Vatanni mard, jasoratli va matonatli o‘g‘lonlar asraydi!
Vatanni mard, jasur va matonatli o‘g‘lonlar himoya qiladi. Bunday jasurlik va yurtparvarlik tomirida milliy g‘urur jo‘sh urgan insonlar qalbida uyg‘onadi. Milliy armiya safiga qo‘shilgan yigitlarda chinakam mardlik hissi kuchayadi. Ozod va obod Vatan barpo etish, ko‘pmillatli xalqimizning tinch-osuda, farovon hayotini ta’minlashda matonatli er-yigitlarning xizmati beqiyos. Mamlakatimiz mudofaa qudratini mustahkamlash, sarhadlarimiz daxlsizligi, xalqimiz osoyishtaligini ta’minlash, harbiy xizmatchilarga yetarli sharoit yaratish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Bu yil Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining 27 yilligi munosabati bilan tadbirlar «Men Vatanimga tayanchman!» shiori ostida o‘tkazilayotgani, bayramga har qachongidan ham qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilayotgani harbiy xizmatchilarning qalbini yanada iftixorga to‘ldirmoqda.
Darsning maqsadlari:
Ta’limiy: o‘quvchilarga milliy armiyamiz hamda uning nufuzi, harbiy bilim yurtlari, yoshlarga berilayotgan imtiyozlar haqida ma’lumot berish, sarhadlarimiz daxlsizligini asrayotgan harbiylarimizga hurmat tuyg‘usini uyg‘otish, mustaqillik davrida eri¬shilgan yutuqlar haqida tushunchalar berish.
Tarbiyaviy: o‘quvchilarda Vatanga muhabbat, qadriyatlarni ulug‘lash, vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirish.
Rivojlantiruvchi: jamoat ishlarida faol qatnashish hissini paydo qilish.
Jihozi: o‘quvchilarning yozgan insholari, referatlari, shuningdek, “Vatan himoyachilari kuni”ga bag‘ishlangan devoriy gazetalar.
(Darsga urush va mehnat faxriylari, harbiy xodimlar, mustaqillik yillarida Vatan sarhadlarini himoya qilib, yurtimiz ozodligi va tinchligi yo‘lida qurbon bo‘lganlarning yaqinlari, mahalla faollari, ota-onalar, Yoshlar ittifoqi vakillari taklif etiladi).
Dars shiori: dunyoda Vatan so‘zidan aziz va yurakka yaqin kalom topilmagani kabi, Vatan himoyachisi bo‘lishdan ortiq shon-sharaf ham yo‘q.
Dars turi: noan’anaviy. Dars metodlari: guruhlarda ishlash, suhbat, bahs-munozara.
O‘quvchilar darsdan oldin
3 guruhga bo‘linadi.
Darsning borishi:
Dars O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasini jonli ijro etish bilan boshlanadi.
Faollashtiruvchi savol va topshiriqlar:
1-guruhga: Mamlakatimiz Qurolli Kuchlarini tuzish uchun qaysi hujjat huquqiy asos bo‘lib xizmat qildi?
2-guruhga: Qurolli Kuchlarimizni shakllantirish jarayonida eng dolzarb masalalardan biri nima edi?
3-guruhga: O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining oliy harbiy ta’lim muassasalari haqida nimalarni bilasiz?
1-guruh: — 1991-yilning 31-avgustida “O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Bu muhim hujjat respublikamizga o‘z harbiy siyosatini amalga oshirish huquqini berdi. Mazkur qonun, “O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi to‘g‘risida”gi bayonot mamlakatimiz Qurolli Kuchlarini tuzish uchun huquqiy asos bo‘lib xizmat qildi.
2-guruh: — Qurolli Kuchlarimizni shakllantirish jarayonida eng dolzarb masalalardan biri — kadrlar masalasi edi. 1990-yilda mahalliy ofitserlar yurtimizdagi harbiy kadrlarning atigi 0,6 foizini tashkil etardi. Mazkur muammoni hal etish maqsadida harbiy ta’lim sohasi tubdan isloh qilina boshlandi. Bir qator oliy harbiy ta’lim muassasalari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ularda harbiy xizmatga salohiyati yetarli, shijoatli, mard va jasur harbiy kadrlar tayyorlashga kirishildi.
3-guruh: — Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining oliy harbiy ta’lim muassasalarida Qurolli Kuchlarimiz uchun 30 ga yaqin yo‘nalish bo‘yicha yuqori malakali ofitser kadrlar tayyorlanmoqda. Mamlakatimizda ofitser va serjant kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirishning samarali tizimi yaratilgan bo‘lib, bular oliy harbiy ta’lim muassasalari, oliy harbiy ta’lim muassasalari qoshidagi malaka oshirish fakultetlari, Qurolli Kuchlar akademiyasi huzuridagi ofitserlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish oliy kurslari va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasidir. Bu o‘quv maskanlari harbiy xizmatchilarga o‘z professional, nazariy va amaliy bilimlarini takomillashtirish, harbiy-jangovar faoliyatida tajriba va malakalarini oshirish imkoniyatini bermoqda.
O‘qituvchi: — Harbiy ta’lim muassasalari haqida qo‘shimcha qiladiganlar bormi?
1-guruh: — Hozirgi kunda Qurolli Kuchlar akademiyasi, Respublika oliy harbiy aviatsiya bilim yurti, Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti maxsus fakulteti, Toshkent tibbiyot akademiyasi harbiy-tibbiyot fakultetida harbiy xizmatchilar yetishib chiqmoqda.
1995-yilda Qurolli Kuchlar akademiyasi ochildi. Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan ushbu dargoh zimmasiga malakali ofitserlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, qolaversa, harbiy sohadagi ilmiy-amaliy tadqiqot hamda ishlanmalarni muvofiqlashtirish, mamlakatimizda harbiy ta’limni rivojlantirish vazifasi yuklatildi.
2-guruh: — 2012-yili Toshkent tibbiyot akademiyasi huzurida harbiy-tibbiyot fakulteti tashkil etildi. Yuqori intellektual salohiyatga ega, tibbiy xizmatning yuksak malakali ofitserlarini, rezerv va zaxiradagi ofitserlar tarkibini tayyorlash, Qurolli Kuchlar tibbiy xodimlarining harbiy va kasb tayyorgarligi darajasini muntazam oshirish hamda ularni qayta tayyorlash, maxsus bilim va ko‘nikmalarini chuqurlashtirish, harbiy tibbiyot sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borish mazkur fakultetning asosiy faoliyat yo‘nalishi etib belgilandi.
O‘qituvchi: — Aziz o‘quvchilar, yuqorida nomlari keltirilgan harbiy bilim yurtlarida bilim olish uchun sizlardan a’lo o‘qish, namunali xulq bilan birga sport sohasida chaqqonlik, chiniqish va mustahkam iroda talab qilinadi. “Tinchlik uchun kurashish” deganda nimani tushunasiz? Buning uchun siz qanday ishlarni amalga oshirishingiz kerak?
O‘qituvchi o‘quvchilarning fikrini umumlashtirib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev fikrlaridan misollar keltiradi. Mardlik va jasorat haqida o‘quvchilar o‘rtasida bahs-munozara uyushtiriladi hamda eng buyuk jasorat — bu ma’naviy jasorat ekanligi haqida tushunchalar beriladi.
Dars Vatan va tinchlik haqidagi she’rlar bilan mustahkamlanadi.
Uyga vazifa: Vatan, tinchlik, mardlik va jasorat haqida she’r yodlash, mustaqil ijodiy ishlar bajarib kelish.
Respublika ta’lim markazi