Adabiyot ham ilm, ham adabdir
Umumta’lim maktablarida navoiyxonlik va boburxonlik kechalarini o‘tkazish yuzasidan tavsiya
Har yili maktablarida navoiyxonlik va boburxonlik oyligi o‘tkazilishi an’anaga aylangan. “Ajdodlar ruhi — mangu barhayot”, “Buyuk ajdodlarim bilan faxrlanaman...”, “Xamsa” asaridan olgan taassurotlarim”, “Shoh va shoir”, “Boburnoma — tarixiy asar” kabi mavzulardagi she’riyat kechalari, insholar tanlovi, mushoiralar, tarbiyaviy soat darslari yoshlarni adabiyotga yaqinlashtiradi.
Jumladan, boshlang‘ich sinflarda “Mushoira”, “Men rasm chizaman” mavzusidagi suhbat darslari, 5—8-sinf o‘quvchilari uchun «Men bilgan ruboiy», «G‘azalxonlik» mavzusidagi tadbirlar, 9-sinf o‘quvchilari uchun «Farhod va Shirin» asari kompozitsiyasi, «Shoh va shoir» mavzusidagi badiiy chiqishlar, 10-sinf o‘quvchilari uchun “Bahribayt”, 11-sinf o‘quvchilari uchun «Saddi Iskandariy» va «Boburnoma» asarlari yuzasidan ko‘rik-tanlovlar tashkil qilish tavsiya etiladi.
Boshlang‘ich sinflarda asosan rasmlar tanlovini o‘tkazish, suhbat darslari orqali buyuk shoirlar ijodidagi ezgu fazilatlarni singdirish maqsadga muvofiq. Rasmlar tanlovida Navoiy va Bobur ijodiga oid rasmlarni chizib kelish va nominatsiyalar orqali rag‘batlantirish lozim.
Shuningdek, ochiq darslarda shoirlarning asarlariga tayangan holda mantiqiy savollar tuzib, o‘quvchilarga havola qilish ham yaxshi samara beradi.
Masalan:
Qalam to‘g‘ri bo‘lganligi uchun uning uchini doim kesib, boshini egib ishlatamiz. Nega?
Ilon egri bo‘lganligi uchun doim xazina ustida yotadi. Nega?
5—8-sinflardа Alisher Navoiy hayoti va ijodiga doir rasmlar yuzasidan og‘zaki hikoya tayyorlash, ijodiy matn yaratish, she’r, g‘azallarni ifodali o‘qib, notanish so‘zlarni lug‘atlar asosida sharhlab berish lozim. Ayniqsa, Navoiy va Bobur asarlarida uchraydigan notanish so‘zlarni tushuntirib, bu borada lug‘at yuritishga o‘quvchilarni ko‘niktirish lozim. Ana shunda ular keyinchalik mumtoz adabiyotimizni o‘qishda qiyinchilikka duch kelmaydi.
Yuqori sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Ajdodlar ruhi — mangu barhayot” mavzusidagi quyidagi tanlovni ijodiy yondashgan holda o‘tkazish tavsiya etiladi.
Tanlov adabiyot o‘qituvchisi boshchiligida 10 nafar ko‘ngilli o‘quvchi o‘rtasida o‘tkaziladi. O‘quvchilar raqam tanlagach, tegishli joylarni egallashadi. Tanlov 2 bosqichda olib boriladi. Quyida tanlovning 1-bosqichida ishtirokchilarning bilimini sinash maqsadida beriladigan savollarni havola etamiz.
1 balli savollar:
1. Shoirlar asarlaridagi sevimli qahramoningiz kim?
2. “Bobur” so‘zining lug‘aviy ma’nosi nima?
3. “Xamsa” asarining yozilishi haqida nimalar deya olasiz?
2 balli savollar:
1. Navoiyning davlat boshqaruvidagi qaysi ishlarini faxr bilan gapirish mumkin?
2. Boburiylar imperiyasi necha yil hukmronlik qilgan?
3. Navoiy va Bobur nomini abadiylashtirish bo‘yicha qanday ishlar qilingan?
3 balli savollar:
1. Navoiyning salomatlik haqidagi qaysi fikrini keltira olasiz?
2. Shoirlarning ustozlari haqida ma’lumot bering.
3. Nega Bobur ikki avlodga mansub buyuk shoh sifatida tanilgan?
Tanlovning 2-bosqichida beriladigan namunaviy savol va topshiriqlar.
Monitor orqali berilgan raqamlar ostida tanlangan ruboiylarni didaktik tahlil qilish uchun vaqt ajratiladi. Satrlar mazmuni tahlil qilinadi:
Ko‘ngli tilagan murodig‘a yetsa kishi,
Yo barcha murodlarni tark etsa kishi.
Bu ikki muyassar o‘lmasa olamda,
Boshini olib bir sorig‘a ketsa kishi.
* * *
Tole’ yo‘qi jonimg‘a balolig‘ bo‘ldi,
Har ishniki ayladim — xatolig‘ bo‘ldi.
O‘z yerni qo‘yub, Hind sori yuzlandim,
Yo rab, netayin, ne yuz qarolig‘ bo‘ldi?!
(Bobur ruboiylari)
Tanlov bayramona kayfiyatda o‘tkazilib, yakunida g‘oliblar rag‘batlantiriladi.
Barkamol avlod ta’lim-tarbiyasida Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur g‘oyalariga tayansak, o‘quvchilarda ilmga chanqoqlik, ma’naviy komillik, ruhiy poklik, tinchlikni qadrlash kabi yuksak insoniy fazilatlar shakllanib boradi. Bir so‘z bilan aytganda, adabiyot ilmi — ham bilimni oshirish, ham fikrlashga o‘rganish, ham tarbiyalanish demakdir.
Oysuluv MUSURMONQULOVA, RTM filologiya fanlari bo‘limi metodisti