Kimyo darsini qiziqarli o‘tamiz
Maktabda kimyo fanidan laboratoriya jihozlari yoki kimyoviy moddalar yetarli bo‘lmagani bois, amaliy mashg‘ulot har doim ham o‘tkazilavermaydi. Bu esa mavzularning to‘laqonli o‘zlashtirilishiga xalaqit beradi. Shu bois tajribamdan kelib chiqib, ham kasblarimga amaliy mashg‘ulotlarni o‘tishda qo‘l keladigan ayrim foydali tavsiyalarni bermoqchiman.
Hozirgi kunda KMnO4 (margansovka) topish mushkul. Shu sababli, 7-sinf o‘quv rejasidagi “Kislorod olish” mavzusida amaliy mashg‘ulot o‘tishda o‘qituvchi biroz qiynalmoqda. Ammo buning oson yechimi bor. Dorixonada sotilayotgan N2O2 (vodorod peroksid)dan foydalanish mumkin. Avval probirkaga quyib, katalizator MnO2 solasiz va temir qoshiqchada yoqilgan oltingugurt tushirasiz.
Keyingi muammo — indikator. Qishloq joylarda ko‘p o‘sadigan oddiy ituzum o‘simligidan indikator sifatida foydalanish mumkin. Uning mevasi tayyor indikator vazifasini bajaradi.
Bunday tajriba bilan fan yana ham qiziqarli bo‘ladi. Chunki mazkur holatda darsni biologiya va ekologiya fanlari bilan bog‘lash imkoniyati mavjud. Kuzatishlarim boshlang‘ich sinfdanoq tasavvur doirasi keng o‘quvchilar kimyo fanini boshqalarga nisbatan tez o‘zlashtirishini ko‘rsatmoqda. Bunday o‘quvchilar jumboqli savollarni ham darhol tahlil qilib, oson yechim topadi. Yangicha metodlar samarali bo‘lishi uchun avval o‘quvchilarda tasavvurni kengaytirish lozim. Masalan, 9-sinf darsligidagi “Temir” mavzusida “Temir qayerda zanglamaydi?” degan savolga 70 foiz o‘quvchi javobni boshqa kitoblardan, adabiyotlardan qidiradi. 20 foiz o‘quvchi fanga oid bilimlariga tayangan holda tabiatdagi kuzatishlarini yodga oladi. 10 foiz o‘quvchigina kuzatishlari va kimyoviy bilimini umumlashtirgan holda, “Temir havo yo‘q joyda zanglamaydi, havo yo‘q joy bu — vakuum” degan xulosaga keladi. Demak, o‘qituvchi atrofimizdagi olam va tabiatshunoslik darslarini o‘tganda mavzularni bolaga amaliy jihatdan ham tushuntirishi kerak. O‘quvchi ustozining fikrini tinglab, uni tasavvur eta olishi lozim. Shunda mavzuni yaxshi o‘zlashtirib, kimyo fanini o‘rganishga ham tayyorlanib boradi.
O‘tilgan mavzuni so‘rash(uyga vazifa)da ham bir qancha metodlardan foydalanish mumkin. Masalan, “Jumboqli savol” orqali o‘quvchilarning mavzuni qay darajada o‘zlashtirganini bilish mumkin. O‘qituvchi yoki o‘quvchilardan biri “Uning tarkibida vodorod 11,11 foiz massa ulushni tashkil etadi” , “Uning molekulyar massasi 98 g/molga teng”, “U 3 xil agregat holatga ega” izohlarini beradi. Baholanayotgan o‘quvchi esa shu izohlarga qarab javob topadi. (Javob: suv). Yoki “Sirli sandiqcha” didaktik o‘yinida karton qog‘ozdan yasalgan sandiqcha ichiga bir qancha moddalar yoki elementlar nomi yashiriladi. O‘quvchi bitta qog‘ozni olib, bolalarga shu moddaning xossalarini birma-bir aytadi. O‘quvchilar modda nomini topishga harakat qiladi. Masalan, qog‘ozda “Sulfat kislota” chiqsa, o‘quvchi quyidagicha savol bera boshlaydi: akkumulyatorda ishlatiladigan kislota. Molekulyar massasi 98 g/mol. Mis bilan hosil qilgan kristallogidratlari kuporos deyiladi...
8-sinf “Oksidlanish darajasi” mavzusida darsni mustahkamlash uchun quyidagi o‘yindan foydalanish mumkin.
Bu o‘yinda o‘quvchilar element atomlarining oksidlanish darajasini topish orqali yashirin so‘zni aniqlaydilar. Bu mavzuni o‘tganda “Gugurtsiz olov yoqish” amaliy tajribasi o‘quvchilarni befarq qoldirmaydi. Bunda qog‘oz shisha tayoqcha tegishi bilan o‘z-o‘zidan yonib ketadi. Buning uchun shisha tayoqchaning uchi avval kontsentrlangan sulfat kislotaga botirib olinadi, so‘ng no‘xat kattaligidagi (yaxshilab maydalangan) bertolle tuziga tekkiziladi. Tayoqcha uchida sulfat kislota bilan bertolle tuzi o‘zaro ta’sirlashib, xlorat kislota hosil bo‘ladi. U suv, xlor (IV)-oksid va atomar kislorodga ajraladi.
2KSIO3+N2SO4=K2SO4+2NSIO3
2HCIO3=H2O+2CIO2+O2
Xlor (IV)-oksid ham haddan tashqari kuchli oksidlovchidir. Chunki u yonuvchi moddalar (masalan, benzin, spirt, qog‘oz, yog‘och)ga tegishi bilanoq o‘zining molekulasidagi kislorodni osonlik bilan ajratadi, kislorod esa bu moddalarni yondirib yuboradi.
Samarali dars o‘tish va o‘quvchilarning qiziqishini orttirish uchun nafaqat laboratoriya ishlari va metodlardan foydalanish, balki darslikdan tashqari qiziqarli ma’lumotlar taqdim etish ham muhim.
Yulduzxon MUSTAYEVA, Bulung‘ur tumanidagi 5-maktabning kimyo fani o‘qituvchisi