Tanlovning 10 foydasi
Xalq ta’limi tizimidagi pedagoglar o‘rtasida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan turli ko‘rik-tanlovlar o‘qituvchilarni ijodkorlikka, yangi pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanishga undamoqda.
Pedagoglarga amaliy ko‘mak beradigan metodik materiallar tayyorlash, ilg‘or tajribalarni ommalashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yuqori talablarga javob beradigan namunali dars ishlanmalari yaratish va ularni amaliyotga tatbiq etish masalasi ta’lim-tarbiya tizimida doimo dolzarb bo‘lib kelgan. “Eng yaxshi dars ishlanmasi” tanlovi xalq ta’limi tizimidagi yuqori malakali pedagoglarni aniqlash va ularni qo‘llab-quvvatlash, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, o‘qituvchining o‘z ijodi va mahoratini namoyish etishi uchun sog‘lom raqobat va ijodkorlik muhitini yaratish, ta’limiy veb-saytlar, axborot-ta’lim portalini fanlar kesimida namunali dars ishlanmalari bilan to‘ldirish, dars ishlanmalarining elektron bankini yaratish maqsadiga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
O‘tgan yili mazkur tanlovning respublika bosqichida 8-sinf jahon tarixi fanining “Ilm-fan taraqqiyoti” mavzusidagi dars ishlanmam bilan 1-o‘rinni egallagunimga qadar tayyorlanish jarayonida 10 ga yaqin kitob, 20 ga yaqin ilmiy maqolalar bilan tanishib chiqishimga to‘g‘ri keldi. Hozir ushbu adabiyotlar va ilmiy maqolalar elektron kutubxonamdan o‘rin egalladi. Xo‘sh, mazkur ko‘rik-tanlov ishtirokchiga nima beradi? Quyida buning 10 ta foydali jihatini havola etaman:
1. “Eng yaxshi dars ishlanmasi” ko‘rik-tanlovida munosib qatnashish orqali o‘qituvchi bir yilda, hech bo‘lmaganda, bir mavzu yuzasidan ilmiy ish yoqlaganday izlanadi hamda ushbu mavzu yuzasidan juda katta ma’lumotlar bazasiga ega bo‘ladi.
2. Ko‘rik-tanlov uchun yozilgan dars ishlanmasi mavzusi o‘qituvchi uchun sevimli bo‘lib qoladi hamda qaysidir ma’noda shu mavzu yuzasidan kelajakda ilmiy ish qilishga o‘qituvchida istak paydo bo‘ladi.
3. Noan’anaviy tarzda interaktiv ko‘rgazmali, taqdimotli va AKTdan unumli foydalanib yozilgan ishlanma asosida o‘tkazilgan dars o‘quvchilar uchun ham qiziqarli hamda yuqori samaradorlikka xizmat qiluvchi mashg‘ulotga aylanadi. O‘quvchilarning xotirasida uzoq vaqt saqlanib qoladi. O‘quvchilar o‘rtasida “Tarix fanidan mening eng sevimli mavzuim!” bo‘yicha insho olinsa, albatta, shu dars mavzusini tanlab, o‘z fikrini bildira oladi.
4. O‘qituvchining ijodkorlik shijoati oshadi. Har bir zargar bitta buyumni bekam-u ko‘st, mohirona yasagan bo‘lsa, ushbu buyumdan ilhom olib, yanada ko‘proq go‘zallik yaratgisi keladi. Yangi-yangi go‘zal buyumlar paydo bo‘laveradi. Xuddi shunday o‘qituvchi ham o‘zining ko‘ngli to‘ladigan darajada yuqori saviyadagi ijod mahsulini yaratsa, bu keyingilariga ham zamin bo‘ladi.
5. “Eng yaxshi dars ishlanmasi” ko‘rik-tanlovi bahona o‘qituvchi AKTni puxta o‘rganib oladi. Masalan, o‘tgan yili tanlovga jo‘natgan dars ishlanmamga tegishli interaktiv taqdimotlarni tayyorlash uchun Microsoft Office paketining Microsoft Power Point, turli ko‘rgazmali hamda tarqatma materiallarni tayyorlash uchun rasmlarni tahrirlovchi Ulead PhotoImpact hamda matn muharriri — Microsoft Office Word dasturlarini mukammal o‘rganib chiqdim. Bu yil ko‘rik-tanlovda munosib qatnashish uchun rivojlantiruvchi o‘yinlar to‘plamini hosil qilishda yordam beradigan turli dasturlarni o‘rganyapman.
6. O‘qituvchi ko‘rik-tanlov uchun yoyiq dars ishlanmasi yozish asnosida dars bosqichlarini to‘g‘ri, mantiqiy izchillikda bayon etibgina qolmay, har bir bosqichga alohida e’tibor bilan tayyorgarlik ko‘rish ko‘nikmasini rivojlantiradi.
7. Ko‘rik-tanlovga o‘qituvchi astoydil tayyorgarlik ko‘rsa, yangi pedagogik texnologiyalarni mavzusiga moslab o‘zi yaratish darajasigacha yetadi. Dars ishlanmasining bayon etilishida ilg‘or pedagogik texnologiya elementlari, metodlardan o‘rinli foydalana oladi hamda ularni aniq yoritib bera oladi.
8. O‘qituvchining kasbiy kompetentliligini rivojlantirish orqali ta’lim samaradorligi oshadi.
9. O‘qituvchining internet bilan ishlash malakalari rivojlanadi.
10. O‘qituvchining ilg‘or ish tajribalari ommalashtiriladi.
Ko‘rik-tanlovlar o‘qituvchining zamon bilan hamnafas yurishiga yordam beradi. Shuningdek, o‘qituvchilar faoliyatida zamonaviy uslub va ilg‘or tajribalarning uyg‘unlashuviga zamin hozirlaydi. Zero, sifatli ta’lim-tarbiya — bosh maqsadimizdir.
Shuhrat NURG‘OZIYEV, Do‘stlik tumanidagi 10-maktabning tarix fani o‘qituvchisi