Metod qanday tanlanadi?
Mashg‘ulotni metodik jihatdan to‘g‘ri tashkil etish o‘qituvchining maqsadiga bog‘liq. Misol uchun, har bir metod shaklan bir xil bo‘lsa-da, uni o‘quvchilar qiziqishiga ko‘ra qo‘llash samara beradi. Bunda maktabdagi shart-sharoit, bolalarning bilimi va malakasi, dars mavzusi kabilarni hisobga olish lozim. Chunki bir sinfda yaxshi natija bergan metodika boshqa sinfda aks natija berishi mumkin.
Tanlangan va qo‘llanilayotgan har bir metod shaklan o‘zgarmay qolsa ham, mazmunan o‘zgarishi mumkin. Mutaxassislar tasviriy san’atni o‘qitish metodlari yagona tizim, yagona talabga javob berishi lozim deb hisoblaydi. Ularning fikriga ko‘ra, har bir metod jamiyat taraqqiyoti davomida shakllanib bo‘lgan, uni o‘zgartirmasdan shundayligicha qo‘llash lozim. Boshqa guruh mutaxassislarining fikriga ko‘ra, o‘qitish metodining asosini har bir o‘qituvchining shaxsiy ish tajribasi tashkil etishi kerak.
Pedagogika nazariyasi asosan, nutqiy namoyish etish va amaliy ishdan iborat. Bu metodlar o‘z o‘rnida kichik metodlarga bo‘linadi. Masalan, nutqiy metod hikoya qilish, tushuntirish, suhbat, kitob bilan ishlash kabilardan tashkil topadi.
Ko‘rgazmali metod esa kuzatish, namoyish etish, amaliy ish mashq, rasm ishlash, ijodiy ish, o‘yin kabi metodlarga bo‘linadi.
O‘qitish uslubi deb o‘qitish metodlarining ayrim qirralarini tushunamiz. O‘qitish uslublaridan o‘qitish metodi tashkil topadi.
Masalan, namoyish etish metodi asosida o‘qituvchi mashg‘ulot o‘tkazganda, ekranga san’at asari tasvirini texnika vositasi orqali tushiradi. Bu jarayonda o‘qituvchi suratdagi biror shaklni yirik qilib ko‘rsatishi usul hisoblanadi. Shu o‘rinda ekrandagi tasvir yuzasidan savol-javob o‘tkazilishi ham yuqoridagi usulning davomi hisoblanadi.
O‘qituvchi o‘qitish metodlariga asoslanib ish yuritganda tasviriy san’at qonunlari va ularning xususiyatidan kelib chiqadi. Shuni hisobga olish lozimki, tasviriy san’atning nazariy asosini o‘rgatganda o‘qituvchi bir xil metoddan foydalanishi mumkin emas. O‘qitish metodikasining tarixi kishilar bir-biriga rasm chizishni o‘rgata boshlagan davrga borib taqaladi. U kishilik jamiyatining taraqqiyoti davrida takomillashgan, davr o‘tishi bilan o‘qituvchilar, olimlar uning yangidan-yangi turlarini kashf etgan.
Gulshoda TOIROVA, Sardoba tumanidagi 6-maktabning chizmachilik fani o‘qituvchisi