Ko‘ylak bichish va tikish texnologiyasi
Bugungi kun o‘quvchisining tinglovchi bo‘lib qolishi, faqat yaxshi o‘zlashtiradigan o‘quvchilar bilan muloqot qilish, oxirgi partada o‘tirgan o‘quvchini nazardan chetda qoldirish biz, pedagoglarga ishonib topshirilgan vazifani suiiste’mol qilish bilan barobardir. Har safar darsga kirar ekanman, qizlarning bilimga chanqoq, beg‘ubor ko‘ziga qarab, bugungi sabog‘im bichish-tikish bo‘ladimi, taom tayyorlash texnologiyasimi — mustaqil hayot uchun zarur ekanini his qilaman. Maktabda tikish-bichish texnologiyasini o‘rgatish bosqichma-bosqich olib boriladi. 5-6-sinfda modellashtirish, matolardan gullar, munchoqlardan bezaklar tayyorlashni bilib olgan o‘quvchilar o‘zlari orziqib kutgan ko‘ylak tikishni 7-sinfda o‘rganadilar. Ammo darslikda berilgan ko‘ylak bichimi formulalarini ko‘rganda, bu ish biroz murakkabdek tuyuladi. Xo‘sh, nima qilmoq kerak?
Bunda o‘qituvchi va o‘quvchi hamkorlik asosida vazifasini almashib turishi maqsadga muvofiq. Bu usulda o‘qituvchi o‘quvchi rolini bajarishi, o‘quvchi ham o‘z vaqtida ham o‘rgatuvchi, ham ekspert vazifasini ado etishi mumkin. Texnologiya darsini tashkil etish jarayonida shu usul juda qo‘l keladi.
Ko‘ylak bichish va tikish texnologiyasini o‘rgatish uchun rejada 10—12 soat vaqt ajratilgan. Bunda har bir o‘quvchiga o‘zi yaratmoqchi bo‘lgan ko‘ylak dizaynini chizib kelish vazifasi topshiriladi. O‘quvchilarning chizgan rasmlari ko‘ylak uchun o‘lcham olinadigan darsda ko‘rib chiqiladi va galdagi vazifa belgilanadi. Har bir dizaynning o‘ziga xosligi, go‘zalligi e’tirof etilib, kelgusi darsda o‘quvchilar o‘zlari ustozlik qilishi mumkinligi tushuntiriladi. Masalan, keyingi ko‘ylakning old qismini bichish darsida qaysidir o‘quvchi ko‘ylakning old o‘mizini uchburchak, kimdir yumaloq shaklda chizgan bo‘lishi mumkin. Xuddi shu o‘quvchilarga keyingi darsda ustozlik qilish vazifasi topshiriladi. Xohlovchlar dugonalariga yordam berishi mumkinligi aytiladi.
Keyingi darsda esa, o‘qituvchi turli slaydlar, texnologik xaritalar yoki multimedia vositalaridan foydalanib, ko‘ylak old qismini qayiqcha qilib bichish texnologiyasini o‘rgatadi va uchburchak hamda yumaloq shakldagi bichimlarni o‘rgatish uchun o‘quvchilarga navbat beradi. Bu paytda o‘qituvchi o‘rganuvchi rolini bajaradi. O‘zi “tushunmagan” o‘rinlarda o‘quvchiga savol berib turishi ham mumkin. Ushbu holat ko‘ylak bitguncha davom etadi. Chunki qaysidir o‘quvchi ko‘ylak yengini noan’anaviy, ya’ni pastga qarab kengaygan yoki kapalaksimon qilib chizgan bo‘lishi mumkin. Kimdir ko‘ylak etagini kengroq, yana kimdir boshqacha tasvirlagan. Har bir darsda o‘qituvchi boshlang‘ich tushunchalarni beradi va shogirdi bilan o‘rin almashadi. O‘quvchilar o‘zi dars o‘tadigan kunni zo‘r hayajon bilan kutadi, ustozidan tinmay maslahat olishga, dugonalari bilan hamkorlikda ishlashga, tushunish qiyin formulalar sirini ochishga harakat qiladi. Uyiga borganida ham oynaga qarab dars o‘tishni mashq qiladi va o‘z loyihasini hammadan yaxshiroq taqdim etish uchun tirishadi. O‘qituvchi shunday yo‘l tutishi kerakki, dars o‘tmagan o‘quvchi qolmasin. Albatta, o‘qituvchi darsni o‘zi xulosalaydi, xatolarni tuzatadi va baholarni e’lon qiladi.
Marg‘uba TOIROVA, Jalaquduq tumanidagi 13-maktabning texnologiya fani o‘qituvchisi