‘qitishda AKTdan foydalanish”, “Ijtimoiy fanlar(tarix, davlat va huquq asoslari, iqtisodiy bilim asoslari, milliy istiqlol g‘oyasi turkumiga kiruvchi fanlar)ni o‘qitish samaradorligini oshirish muammolari”, “Ona tili va adabiyot, o‘zbek tili fanlarini o‘qitishda o‘quvchilarning og‘zaki va yozma nutqini rivojlantirishning zamonaviy texnologiyalari”, “Biologiya, fizika, kimyo, informatika va mehnat ta’limi fanlarining o‘qitilish ahvoli hamda zamonaviy shart-sharoitlardan samarali foydalanish”, “Matematika va informatika, kimyo, biologiya fanlaridan ta’lim sifatini monitoring qilish jarayonida aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha onlayn dars mashg‘ulotlari” kabi mavzularda vidoseminarlar tashkil etildi.
Yurtimizning barcha hududlarida faoliyati yo‘lga qo‘yilgan “Mahorat maktablari” ham ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, o‘quv-tarbiya jarayonining zamonaviy talablar darajasida bo‘lishini ta’minlash, fan o‘qituvchilarining pedagogik mahoratini oshirish imkoniyatini yaratmoqda.
Bulardan asosiy maqsad ta’lim sifatini oshirish, o‘quvchilar bilimini boyitish, mustaqil bilim egallashini ta’minlash, bolalarga individual yondashib, eng yaxshi sifatlarini aniqlash va rivojlantirish, darslarni tashkil etishda bunga alohida e’tibor qaratishdan iboratdir.
Xalq ta’limi tizimiga tatbiq etilayotgan yangi loyiha, taklif va tavsiyalar sohada mehnat qilayotgan barcha o‘qituvchilarga yetib borsagina samaradorlik ortadi. Pedagog-xodimlarni tizimdagi yangiliklardan boxabar etish, o‘qitish sifatini yuksaltirish va mavjud muammolarni hal qilish masalalarini muhokama etish, hukumatimiz hamda Xalq ta’limi vazirligi tomonidan chiqarilgan qaror va buyruqlarning ijrosini ta’minlashga qaratilgan vazifalarni belgilab olishda xalq ta’limi xodimlarining yangi o‘quv yili oldidan o‘tkaziladigan an’anaviy avgust kengashlari yalpi va sho‘ba yig‘ilishlarining alohida o‘rni bor. Shu bois bu yil ham avgust kengashlarini ko‘tarinki ruhda tashkil qilish va samarali o‘tkazish barcha mas’ul mutasaddilar, o‘qituvchi-pedagoglarning diqqat markazida bo‘lishi zarur.
Avvalo, anjumanlarni o‘tkazishga mas’ul bo‘lgan mutaxassislar “Bugungi kun o‘qituvchisi o‘z malakasi, kasbiy mahorati, tayyorgarlik darajasi bilan zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishga tayyormi?”, “Ta’lim sifatini oshirishda o‘qituvchilarga yana qanday metodik yordam ko‘rsatish zarur?” kabi savollarni o‘ziga bergan holda o‘tgan o‘quv yili yakunlarini sarhisob qilishi, 2015-2016-o‘quv yiliga o‘qituvchilarning tayyorgarligiga doir vazifalarni belgilab, yo’l-yo‘riq va maslahatlar berishi lozim.
Avgust kengashlarining sho‘ba yig‘ilishlari har bir pedagogni o‘z faoliyatiga chuqur nazar solishga undaydigan, yangi marralar sari yetaklaydigan tadbir bo‘lgani bois yig‘ilishlarni tashkil etishda tuman (shahar) xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limlari quyidagilarga e’tibor qaratishi lozim.
Tashkiliy ishlar
1) Tuman (shahar) miqyosida har bir fan sho‘ba yig‘ilishlarini o‘tkazish uchun zamonaviy o‘quv-laboratoriya jihozlari, salohiyatli pedagog kadrlar bilan ta’minlangan tayanch umumiy o‘rta ta’lim maktabini tanlash;
2) Tayanch umumiy o‘rta ta’lim maktablarida tumanda amalga oshirilgan ta’limga oid ijodiy ishlardan ko‘rgazmali videolavhalar, har bir umumta’lim maktabining o‘quv yili yakunidagi ko‘rsatkichlari aks ettirilgan ko‘rgazmalar tashkil etish;
3) Fan sho‘ba yig‘ilishlariga barcha o‘qituvchilarni to‘liq qamrab olishga erishish, o‘qituvchilar sonini guruhlarda 25 nafar etib belgilash va ularni o‘qitish uchun tayyorlanadigan trener o‘qituvchilarni sho‘balar sonidan kelib chiqqan holda belgilash hamda trenerlar tayyorlash uchun ularning ro‘yxatini shakllantirish;
4) Uzviylik va uzluksizlikni ta’minlash maqsadida yig‘ilishlarga o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘qituvchilarini ham taklif etish;
5) Yalpi va sho‘ba yig‘ilishlarida tuman ichki ishlar idoralari, moliya muassasalari hamda huquq-tartibot organlari xodimlari, soha mutaxassislari, yozuvchilar, san’atkorlar va mahalliy hokimlik vakillari ishtirokini ta’minlash maqsadida avgust kengashining yalpi va sho‘ba yig‘ilishlarini oldindan tasdiqlangan qat’iy jadval asosida o‘tkazish;
6) Maktab rahbarlari (direktor, direktor o‘rinbosarlari), kutubxonachi, maktabdan tashqari va maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlari uchun ham sho‘balarni tashkil etish;
7) Tumandagi sho‘ba yig‘ilishlarida o‘qituvchilar tomonidan kiritilgan taklif va tavsiyalarni umumlashtirgan holda yalpi yig‘ilishni o‘tkazish lozim.
Demak, bu yilgi avgust kengashlarini quyidagi bosqichlarda o‘tkazish tavsiya etiladi:
1-bosqichda avgust kengashlariga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish yuzasidan respublika o‘quv-seminari tashkil etilib, viloyat o‘quv-seminari uchun trenerlar tayyorlanadi.
2-bosqichda tuman sho‘ba yig‘ilishlari uchun trenerlar tayyorlanadi.
3-bosqichda tumanlarda fanlar bo‘yicha sho‘ba yig‘ilishlari o‘tkaziladi.
4-bosqichda esa tumanlarda yalpi yig‘ilishlar tashkil etiladi. Ularda sho‘balarda muhokama qilingan masalalar yuzasidan qabul qilingan qarorlar umumlashtirilib, o‘qituvchilarning yangi o‘quv yilida amalga oshiradigan vazifalari aniq belgilab berilishi kerak.
5-bosqichda ta’lim muassasalarida pedagogik kengash o‘tkaziladi. Umumta’lim maktablarining avgust kengashlarida tuman yalpi yig‘ilishida qabul qilingan qarorlar ijrosi bo‘yicha fikr yuritilib, o‘qituvchilarga yo‘l-yo‘riqlar beriladi.
Sho‘ba yig‘ilishlarini o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalar
— 2014-2015-o‘quv yilida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda erishilgan yutuqlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar hamda davlat ta’lim standartlarida belgilangan talablarning o‘quvchilar tomonidan bajarilishini tahlil qilib, ta’lim sifatiga ta’sir ko‘rsatuvchi omillar haqida sho‘ba ishtirokchilari hamda tuman o‘qituvchilariga ma’lumot berish, ular kelgusi o‘quv yilida amalga oshirishi zarur bo‘lgan vazifalarni belgilab berish;
— ta’lim jarayoniga tatbiq etiladigan o‘quv reja, o‘quv dasturi va darsliklardagi o‘zgarishlarni pedagog-xodimlarga yetkazish;
— o‘qituvchilarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, elektron ta’lim resurslari va multimedia taqdimotlari, ilg‘or pedagogik texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha bilimlarini kengaytirishga oid tavsiyalar berish;
— fanlar bo‘yicha monitoring, olimpiada va bilimlar bellashuvi natijalari tahlil qilinganda o‘quvchilar nisbatan past o‘zlashtirgani aniqlangan mavzular yuzasidan ijodkor o‘qituvchilar va «Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi» ko‘rik-tanlovi g‘oliblari ishtirokida “Mahorat darslari”ni tashkil etish;
— Xalq ta’limi vazirligining www.eduportal.uz axborot-ta’lim portali, rasmiy veb-sayti www.uzedu.uz va www.ziyonet.uz, Respublika ta’lim markazining www.rtm.uz va Multimedia umumta’lim dasturlarini rivojlantirish markazining www.multimedia.uz saytlari va boshqa manbalardagi metodik materiallar (videodars, DTS, o‘quv dasturlari, dars ishlanmalari, tavsiyalar, darslikdagi multimedia ilovalar) bilan tanishtirish va ulardan foydalanish yo‘llarini o‘rgatish;
— har bir o‘quvchining ehtiyoji, qiziqishi, iqtidori va imkoniyatiga yarasha o‘quv topshiriqlarini tayyorlash usullarini o‘rgatish;
— Xalq ta’limi vazirligi tomonidan taqdim etilgan “Dars — muqaddas”, “Ustoz–shogird”, “O‘rgan–o‘rgat”, “Sog‘lom muhit — sog‘lom jamoa”, “Yaxshi muallim — sifatli ta’lim” tavsiyalaridan unumli foydalangan holda o‘z ish faoliyatini tashkil etish ko‘nikmalarini shakllantirish yuzasidan ko‘rsatmalar berish;
— o‘quvchilarning DTS talablarini o‘zlashtirish sifatini oshirish uchun murakkab mavzularni o‘qitish bo‘yicha bahs-munozara, fikr almashishni tashkil etish;
— “Mustaqillik darslari”ni “Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturining mazmun-mohiyatidan kelib chiqqan holda ko‘tarinki ruhda o‘tkazish, darslarda millatimizning qadr-qimmati, or-nomusi, erki, e’tiqodi, ma’naviyatimiz, inson kamoli, ogohlik haqida so‘z yuritish, o‘quvchilar qalbiga tariximiz, muqaddas qadriyatlarimiz, bobo va buvilarimizga hurmat tushunchalarini singdirish bo‘yicha tavsiyalar berish;
— mashg‘ulotlar paytida darsliklarning multimedia ilovalari, axborot-kommunikatsiya va pedagogik texnologiyalarni qo‘llashga oid ochiq darslar o‘tkazish;
— ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasalarining o‘quv reja va dasturlarini, o‘quv qo‘llanmalarni jarayonga tatbiq etishga oid yo‘riqnoma berish;
— o‘quvchilarning darsdan bo‘sh vaqtlarida to‘garaklar tashkil etish, ularning mashg‘ulot rejasini tuzish, samarali o‘tkazish usullari haqida fikr almashuvni tashkil etish;
— boshlang‘ich sinflarda pedagog faoliyati samaradorligini oshirishda o‘qituvchilar uchun yaratilgan o‘quv qo‘llanma va multimedia materiallaridan o‘rinli foydalanish usullarini ko‘rsatib berish;
— sho‘ba yig‘ilishlari ishtirokchilariga ilg‘or o‘qituvchilarning tuman, viloyat va respublika miqyosida ommalashtirilgan ish tajribalarini targ‘ibot qiluvchi tavsiyalarni ko‘paytirish va tarqatish ishlarini yo‘lga qo‘yish, ular faoliyatiga oid lavhalarni tayyorlab ko‘rsatish;
— imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internat o‘quvchilariga ta’lim-tarbiya berish jarayonida mavjud nuqsonlarni korreksiyalash, bartaraf etishda pedagog va tarbiyachilar asosiy e’tiborni nimalarga qaratishi zarurligi, umumiy o‘rta ta’lim maktablari DTS va optimallashtirilgan o‘quv dasturiga moslashtirilgan o‘quv dasturlari va darsliklarni o‘quv jarayoniga tatbiq etish haqida fikr almashish;
— jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalarni davolash — sog‘lomlashtirish ishlarini amalga oshirish, inkluziv ta’limga yo‘naltirish,
integratsiyalashuviga ko‘maklashishda foydalaniladigan omillar bo‘yicha davra suhbatlarini tashkil etish va kelgusida amalga oshiriladigan ishlarni maslahatlashib olishga imkon yaratish lozim.
Tuman (shahar) xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limi mudirlari an’anaviy avgust kengashlarini o‘tkazishga mas’uliyat bilan yondashgan holda ishchi guruhning hisobotlarini muntazam eshitib borsa, ta’lim sifatini yuksaltirishda foydadan xoli bo‘lmaydi.
Yalpi yig‘ilishlarni o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalar
Avgust kengashlarining yalpi yig‘ilishlarini madaniyat saroylari, ochiq amfiteatrlar, istirohat bog‘lari yoki namunali maktablarda o‘tkazish tavsiya etiladi. Yalpi yig‘ilishlarga tuman (shahar) hokimligining mas’ul xodimlari, hokimlik tarkibidagi tuzilmalarning rahbarlari, joylarda faoliyat ko‘rsatayotgan turli davlat va nodavlat tashkilotlar, jamg‘armalar hamda homiy tashkilot vakillari, xalq ta’limi sohasida uzoq yillar samarali mehnat qilib, hozirgi kunda nafaqada bo‘lgan ustoz-muallimlar va «Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi» ko‘rik-tanlovi g‘oliblari, yosh o‘qituvchilar taklif etiladi. Ayniqsa, mahalliy hokimlik mutasaddilari, “Mahalla” xayriya jamoat fondi va “Kamolot” YIH hududiy bo‘limi vakillarining taklif etilishi ta’lim dargohlarida yo‘l qo‘yilayotgan muammo va kamchiliklarni bartaraf etishda o‘zaro hamkorlik o‘rnatishga zamin yaratadi.
Kengaytirilgan yig‘ilishda tuman (shahar) XTMFMTTE bo‘limi mudiri ta’lim-tarbiya jarayonini takomillashtirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar, hozirgi kundagi muammolarning yechimlari bo‘yicha videolavhalar asosida hisobot beradi. Hisobotda yutuq va kamchiliklarning kelib chiqish omillari, kelgusidagi vazifalar aniq bayon etilishi lozim. So‘ngra taklif etilganlar va sho‘ba raislari qabul qilingan taklif va belgilab olingan vazifalar yuzasidan fikr bildiradi.
Tadbir doirasida yosh o‘qituvchilar qasamyodi, ularni o‘qituvchilar safiga qabul qilish, fidoyi xalq ta’limi xodimlarini taqdirlash, yozuvchi, san’atkorlar va boshqa taklif etilgan mehmonlarning chiqishlari tashkil etiladi.
Yig‘ilish so‘ngida xalq ta’limi xodimlari va pedagoglar tomonidan 2015-2016-o‘quv yilida bajaradigan ishlar yuzasidan murojaatnoma qabul qilinadi.
Pedagogik kengashlarni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalar
2015—2016-o‘quv yili oldidan umumiy o‘rta ta’lim maktablarida tashkil etiladigan pedagogik kengashlarni 1-sentabrga qadar o‘tkazish tavsiya etiladi. Pedagogik kengashga tayyorgarlik ishlari quyidagi tartibda olib boriladi:
Kengash yig‘ilishidan 10 kun oldin o‘qituvchilar soniga qarab uchta guruh va har bir guruhda bir nechta fokus (toraytirilgan) guruhlar tuziladi. Har bir guruhga alohida topshiriq beriladi. Bu topshiriqlar fokus guruhlarida muhokama qilinib, takliflar tayyorlanadi. Birinchi guruhga “Maktabimizning samarali faoliyat ko‘rsatishiga to‘sqinlik qilayotgan omillar va ularni bartaraf etish yo‘llari”, ikkinchi guruhga “Ta’lim sifatini oshirishda o‘qituvchilarda uchrab turgan kamchiliklar va ularni bartaraf etish yo‘llari”, uchinchi guruhga “O‘quvchilarning darslarga qiziqishini oshirish, mustaqil ta’lim olishini tashkil etish uchun o‘qituvchilar qanday ishlarni amalga oshirishi lozim?” mavzularida topshiriqlar beriladi.
Pedagogik kengash yig‘ilishida maktab direktori o‘qituvchilarning hisobotlari asosida metodbirlashma rahbari tomonidan tayyorlangan yakuniy ma’lumot, sinflar kesimida tayyorlangan monitoring natijalari asosida har bir o‘qituvchi faoliyatiga baho berib, hisobot tarzida chiqish qiladi. Bu ta’lim-tarbiyani sifatli tashkil etish, o‘qituvchilar oldidagi vazifalarni aniq belgilab berishga asos bo‘ladi. Fokus guruhlar esa berilgan topshiriqlar bo‘yicha o‘z takliflarini bayon qiladi.
Yakunda takliflar umumlashtirilib, 2015-2016-o‘quv yilida amalga oshiriladigan vazifalar belgilab olinadi.
An’anaviy avgust kengashlarini o‘tkazishga oid mazkur tavsiyalarga ijodiy yondashgan holda o‘qituvchilarning ehtiyojlari asosida qo‘shimchalar kiritish va yig‘ilishlar ta’sirchanligini oshirish maqsadga muvofiqdir.
Respublika ta’lim markazi