“Qadrdon maktabimiz bag‘rida o‘qib-o‘rganib, yangilikka intilib yashaymiz!”
Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida 2017-2018- o‘quv yili yakuniga bag‘ishlangan tadbirni o‘tkazish yuzasidan tavsiya
Yоsh avlodni el-yurtga, Vataniga sodiq, iymon-e’tiqodli, mard va jasur, ma’nan boy, aqlan yetuk, jismonan baquvvat insonlar qilib tarbiyalashda umumta’lim maktablarining alohida o‘rni bor. Zero, yoshlarning olgan bilimi va egallagan kasb-hunari kelajakda nafaqat o‘z yo‘lini topishda asqotadi, balki yurtimiz ravnaqini ham belgilaydi.
Yozgi ta’til arafasida tarbiyaviy mashg‘ulotlarni talab darajasida o‘tkazilishi va uyga topshiriq berilishi ham ta’lim-tarbiyaning uyg‘un olib borishni ko‘zda tutadi. O‘quvchi yil davomida egallagan bilimini yozgi ta’tilda turli ko‘rinishdagi jismoniy va aqliy mashg‘ulot, tadbirlar asosida mustahkamlab boradi.
Misol uchun, 1—4-sinfda “Yozgi ta’til — bir yilga tatir”, 5-6-sinfda “Foydali va maroqli dam — ta’limda hamdam!”, 7-8-sinfda “Kitob o‘qish — ma’naviy komillik belgisi”, 9-10-sinfda “Mening kelgusi rejalarim” kabi mavzularda mashg‘ulotlar o’tkazish shular jumlasidandir. Bu jarayonda o‘quvchilarga ruxsat etilgan suv havzalarida kattalar kuzatuvida cho‘milish, ota-onalariga uy ishlarida ko‘maklashish, badiiy adabiyotlar mutolaa qilish kabi topshiriqlar beriladi. Shuningdek, ota-onalar o‘rtasida ham tushuntirish ishlari olib borish maqsadga muvofiq. Bunda:
— ta’til davrida farzandlarning kattalar nazoratida bo‘lishini ta’minlash;
— sog‘liqqa zarar yetkazuvchi ishlar bilan shug‘ullanishiga yo‘l qo‘ymaslik;
— bolalarning foydali ishlar bilan band bo‘lishini tashkil etish;
— yozgi oromgohlarda dam olishlari uchun sharoit yaratish;
— bo‘sh vaqtlarini turli to‘garak va sport seksiyalarida mazmunli o‘tkazish;
— ta’til yakunida taassurotlari haqida og‘zaki va yozma bayon qilishlariga erishish lozim.
O‘quv yili oxirida o‘tkaziladigan tantanali saflanish tadbiri o‘quvchilar, ota-onalar, o‘qituvchilar uchun hayajonli damlarni hadya etadi. Tadbir mohiyatini targ‘ib etishda o‘quvchilarni ijtimoiy hayotga tayyorlash, ma’naviy-ma’rifiy rivojlantirishga yo‘naltirish maqsadga muvofiq.
Tantanali saflanish tadbiri dasturini tuzishda “Dunyoda eng katta boylik — yoshlikda olingan bilim va egallangan kasb-hunardir” g‘oyasi, Xalq ta’limi vazirligining 2018-yil 16-maydagi “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida 2017-2018-o‘quv yilini yakunlash va “Qadrdon maktabimiz bag‘rida o‘qib-o‘rganib, doimo izlanib, yangilikka, taraqqiyot cho‘qqilarini egallashga intilib yashaymiz” tadbirlarini o‘tkazish to‘g‘risida”gi 125-sonli buyrug‘i asosida ishlab chiqilgan mazkur tavsiyadan samarali foydalanish lozim.
Xususan:
•Tadbir dasturini ishlab chiqish. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ham ishtirok etishini inobatga olib, dasturni 50-60 daqiqaga mo‘ljallash, mahalla faollari, ota-onalar, huquqni muhofaza qilish idoralari vakillari bilan hamkorlik qilish, sanitariya-gigiyena, yong‘in va texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etish zarur.
•Hududni bezatish. Tadbir o‘tkaziladigan joyni gul va sharlar bilan bezatish, maktab hududiga quyidagi shior va chaqiriqlarni ilib qo‘yish tadbir ta’sirchanligini oshiradi:
“Dunyoda eng katta boylik — yoshlikda olingan bilim va egallangan kasb-hunardir!”, “Zamonaviy bilimlar bilan zamonaviy kasb-hunarga ega bo‘lamiz!”, “Sog‘lom bola — yurt tayanchi!”, “Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston!”, “Kim bilsa mukammal bir necha tilni, ilmda, bilimda qirq yorar qilni!”, “Ilm — katta boylik, ilm — siym-u zar, ilm bilan bezar umrini bashar!”, “Buyuk yurtning munosib farzandlari”.
• Tadbirning ochilish qismi. O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi sadolari ostida davlatimiz bayrog‘i ko‘tariladi. Muassasa rahbari so‘zga chiqib, o‘quvchi va ota-onalarga 2017-2018-o‘quv yilining yakunlanishi, 11 yillik umumiy o‘rta ta’lim tizimining mazmun-mohiyati, yangi o‘quv yilidan boshlang‘ich sinflarda haftasiga 5 kunlik o‘qish jarayoniga o‘tilishi, yoshlar ongida Vatanga muhabbat, keksa avlod vakillariga hurmat, tinchlik va osoyishtalikka daxldorlik tuyg‘ularini kuchaytirish kerakligi to‘g‘risida tushuncha beradi.
• Ota-onalarga tashakkurnoma taqdim etish. Maktab hayotida faol, tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan o‘quvchilarning ota-onasini Xalq ta’limi vazirligi, hududiy xalq ta’limi boshqarmalari, tuman(shahar) xalq ta’limi bo‘limlari va maktab direktorlari nomidan ma’naviy rag‘batlantirish yaxshi samara beradi. Ota-onalar ro‘yxati sinf rahbari va direktor o‘rinbosari tavsiyasi asosida shakllantiriladi.
• O‘quvchilarni rag‘batlantirish. Yil davomida a’lo bahoga o‘qigan iqtidorli o‘quvchilarni taqdirlash tadbir saviyasini oshiradi. Xususan, “Eng a’lochi o‘quvchi”, “Eng ibratli o‘quvchi”, “Eng faol o‘quvchi”, “Ijodkor o‘quvchi”, “Ingliz tili bilimdoni”, “Yosh ixtirochi”, “Maktabimiz faxri”, “Sport ustasi”, “Kompyuter bilimdoni”, “Eng orasta qiz” kabi nominatsiyalarni ta’sis etib, munosiblarni faxriy yorliq hamda sovg‘alar bilan taqdirlash yaxshi samara beradi.
• Tantanali qismni yakunlash. Maktab rahbariyati va o‘qituvchilar o‘quvchilarga sinfdan-sinfga ko‘chirish bosqichli nazorat imtihonlari hamda yakuniy davlat attestatsiyasida muvaffaqiyat tilashadi.
Shuningdek, yil davomida to‘garaklarda o‘quvchilar yasagan buyumlar, devoriy gazeta, tuman (shahar), viloyat hamda respublika ko‘rik-tanlovi, fan va sport musobaqalarida maktab jamoasi, o‘quvchilar qo‘lga kiritgan sovrinlardan iborat ko‘rgazmalar tashkil etish mumkin.
Shundan so‘ng direktorning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rin¬bosari quyidagi tushunchalarni beradi:
— yozgi ta’til kunlarida bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilish maqsadida o‘quv¬chi¬larni ijodiy va sport to‘garaklari hamda dam olish oromgohlariga jalb etish;
— maktabda boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun soat 9:00 dan 12:00 gacha, yuqori sinf o‘quvchilari uchun soat 16:00 dan 19:00 gacha sog‘lomlashtirish maydonchasi va kutubxona faoliyat ko‘rsatishini targ‘ib qilish;
— o‘quvchilarga ta’til kunlarida amal qilinishi lozim bo‘lgan texnika va bosh¬qa xavfsizlik qoidalari, suv havzalarida cho‘milish, yo‘l harakati qoidalariga qat’iy amal qilish, yovvoyi va uy hayvonlari bilan muomalada ehtiyotkor bo‘lish va hokazo.
O‘z navbatida ota-onalar va maktab o‘quvchilari ham so‘z olib, fikr-mulohaza bildiradi.
Eslatma: Tadbirlarni o‘tkazish jarayonida o‘quvchilardan pul mablag‘lari yig‘ish, maktab rahbarlari hamda o‘qituvchilarga qimmatbaho sovg‘alar taqdim etish, xonadon, restoran va qahvaxonalarda tantanali kechalar o‘tkazish taqiqlanadi.
Respublika ta’lim markazi