O‘qituvchilar uchastka saylov komissiyalari a’zoligiga qanday jalb qilinadi?
Bu yil O‘zbekiston ahli muhim siyosiy voqelik – Prezident saylovi arafasida turibmiz. O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasida nazarda tutilgan siyosiy jarayon ‒ 2021 yil 24 oktyabr kuni o‘tkaziladigan davlat rahbari saylovi har birimizning taqdirimizga bevosita bog‘liq voqelik hisoblanadi.
O‘zbek xalqi Prezident timsolida o‘z yo‘lboshchisi, davlatning ichki va tashqi siyosatidagi eng muhim masalalarni hal qiluvchi, xalqimiz va yurtimizning xavfsizligi va tinchligini ta’minlovchi liderni ko‘radi.
Bu jarayonda saylov qonunchiligi talablarini so‘zsiz, aniq va bir xilda ijro etilishini ta’minlashda uchastka saylov komissiyasi a’zolari zimmasiga yuksak mas’uliyat yuklaydi. O‘z navbatida uchastka saylov komissiyalari o‘z vakolatlarini qonunga qat’iy rioya qilgan holda og‘ishmay o‘z vaqtida va aniq bajarishi saylov kampaniyasining muvaffaqiyatli o‘tkazilishi bilan chambarchars bog‘liqdir.
Qayd etib o‘tish lozimki, saylov komissiyasi faoliyatiga mas’ullarni jalb qilish ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchilar tomonidan keng muhokama qilindi. Ayrim foydalanuvchilar tomonidan “O‘qituvchilar uchastka saylov komissiyasi faoliyatiga majburan jalb qilinmoqda”, “Uchastka saylov komissiyasi a’zolari mehnatiga haq to‘lash paysalga solinadi” mazmunidagi fikrlar bildirilgan. Yurtimizdagi Prezidentlik saylov kampaniyasiga fuqarolarning shaxsiy pozisiyasini bildirish amaliyoti ochiqlik siyosatini ko‘rsatib turibdi.
Bu borada, quyidagi muhim jihatlar saylov jarayoniga jalb qilingan, ayniqsa, uchastka saylov komissiyasi a’zolari mehnatiga haq to‘lash, xarajatlarning o‘rnini qoplash to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganini yaqqol ko‘rsatib turibdi.
Birinchidan, saylovlarga puxta tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazishni oqilona moliyalashtirish maqsadida saylov jarayonini moliyalashtirish tartibiga o‘zgartirish kiritilib, saylov komissiyalarining xarajatlar smetalari Saylov o‘tkaziladigan yilning birinchi choragida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tuzilishi belgilandi. Bu esa o‘z o‘rnida, saylovni moliyalashtirish bilan bog‘liq tayyorgarlik jarayonini yengillashtirishga xizmat qildi.
Ikkinchidan, uchastka saylov komissiyalari a’zosiga yuklatilgan vakolatlarning keng ko‘lamligi va mas’uliyatliligidan kelib chiqib, ularga muayyan talablar belgilangan. Ya’ni, hamma ham uchastka saylov komissiyalari a’zosi bo‘lavermaydi. Xususan, komissiya a’zoligiga nomzodlar yigirma bir yoshga to‘lgan bo‘lishi, o‘rta yoki oliy ma’lumotga egaligi, qoida tariqasida, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish borasida ish tajribasiga egaligi va eng asosiysi aholi o‘rtasida obro‘-e’tibor qozongan fuqarolar bo‘lishi muhim hisoblanadi.
Uchinchidan, Saylov kodeksining 25-moddasiga muvofiq, uchastka saylov komissiyasi a’zolariga qo‘yiladigan talablardan yana biri sifatida uchastka saylov komissiyasi a’zolarining yarmidan ko‘pi bitta tashkilotdan tavsiya etilishi mumkin emasligini aytish mumkin.
Ya’ni, uchastka saylov komissiyasi a’zolarini shakllantirishda komissiya a’zoligiga nomzodlar tarkibiga nodavlat notijorat tashkilotlari, yoshlar, xotin-qizlar, nuroniylar vakillari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillari, huquqiy bilim va malakaga ega shaxslar, ya’ni yuriskonsultlar, advokatlarni, xorijiy tillarni biladigan mutaxassislarni ham kiritish tavsiya etiladi.
To‘rtinchidan, uchastka saylov komissiyalari a’zolarining mehnatiga haq to‘lash saylovni o‘tkazish uchun ajratilgan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi. Bunda saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davrida saylov komissiyasi a’zolariga O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksida nazarda tutilgan kafolatlar qo‘llaniladi. Ya’ni, xodimga saylov o‘tkazish uchun ajratiladigan mablag‘lar hisobidan o‘rtacha oylik ish haqi to‘lanadi.
Beshinchidan, uchastka saylov komissiyalarining a’zolariga harajatlar smetasida ko‘rsatilgan miqdorda transport, ovqatlanish xarajatlarining va boshqa xarajatlarning o‘rnini qoplash maqsadida kompensasiya to‘lanishi alohida belgilangan. Bu o‘z o‘rnida, ushbu shaxslarning saylov jarayonida o‘ziga yuklatilgan vazifalarni sidqidildan bajarishiga xizmat qiladi.
Oltinchidan, qonunchilikda doimiy ish joyiga ega bo‘lmagan uchastka saylov komissiyalari a’zolari, shu jumladan komissiya a’zoligiga jalb qilingan pensionerlarning mehnatiga haq to‘lash masalasi ham e’tibordan chetda qolmagan. Bu borada, ushbu shaxslarga mehnatga haq to‘lashning yagona tarif setkasiga muvofiq ish haqi to‘lanishi belgilandi.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, uchastka saylov komissiyalari va ularning a’zolarining milliy saylov qonunchiligimiz va xalqaro standartlar asosida faoliyat yuritishi uchun huquqiy, iqtisodiy va ma’naviy zamin yaratilgan.
Bekzod Narimanov,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Konstitusiyaviy huquq kafedrasi dotsenti v.b.
Yuridik fanlari bo‘yicha falsafa doktori