Darsni qanday qilib integratsiyalash mumkin?
Tibbiyot kollejlarida ona tili va adabiyot fanini kasbga yo‘naltirib, tibbiyot bilan integratsiyalashtirgan holda o‘qitish o‘quvchilarda tanlagan kasbiga hurmat uyg‘otadi. Masalan, adabiyot darslarida badiiy san’atlarni tushuntirishda tibbiyot va adabiyotga oid atamalar solishtirilib tushuntirilsa, o‘quvchi uchun yanada qiziqarliroq bo‘ladi.
O‘quvchi badiiy san’at mohiyatini tushunish bilan bir qatorda tibbiyotga oid ma’lumotga ham ega bo‘ladi. Masalan:
Alliteratsiya — to‘qimaning shikastlanishidir. To‘qimaning shikastlanishi zararli agentning to‘qimaga bevosita ta’sir etishidan vujudga kelishi mumkin. Organizm shikastlanishi natijasida moddalar almashinuvi buziladi. Bu hujayra funksiyasining buzilishi va nekrozga olib kelishi mumkin.
Alliteratsiya — (tavze deb ham yuritiladi) asosan bir xil tovushlarning takrorlanishidan hosil bo‘lgan ohangdorlik. Bunda she’rda, jumlada va bandda, qisman nasriy asarlarda ham bir xil tovushlar takrorlanadi.
Leksikologiya bo‘limiga oid mavzularni o‘tishda o‘quvchilarning so‘z boyligini oshirish maqsadida qator didaktik o‘yinlardan foydalansa bo‘ladi.
"Domino" o‘yini. O‘quvchilar uch guruhga bo‘linadi. Bittadan o‘quvchi chiqib, doskaga so‘z yozadi va yozgan so‘zi qaysi harf bilan tugasa, o‘sha harf bilan boshlanuvchi so‘zni ikkinchi o‘quvchi davom ettiradi. Bu o‘yin o‘quvchilarning lug‘at boyligini, chiroyli yozuv texnikasini oshiradi. So‘zlar tibbiyotga oid bo‘lishi kerak. Masalan: yurak-ko‘z qorachig‘i-ichki-a’zolar-rak-ko‘richak-kolit-taloq-qorinparda-angina-appenditsit-tuxumdon-nevroz…
"Davriy jadval" usulida o‘quvchilar Mendeleyev davriy jadvali asosida mavzuga oid tayanch iboralarni tuzadi. Davriy sistemadagi elementlar yozilgan son orqali topadi. Masalan: "Til", "bilig" so‘zlarini quyidagicha keltirib chiqaradilar: 22, 77, 57-til 5, 77, 3, 77, 32-bilig.
57-lantan, 5-bor, 77-iridiy, 32-germaniy, 22-titan, 3-litiy.
"Doirada berilgan harflar asosida so‘z tuz" o‘yini.
O‘quvchilarga doira ichida 4 ta, deylik, A, B, O, Q harflari beriladi. Ular shu harflar bilan boshlanuvchi so‘zlar topadi. Masalan, aorta - buyrak - osteosit - qorin; angina - burun - og‘iz - qovuq; astma - bo‘yin - oshqozon - qon; anemiya - bosh - organizm -qalqonsimon bez; appenditsit - bronx - oqsil - qandli diabet; arteriya - bez - oyoq - qo‘l. Muayyan vaqt ichida 7 tadan ko‘p so‘z yozgan o‘quvchi g‘olib chiqadi. Bu o‘yin o‘quvchining lug‘at boyligini oshiradi.
Orfografiya bo‘limini o‘tishda "Toifalash jadvali"dan foydalanish mumkin. Tibbiyotga oid so‘zlarni imlosiga ko‘ra quyidagicha joylashtiramiz: oshqozon, qizil¬o‘ngach, qorinparda, yarimshar, ponasimon suyak, rezus-faktor, dahliz-chig‘anoq nervi, oshqozon-ichak kasalligi, to‘sh-qovurg‘a uchburchagi, g‘alvirsimon suyak, takabburlik mushagi, miyacha.
Tilshunoslikning morfemika bo‘limini o‘rganish qiyinchilik tug‘diradi. Buni bartaraf etish uchun tibbiyotga oid matn orqali yasama so‘zlarni topish topshirig‘ini berish mumkin:
Jigar fiziologiyasi
O‘t jigar hujayralarida ishlab chiqariladi va o‘t yo‘llari orqali o‘n ikki barmoqli ichakka quyiladi. Bu jarayon uzluksiz kechadi. Hosil bo‘lgan o‘t o‘n ikki barmoqli ichakda ovqat bo‘lganda quyiladi, ovqat bo‘lmaganda, u o‘t pufagida yig‘ila boshlaydi. O‘t pufagi shilliq pardasida o‘t tarkibidagi suyuqlik so‘riladi va o‘tning konsentratsiyasi 7-8 marta oshadi. O‘t tarkibida o‘t kislotasi, o‘t pigmentlari, xolesterin va boshqa moddalar bo‘ladi. O‘t pigmenti bilirubin jigarda gemoglobin parchalanganida paydo bo‘lgan mahsulotlardan hosil bo‘ladi. Ichakka tushgan o‘t lipazani 15—20 marta faollashtiradi, yog‘ni parchalaydi, yog‘lar va K vitaminining so‘rilishida ma’lum ahamiyatga ega, ichak harakatini kuchaytiradi. Duodenal gormon xolisistokinin o‘t pufagini qisqartiradi.
Yasama so‘zlar: ishlab, uzluksiz, boshlaydi, suyuqlik, parchalanganida, faollashtiradi, parchalaydi, kuchaytiradi, qisqartiradi.
O‘quvchining so‘z boyligini oshirish maqsadida dars yakunida til va so‘z haqida maqol va hikmatli so‘zlardan yod olish, ajratib ko‘rsatilgan so‘zlarni tibbiyot, biologiya, zoologiya ilmi nuqtayi nazaridan izohlash topshirig‘ini berish mumkin:
1. Tilingni avayla, omondir boshing,
So‘zingni avayla, uzayar yoshing.
(Yusuf Xos Hojib)
2. Til arslon misoli yotar qafasda….
(Yusuf Xos Hojib)
3. So‘zdirki, nishon berur o‘likka jondin…. (Alisher Navoiy)
4. Insonni so‘z ayladi judo hayvondin… (Alisher Navoiy)
5. O‘z ona tilingda yaratilgan madaniy boyliklarni ko‘z qorachig‘ingdek asra!
6. Tilingni asragin, tishing sinmasin.
7. Achchiq til — zahri ilon,
Chuchuk tilga — jon qurbon.
8. So‘zning onasi — quloq,
Suvning onasi — buloq.
9. Til yugurigi — boshga,
Oyoq yugurigi — oshga.
10. Fil ko‘tarmaganni til ko‘tarar.
Dilfuza ZARIPOVA, Buxoro davlat tibbiyot instituti qoshidagi akademik litseyi o‘qituvchisi