Xush kelibsan, Yangi yil!
Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida Yangi yil bayrami tadbirlarini o‘tkazish yuzasidan tavsiya.
Bundan bir yil muqaddam tarix sahifasiga yangi davr bo‘lib kirgan 2018-yil ham adog‘iga yetib bormoqda. Yangi — 2019-yil eshik qoqib kelayotgan shu kunlarda ta’lim muassasalari ikkinchi chorakni yakunlab, qishki ta’til oldidan bayram tadbirlariga hozirlik ko'rmoqdalar.
Ikki hafta davom etadigan qishki ta’tilni mazmunli tashkil etish o‘quvchiga boy taassurot ulashibgina qolmay, 2018-2019-o‘quv yilining hal qiluvchi — uchinchi choragini yangi kuch-g‘ayrat bilan boshlashi uchun imkon yaratishi kerak. Umumta’lim maktablari rahbarlari qishki ta’tilda quyidagi tadbirlarni tashkil etishi mumkin:
“Topgan-topaloq” shiori ostida “Siz buni bilasizmi?”, “Siz ayting-chi, bu nima?” mavzusida jumboqli topishmoqlardan iborat bellashuv (1—4-sinflar uchun);
“Men yulduz bo‘laman” mav¬zusida tanlov. O‘spirin va o‘smirlar mashhurlik darajasiga erishgan shaxslarga havas qilishadi. Sinf rahbarining ana shu mavzudagi tarbiyaviy tadbiri bolada o‘zini kelajakka munosib tayyorlash, oldiga qat’iy maqsadni qo‘ya bilish malakasini shakllantiradi (5—11-sinflar uchun);
“Qish tarovati”, “Yurtim jamoli” mavzularida yosh rassomlar tanlovi (barcha sinflar uchun);
“Aql yoshda emas, boshda” mavzusida tezkor savol-javob viktorinasi (1—4-sinflar uchun);
“O‘z iste’dodingni namoyon et!” mavzusida intellektual shou (5—11-sinflar uchun);
“Ozod va obod Vatan farzandimiz” mavzusida mushoira va musiqiy kecha (barcha sinflar uchun);
“Ota-onam — bog‘u bo‘stonim” mavzusida bahs-munozara. Mahalla faollari, ota-onalar va o‘quvchilar hamkorligida (5—11-sinflar uchun);
“Ertak qahramonlari bilan uchrashuv” mavzusida tadbir (1—4-sinflar uchun);
“Men sevgan qahramon”, “Men sevgan asar” mavzularida ijodiy insholar tanlovi (5—11-sinflar uchun) tavsiya qilinadi. Bundan tashqari, qish mav¬sumiga xos sport musobaqalari va turli ko‘ngilochar tadbirlar e’tibordan chetda qolmasligi kerak.
Mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lib o‘tadigan “Prezident archasi” bayram tadbirlarini uyushqoqlik bilan ko‘tarinki ruhda o‘tkazishga keng jamoatchilik e’tibori qaratilishi zarur. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 16-oktabrdagi “Prezident archasi” tadbirini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha majlis bayoni hamda Xalq ta’limi vazirining joriy yil 17-oktabrdagi 255-sonli buyrug‘i ijroga yo‘naltirildi. Bunda nimalarga e’tibor qaratish lozim?
“Prezident archasi” bayram tadbiri ta’lim muassasasi rahbari boshchiligida, ma’¬naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari, o‘qituvchi-murabbiylar, sinf rahbari, yoshlar yetakchisi tomonidan rejalashtiriladi. Namunaviy bayram senariysi o‘quvchi soni, maktab shart-sharoitiga qarab, ijodiy yondashilgan holda tuziladi. Tashabbuskorlik, izlanuvchanlik va faollik bilan uni yuqori saviyada o‘tkazish, nufuzini oshirish chora-tadbirlari belgilanadi. Bayram tadbirini xavfsiz, osoyishta va bolalarga a’lo kayfiyat bag‘ishlaydigan tarzda o‘tkazish uchun Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar, Sog‘liqni saqlash vazirliklarining hududiy vakillari bilan bamaslahat ish tutish lozim.
Pirotexnika vositalarini qat’iy taqiqlash o‘quvchilar xavfsizligini ta’minlaydi. Ayni paytda yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etgan holda, tibbiyot, ichki ishlar bo‘limi xodimlari kuzatuvida tadbirni tashkil etish osoyishtalik garovidir.
Tantanali qismni tashkil etish
Bayram o‘tkaziladigan joy yoki bino foyesi yangi yilga mos tarzda, o‘quvchilarning qo‘l mehnati namunalari, dekorativ o‘yinchoqlar bilan bezatiladi. Zal o‘rtasiga o‘rnatilgan archaga ko‘zni quvnatuvchi chiroqlar osiladi.
Ko‘m-ko‘k, maftunkor archa atrofida to‘plangan bolalarning qiy-chuvi bilan bayram tadbiri boshlanadi. Davraga boshlovchilar chiqmasidan avval Yalmog‘iz paydo bo‘ladi. U qo‘lini peshonasi uzra qo‘yib, kimnidir qidirayotgandek bo‘ladi. Tomoshabinlar taajjubda.
Yalmog‘iz: — Bolalar, bolalar, Qorboboni ko‘rmadinglarmi? Agar ko‘rgan bo‘lsangiz, mendan sir tutmang, uni bir aldayman, laqillatib, bir boplayman. Xi-Xi-Xi!
(Uning beo‘xshov xatti-harakatlari zalga kirib kelayotgan Qorbobo va Qorqizning diqqatini tortadi. Yalmog‘izning gaplarini eshitgan Qorbobo o‘zini bosib, qo‘lidagi qopini yerga qo‘yadi).
Qorbobo: — Ha Yalmog‘iz, sen hali meni aldamoqchimisan? Bilib qo‘y, meni hech qachon alday olmaysan, tushundingmi? “Yolg‘onning umri qisqa” degan gapni eshitganmisan? Qolaversa, men Yangi yil arafasida qopimni sovg‘a-salomga to‘ldirib, sen ko‘rib turgan mana shu qo¬rako‘zlarga ulashaman. Mening niyatim ezgu, senday baxil emasman. Sen esa har yili bayramda bir ishkal chiqarasan. To‘g‘rimi, bolalar?
Bolalar: — Ha!
Qorbobo: — O‘tgan Yangi yilda ham bizni laqillatmoqchi bo‘lgansan. Siring fosh bo‘lgach, hammadan kechirim so‘raganing esingdami? Boshqa bunday qilmaslikka so‘z berganding, to‘g‘rimi, bolajonlar?
Bolalar Qorboboning fikrini tasdiqlaydi.
Yalmog‘iz: — Voy, men hech qanday yomonlik qilganim yo‘q-ku?!
Qorbobo: — Bunaqa ikkiyuzlamachi bo‘lma. Firibgarliging ish bermaydi. Sen bilan adi-badi aytishishga vaqtimiz yo‘q. Tadbirni boshlashimiz kerak, yo‘ldan qoch.
(Yalmog‘iz shumshayib, bir chetga chiqadi. Sahnaga boshlovchilar kirib keladi. Ular yig‘ilganlarni bayram bilan tabriklab, shodiyonani tomosha qilishga taklif etishadi).
1-boshlovchi: — Qorbobojon va Qorqiz, bayram tadbirimizga xush kelibsizlar. Sizlarni o‘tgan 2018-yilda erishgan muvaffaqiyatlarimiz bilan xursand qilmoqchimiz. Yoshlar hayotida 2018-yil qanday iz qoldirganini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘ring, dav¬ramizning aziz mehmoni bo‘ling!
(Boshlovchilar Qorbobo va Qorqizga izzat-ikrom bilan joy ko‘rsatishadi. Maktab o‘quvchilari erishgan yutuqlar tilga olinadi).
2-boshlovchi: — Yakunlanib borayotgan yil muhtaram Prezidentimiz tomonidan “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilingan edi. Shu munosabat bilan yurtimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, innovatsion g‘oyalarni keng joriy etish muhiti qaror topdi. Davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini tubdan yangilashga qaratilgan innovatsion rivojlanish yo‘li O‘zbekistonning dunyo hamjamiyatidagi o‘rnini mustahkamlamoqda. Bu jarayonda biz o‘quvchilar ham o‘z o‘rnimizni aniq belgilab olishimiz kerak.
1-boshlovchi: — “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” hayotimizni yanada obod va farovon etish, tinchligimiz va osoyishtaligimiz barqarorligini ta’minlash yili bo‘lib tarixdan joy oladi.
(Yalmog‘iz boshlovchilarning chiqishini bir chekkada kuzatib o‘tirar ekan, “Voy, rostdanmi, yo‘g‘-e!” qabilida imo-ishora bilan ajablanayotganini bildiradi. Sho‘x kuy taralishi bilan Yalmog‘iz raqsga tushib ketadi. Bolalar “Yalmog‘iz” qo‘shig‘ini ijro etishadi. Qo‘shiq tugagach, Yalmog‘iz ishtirokchilar qarshisida Qorbobo va Qorqizdan kechirim so‘raydi).
Boshlovchilar: — Seni kechirolmaymiz. Har safar va’da berasan-u, so‘zing ustidan chiqmaysan. Ket bu yerdan, ket! Senga davramizda o‘rin yo‘q!
Yalmog‘iz kampir xavotirli nigoh bilan davraga termuladi. Qorbobo tayog‘ini ko‘tarib kelib, uni kaltaklamoqchi bo‘ladi.
Yalmog‘iz: — To‘xtang, bobojon, to‘xtang. Meni kechiring!
Qorbobo: — E-e, necha marotaba kechirim so‘rash mumkin? Va’dalaringning cheki-chegarasi bormi o‘zi?
Bolalar “Qorbobojon, uni kechira qolaylik”, deya iltimos qiladi va Yalmog‘izning joniga ora kirishadi. Yalmog‘iz boshqa yomonlik qilmaslikka, aldamaslikka, endi yaramas odatlarini tashlashga so‘z beradi. Bolalar bu gal ham uning so‘ziga ishonib, bir ovozdan “Ke-chi-ra-miz”, deya qichqirishadi. Qorbobo ham jahlidan tushib, Yalmog‘izni davraga taklif qiladi. U quvonganidan chapak chalib, tomoshabinlar qatoridan joy oladi. Davraga quyon, ayiq, tulki va qizil shapkacha niqobini taqqan o‘quvchilar, ya’ni ertak qahramonlari kirib kela boshlaydilar. Ular she’rlar o‘qishadi. Raqsga tushgan ertak qahramonlarini Qorbobo, Qorqiz, boshlovchilar, Yalmog‘iz olqishlaydi. Quvnoq davraga mushoira ruhi kirib keladi, she’rxonlik, bahr-u bayt boshlanadi.
Bayram tadbiri nihoyalanar ekan, zalda “Vatan” haqidagi qo‘shiq yangraydi. Boshlovchilar yana bir karra bayram ish¬tirokchilarini kirib kelayotgan yangi — 2019-yil bilan qutlaydi. Bolajonlar boshqa davralarda intizorlik bilan kutilayotgan Qorbobo va Qorqiz bilan xayralashadilar.
Respublika ta’lim markazi