“Marraga yetib ol” ko‘rgazmasi bolalarni mashg‘ulotga qiziqtiradi
Biz, defektolog-surdopedagoglarning asosiy vazifamiz eshitish imkoniyati cheklangan bolalarga har tomonlama puxta bilim berib, ularning ma’naviyatini yuksaltirish, barkamol inson qilib tarbiyalashdir.
Eshitishida nuqsoni bor bolalarda ko‘rganini eslab qolish qobiliyati kuchli bo‘ladi. Shuning uchun ularga har bir darsni ko‘rgazmali tarzda o‘tish muhim ahamiyatga ega.
Quyida ana shunday ko‘rgazmalilik asosida o‘tilgan mashg‘ulotlardan namunalar havola etamiz. 1-ko‘rgazma: “Marraga yetib ol”.
Bu ko‘rgazmali vosita eshitish imkoniyati cheklangan bolalarning mayda qo‘l mushaklari hamda eshitish qobiliyatini rivojlantirish, og‘zaki nutqini o‘stirishga yordam beradi.
Foydalanishdan maqsad:
— bolaning eshitish imkoniyati darajasini to‘g‘ri aniqlash va rivojlantirish;
— mayda qo‘l motorikasini rivojlantirish.
O‘yin sharti:
— o‘quvchiga mayda qo‘l mushaklarini rivojlantirish uchun quyonchaning qo‘lidagi ipni barmoqlari bilan to‘siqlardan o‘tkazib, marraga, ya’ni sabzi qo‘yilgan joygacha yetib borish topshirig‘ini bajarish aytiladi;
— doira (surnay, qo‘ng‘iroq, qoshiq bilan stolni chertish, qarsak chalish kabilardan foydalanish mumkin) ovozini eshitishi bilan bola ota-onasi bajargan harakatni, ya’ni ipni bitta to‘siqdan o‘tkazish harakatini takrorlashi lozim. Mashq to bola o‘zi mustaqil bajara olgunicha takrorlanadi. 2-ko‘rgazma: “Xotira mashqi”.
Bu ko‘rgazmadan maktabgacha yoshdagi va boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining mayda qo‘l mushaklarini, artikulyatsion organlari harakatini, aqliy, ya’ni bilish qobiliyatini rivojlantirish uchun foydalaniladi. “Xotira mashqi” yordamida o‘quvchilar ranglarni, sonlarni farqlashni o‘rganadi, miya faoliyati yaxshilanadi. O‘yin bolalarning kayfiyatini ko‘taradi, ishchanlik va hamjihatlik qobiliyatini shakllantiradi, xotirasini mustahkamlaydi.
Bu o‘yindan savod o‘rgatish, nutq o‘stirish, nutq grammatikasi, atrofimizdagi olam, matematika, talaffuz darslarida va darsdan tashqari mashg‘ulotlarda foydalanish mumkin. Eng asosiysi, bu ko‘rgazma eshitish imkoniyati cheklangan bolalarning eshitish qobiliyatini rivojlantirish maqsadida ham qo‘llaniladi. Bolaga o‘yinchoqlar yoki nog‘ora ovozi (surnay, qo‘ng‘iroq, qoshiq bilan stolni chertish, qarsak chalish kabilar) eshittiriladi va u ovozni eshitishi bilan bitta tugmachani oladi. Mashg‘ulot bosqichma-bosqich olib boriladi.
Mehriniso AHMeDOVA, Karmana tumanidagi 25-eshitish imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internat o‘qituvchisi