“Quvnoq gimnastika”
4-5-sinf “Ona tili” hamda 5-sinf “O‘zbek tili” (ta’lim rus tilida olib boriladigan maktablar uchun) darsliklarida kelishiklar mavzusi berilgan. Men kelishiklar va ularning qo‘shimchalarini o‘quvchilarga oson tushuntirish metodini tavsiya qilmoqchiman.
“Quvnoq gimnastika” deb nomlangan bu metodni qo‘llashdan asosiy maqsad — harakatli o‘yinlar orqali o‘quvchilarga yangi bilim berish, fikrlash qobiliyatini o‘stirish, darsga nisbatan motivatsiya uyg‘otish, mavzuni oson tushuntirishdan iborat. “Quvnoq gimnastika” o‘yinini o‘tkazish uchun o‘quvchilar o‘rnidan turadi.
1. Bosh kelishik — o‘quvchilar ikki qo‘llarini birlashtirib, boshlarining orqa tomoniga qo‘yadilar.
2. Qaratqich kelishigi — o‘quvchilar o‘ng va chap tomonga burilib qaraydilar.
3. Tushum kelishigi — o‘quvchilar “tushadilar”, ya’ni o‘tiradilar.
4. Jo‘nalish kelishigi — qo‘llarini oldinga yo‘naltiradilar.
5. O‘rin-payt kelishigi — ikkala qo‘llarining ko‘rsatkich barmog‘i bilan o‘tirgan o‘rinlarini ko‘rsatadilar.
6. Chiqish kelishigi — o‘quvchilar “chiqadilar”, ya’ni o‘rinlaridan turadilar.
Bu usul qo‘llanganda o‘quvchilar quvnoqlik bilan mavzuni oson o‘zlashtiradilar. Hatto bo‘sh o‘zlashtiruvchi o‘quvchiga ham gimnastikamiz juda yoqadi va ikki-uch takrorlashdayoq kelishiklarni yodlab oladi.
Kelishik qo‘shimchalarini ham shu tarzda o‘rganamiz:
1. yo‘q.
2. – ning.
3. – ni.
4. – ga (-ka, -qa).
5. – da.
6. – dan.
Qo‘shimchalarni aytishda ham yuqoridagi harakatlarni takrorlaymiz. Birinchi amalni bajarganimizda aynan “yo‘q” so‘zini aytamiz. Ma’lumki, bosh kelishikda qo‘shimcha bo‘lmaydi.
Men bu amaliyotdan o‘z darsimda foydalanaman va barcha ona tili o‘qituvchilari va ota-onalarga ham tavsiya qilaman. Chunki o‘quvchilarimizning bilimli va sog‘lom bo‘lishlari barchamizning oliy maqsadimizdir.
Minuraxon TOIROVA, Qo‘rg‘ontepa tumanidagi 30-IDUMning o‘zbek tili o‘qituvchisi