Uchayotgan qush necha marta nafas oladi?
“Uchayotgan qush o‘pkasida gaz almashinuvi ikki marta — havo o‘pkaga kirganida va pufaklardan chiqayotgan havo o‘pka orqali o‘tganda sodir bo‘ladi. Qush qancha ko‘p qanot qoqsa, o‘pka orqali havo aylanishi shuncha tez kechadi. Shuning uchun uchayotgan qushning nafasi bo‘g‘ilmasdan, aksincha, tezlashadi. Kaptar bir daqiqa tinch turganida 26 marta, uchayotganida esa 400 marta nafas oladi. Bundan tashqari, havo pufakchalariga kiradigan havo qushlar tanasini sovutib turadi”.
7-sinf zoologiya fanidan “Qushlarning ichki tuzilishi va sezgi organlari” mavzusi ana shunday qiziqarli ma’lumotlar bilan o‘tadi. Bolalarga biroz murakkabdek tuyulsa-da, o‘quvchi dunyoqarashini kengaytirib, ekologik bilimini boyitadi. “Qushlarning ichki tuzilishi” mavzusini oson tushuntirishda “Kichik guruhlarda ishlash” metodi qo‘llanadi. Bu jarayonda o‘quvchi hamkorlikda ijodiy ishlashga undaladi. Sinf o‘quvchilari besh guruhga bo‘linadi va ularga mavzu doirasida qisqa taqdimot o‘tkazish topshiriladi. Taqdimot shartlariga ko‘ra, o‘quvchilar berilgan savollarga javob yozishadi. Masalan, “Qushlarning sezgi organlari haqida ma’lumot bering”, “Qaysi suyaklar ko‘krak qafasini hosil qiladi?”, “Qushlar gavdasi qanday tuzilgan?”, “Kontur patlar qanday vazifani bajaradi?” kabi savollarga guruh ishtirokchilari javob tayyorlashi kerak. Birinchi guruh o‘z taqdimotida ushbu savollar javobini tahlil qilgach, boshqa guruh a’zolari xato va kamchiliklarni muhokama qiladi, qo‘shimcha ma’lumotlar taqdim etadi. Guruhlar navbatma-navbat o‘z fikr-mulohazalarini bayon etgach, yuzaga kelgan muammoli vaziyatga yechim topish maqsadida o‘qituvchi javoblarga qarab ball beradi. G‘olib guruh rag‘bat kartochkasi oladi, barcha o‘quvchilar baholanadi. Eng bilimdon kichik guruhga kitob sovg‘a qilinadi.
Kichik guruhlarda ishlash natijasida har bir o‘quvchi darsda faol qatnashadi va rag‘batlantiriladi. Asosiysi, o‘g‘il-qizlarning fanga qiziqishi ortib, erkin fikr bildirishga o‘rganadi.
Gulandon BOBOQULOVA, Yunusobod tumanidagi 273-maktab o‘qituvchisi