“Mahalladagi hovlimiz” metodi
Eshitishida muammosi bo‘lgan bolaning idrokini rivojlantirish, talaffuzini shakllantirish, nutqiy nuqsonini korrektsiyalash — inklyuziv ta’limga o‘tkazish mutaxassislar zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. 4-sinfda predmetli amaliy ta’lim fanidan “Mahalladagi bizning hovlimiz” mavzusi orqali shu maqsadga erishish mumkin.
Buning uchun surdopedagogga A3 o‘lchamli qog‘ozlar, marker, mavzuga oid test savollari, kasb-hunarga oid turli bukletlar, lug‘at so‘zlar, maqol va topishmoq yozilgan tasmalar, mahalla va hovli maketi, rag‘batlantiruvchi kartochkalar kerak. Darsning tashkiliy qismi ovoz, nafas mashqlari o‘tkazish bilan boshlanib, tarbiyalanuvchiga a, o, u, i, e tovushlari bir nafasda ayttiriladi.
Predmetli amaliy ta’lim darsida “Aqliy hujum” usuli orqali — yozamiz, o‘qiymiz, savol-javob qilamiz, mustaqil gap tuzamiz, o‘zimiz haqimizda suhbatlashishni o‘rganamiz, sehrli so‘zlar yordamida muloqot qilishga odatlanamiz kabi jumlalarni aytish vositasida “Assalomu alaykum”, “Mumkinmi?”, “Xo‘p bo‘ladi”, “Kechirasiz”, “Labbay”, “Iltimos”, “Rahmat”, “Marhamat”, “Salomat bo‘ling” singari muomala madaniyati elementlari o‘zlashtiriladi.
Mavzuga oid so‘zlar ishtirokida gap tuzish va maket tayyorlash o‘quvchilar hukmiga havola etiladi: keng va tekis, yaqinida, obod, ko‘rkam, namunali, tug‘ilib o‘sgan makon, farovon hayot, dam olish va sport maydonchalari, mahalla fuqarolar yig‘ini, yoshlar markazi, chekka va uzoq qishloqlar, jamiyat, mablag‘ bilan ta’minlash, o‘zlashtirish, orzu-istaklar uchun harakat qilish, kelajak, davlat siyosati, tomorqa, ekin ekish madaniyati, parvarish qilish, yetishtirish, maqsadli foydalanish, jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lish, obod mahalla, ozoda, mazmunli hayot.
Lug‘at so‘zlardan tuzilgan gaplarni o‘quvchilar doskaga yozib, shunga oid qirqma shaklni maketga yelimlaydilar. Yangi jumlalar mazmunini jamoa bo‘lib muhokama etish har bir bolaning mahalla haqidagi tasavvurini kengaytiradi:
Biz istiqomat qilayotgan turarjoy binolari “Obod mahalla” dasturi asosida bunyod etilgan.
Men mahallamizdagi maktabda o‘qiyman.
Bolalar dam olish maydonchasida o‘ynaydilar.
Biz sport maydonida futbol o‘ynadik.
Mahalla markazida mahalla fuqarolar yig‘ini binosi joylashgan.
Yoshlar uyida turli to‘garaklar bor.
Kutubxonada qiziqarli kitoblar ko‘p.
Mahallamizda namunali uylar tartib bilan qurilgan.
Hovlimiz yonida do‘kon bor.
So‘nggi jumlamizni davom ettirgan holda yangi — “Bizning hovli” mavzusiga o‘tamiz. Darsni “O‘z kelajagimizni o‘zimiz quramiz” shioriga bog‘liq holda o‘tish har bir o‘quvchida ko‘tarinki kayfiyat paydo qiladi. Prezidentimizning 2018-yil 29-martdagi “Obod qishloq” dasturi to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, qishloq va mahallalar me’moriy qiyofasini tubdan yangilash, hududlarni kompleks rivojlantirish, yo‘l-transport tarmoqlari va ijtimoiy soha obуektlarini barpo etish asosida aholi turmush madaniyatini yuksaltirish strategik ahamiyat kasb etayotgani haqida tushuncha berish darsga o‘zgacha mazmun bag‘ishlaydi. Qishloq va mahallalarda namunali uy va hovlilar bo‘lib, yuzlab oilalar istiqomat qilishini ta’kidlagan o‘qituvchi “Oila nima?” deya savol tashlaydi.
O‘quvchilar tomonidan “Oila — jamiyatning kichik bo‘lagi”, “Unda kelajak avlod ulg‘ayadi”, “Oila farovon bo‘lsa, davlat ham rivojlanadi” singari javoblar aytilgach, darsning keyingi bosqichiga o‘tish mumkin. Hovlida havas qilgulik oila barpo etish uchun o‘yin shaklida savol-javob o‘tkazamiz. O‘qituvchining savoliga javob berish orqali kichik hovli maketi qirqmalardan ajratib olinadi. Risoladagidek hovlini ko‘rgan tarbiyalanuvchilarning bahridili ochilib ketishi tabiiy. O‘qituvchi “Oila a’zolari kichik hovlida farovon umr kechiradilar”, degach, qirqmalar bir-biriga yelimlanib, uy hosil qilinadi.
“Hovlimizda yana nimalar bo‘ladi?” degan savol o‘rtaga tashlanishi bilan 2-3 nafar o‘quvchi “supa”, “daraxtlar”, “ekin maydoni”, “tandirxona”, “ayvon”, “hammom”, “hovuz” singari bilgan so‘zlarini aytishi mumkin. Shu tariqa “Oilada tartib-intizomni kim o‘rnatadi?”, “Kundalik xarajatlarimiz, ta’lim-tarbiya olishimiz, betob bo‘lsak, davolanishimiz uchun ota-onalar nima qiladi?”, “Biz ota-onamiz oldidagi farzandlik burchimizni qanday ado etishimiz kerak?” singari savollar bilan auditoriya jonlantirib boriladi.
Tabiiyki, darsning boshlanish qismida o‘quvchining mahalla va hovli haqida aniq tasavvuri bo‘lmasa, mashg‘ulot yakunida ular o‘z sa’y-harakatlari orqali yaqqol tushunchaga ega bo‘ladilar. Darsni ijtimoiy-siyosiy ahamiyat kasb etuvchi “Oilamiz uchun kichik hovli qurdik”, “Ota-onamiz oilada tartib-intizom o‘rnatadi”, “Ular bizni voyaga yetkazish uchun mehnat qilib mablag‘ topadi”, “Biz o‘z kelajagimizni qurish uchun o‘qib-o‘rganishimiz zarur” singari jumlalar bilan yakunlash maqsadga muvofiqdir.
Tabaqalashgan korreksion va individual yondashuv asosida har bir to‘g‘ri javob uchun meva shakli aks etgan rag‘bat kartochkasi beriladi. “Bo‘lajak tadbirkor bola”, “Bo‘lajak hunarmand usta”, “Mustaqil fikrga ega bola” nominatsiyalari bo‘yicha uch nafar o‘quvchiga rag‘bat kartochkasini berish boshqa bolalarni keyingi darslar uchun puxta hozirlik ko‘rishga undaydi.
Nilufar XO‘JAQULOVA, Karmana tumanidagi 25-maxsus maktab-internatning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi