“Sabr kosasi”
Tilimizda “sabr kosam to‘ldi” iborasini tez-tez uchratamiz. Hayratlanarlisi, bu ibora yosh pedagoglar orasida ham ko‘p qo‘llanilmoqda.
Axir, endigina katta umidlar bilan faoliyatini boshlagan navnihollarning sabri nimadan bunchalik tez to‘ladi?! Tog‘dek sabrli ustozlarning bunday jig‘ibiyron bo‘lishlarining boisi ne? Albatta, bu savolga ko‘plab javoblar keltirishimiz mumkin. Biroq barchamizning dilimizni xufton qiladigan sabablardan biri bu dars vaqtida sinf xonasida o‘quvchilarning shovqin solishi bo‘lsa kerak. Ustoz joni halak bo‘lib, yangi mavzuni tushuntirish dardida, o‘quvchilardan biri baho olish, boshqasi partadoshi bilan hazillashish ilinjida. Juda ko‘p hollarda yangi mavzuni tushuntirish, uni mustahkamlash, xullas, «Dars — muqaddas» tamoyili asosidagi bosqichlar qolib, fanimizni tarbiyaviy soatga aylantirib yuboramiz.
Xo‘sh, darsning muqaddasligiga raxna soluvchi bu omilni qanday bartaraf etsak bo‘ladi? Bunday holatda “Sabr kosasi” metodini barcha sinflar kesimida qo‘llab, 1—6-sinflar doirasida kutilgan natijaga erishdik.
Darsning tashkiliy qismida o‘qituvchi sinf doskasining bir burchagiga kvadrat shaklini chizadi. Dars davomida har bitta ortiqcha harakat va shovqin uchun kvadratni bir burchagidan bo‘yab borish haqida o‘quvchilar ogohlantiriladi. Agar kvadratning ichi to‘lib qolsa, sinfdagi barcha o‘quvchiga birdek jazo tayinlanishi e’lon qilinadi. 1—6-sinflar asosan ko‘proq baho olib, bu bilan ota-onasiga maqtanishni xohlaydi. Shuni inobatga olib, kvadrat to‘lib qolganda sinfdagi hech bir o‘quvchi baholanmaydi qabilidagi “jazo”ni qo‘llashimiz mumkin.
Bu metod orqali o‘quvchilarda jamoa bo‘lib ishlash ko‘nikmasi hosil bo‘ladi. Ko‘pchilik o‘quvchilar o‘z xatosi uchun do‘stlari oldida aybdorlik hissini tuyadi, mas’uliyatni his qiladi. Muhimi, darsda qat’iy intizom o‘rnatilib, ko‘zlangan natijaga erishiladi.
Barchinoy KARIMOVA, Buxoro shahridagi 39-IDUMning o‘zbek tili fani o‘qituvchisi