Konstitutsiya tarixini o‘rganamiz
Shaxsning jamiyatda to‘la-to‘kis hayot kechirishi, muvaffaqiyatga erishishi uning o‘z huquq va majburiyatlarini tanishi, mamlakat qonunlaridan boxabar bo‘lishidan boshlanadi. Shu bois yosh avlodga mamlakatimiz qonunlarini o‘rgatib borish juda ham muhim. O‘qituvchi har bir dars zamirida o‘quvchilarga huquqiy bilimlarni singdirib borishi mumkin.
Olmazor tumanidagi 224-maktabning tarix fani o‘qituvchisi, «Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi — 2018» ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi g‘olibi Jo‘rabek Polvonov darslariga o‘quvchilar katta ishtiyoq bilan keladi. Uning Bosh qomusimiz qabul qilinganining 26 yilligiga bag‘ishlab 7-sinf o‘quvchilariga o‘tgan ochiq darsi ham mazmunli kechdi. Tajribali pedagog bu galgi darsini davlat va huquq asoslari fani bilan integratsiyalashgan holda olib bordi.
Dars mavzusi: — O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yaratilish tarixi.
Darsning tashkiliy qismida o‘quvchilar «Oliy Majlis», «Sud», «Vazirlar Mahkamasi» guruhlariga bo‘lindi. Har bir guruh sardori o‘zlariga qo‘yilgan nomni qisqacha ta’riflab o‘tdi.
O‘qituvchi monitorda 1991-yil 31-avgustdagi o‘n ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari oltinchi sessiyasidan lavhalar va Konstitutsiyamizning yaratilishi, parlament deputatlari tomonidan Bosh qomusimiz loyihasining moddama-modda muhokama qilingani, shuningdek, unga o‘zgartirishlar kiritish oldidan o‘tkazilgan referendum, kiritilgan o‘zgartirishlarning mazmun-mohiyati haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan videolavha qo‘yib berdi.
Shundan so‘ng o‘qituvchi har bir guruhdagi uch nafar o‘quvchidan Asosiy qonunimizda keltirilgan moddalardan aytib berishni so‘radi.
1-o‘quvchi: 4-modda. O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir. O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi.
2-o‘quvchi: 31-modda. Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarning majburan singdirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
3-o‘quvchi: 41-modda. Har bir inson bilim olish huquqiga ega, bepul umumiy ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlanadi…
Shu tariqa o‘quvchilar bir nechta moddalardan misol keltirib, uni sharhladilar.
Darsning asosiy qismi an’anaviy bayon shaklida o‘tdi. O‘qituvchi dastavval dunyoda qonunchilik paydo bo‘lishi haqida gapirdi. Yunonistonda demokratiya tushunchasining paydo bo‘lish tarixi va buning natijasida ilk qonunlar yaratilgani, «fuqaro» tushunchasining mazmun-mohiyati, jahonda eng birinchi qabul qilingan AQSh Konstitutsiyasi o‘qituvchi tomonidan tahlil qilib berildi. So‘ng O‘zbekiston Konstitutsiyasining yaratilish tarixi haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi.
Mavzuni mustahkamlash qismida o‘qituvchi guruhlarga rasmlar tarqatib chiqdi. Bu rasmlarda poytaxtimizda bunyod etilgan Oliy Majlis Senati, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Vazirlar Mahkamasi binolari aks ettirilgan. Topshiriqqa ko‘ra, har bir guruh o‘ziga berilgan rasmdagi binoning qaysi idoraga tegishli ekani va ular qonunchilik tizimida qanday vazifa va vakolatga ega ekanini izohladi. O‘qituvchi to‘g‘ri javob bergan o‘quvchilarni rag‘bat kartochkalari bilan ruhlantirib turdi. Topshiriq shartiga muvofiq, savolga to‘liq javob berolmagan guruh o‘rniga raqib jamoa tashabbus bilan chiqishi mumkin. Bunda hozirjavob jamoa qo‘¬shimcha rag‘bat kartochkasiga ega bo‘ladi.
Munozaralardan so‘ng o‘qituvchi har bir guruhning javobini tahlil qilib, o‘quvchilar yo‘l qo‘ygan xatolarni tuzatib o‘tdi. Shu bilan birga, mamlakatimizda qonun chiqarish va ijro etish tizimi haqida batafsil tushuncha berildi.
Dars yakunida o‘qituvchi o‘quvchilarning barcha savollariga javob berdi.
Uyga vazifa uchun O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini yana bir bor o‘qib chiqib, muayyan moddalarni yodlab kelish topshirildi.
Zilola MADATOVA,
«Ma’rifat» muxbiri