Hisoblashning “Besh panja” usuli
“Besh panja” usuli 3—5-sinf o‘quvchilariga uzunlik, yuza va hajm o‘lchov birliklarini hisoblashni o‘rgatishda qulay yo‘l hisoblanadi. Buning uchun panjalarni bolalarga qaratib, jimjilog‘imizni mm, keyingisi sm, dm, m, km deb tushuntiramiz.
Uzunlik o‘lchov birliklari, ya’ni har bir barmoq orasida bitta nol bor. 10 sm=100 mm. Dm.dan mm.gacha ikkita barmoq orasi bor. Bu o‘lchov birliklari orasida ikkita nol bor degani. Demak, 1 dm=100 mm. Endi yuza o‘lchov birliklarini ko‘rib chiqamiz. Yuqoridagi kabi jimjilog‘imizni mm2, keyingilarini sm2, dm2, m2 deb olamiz. Yuza o‘lchov birliklarida, har bir barmoq orasida ikkita nol bor.
Masalan, 1dm2 ni sm2 da ifodalamoqchi bo‘lsak, dm.dan sm.gacha barmoqlarimiz orasidagi bo‘shliqni hisobga olamiz. Ikkita joy bor, demak, 1dm2 =100 sm2 bo‘ladi.
Endi hajm o‘lchov birliklarini ko‘rib chiqamiz. Hajm o‘lchov birliklariga mm3, cm3, dm3, m3 kiradi. Eng kichik barmog‘imizni mm3, keyingilarini sm3, dm3, m3, km3 deb olamiz. Bunda hajm o‘lchov birliklarida har bir barmoq orasida uchta nol bor. Masalan, 1m3= 1 000 000 000mm3. 1dm3 ni mm3 da ifodalamoqchi bo‘lsak, dm.dan mm.gacha, barmoqlarimiz orasida ikkita bo‘sh joy bor, demak, 6 ta nol qo‘yish kerak: 1dm3 = 1 000 000 mm3.
Mana shu usulda tushuntirilsa, o‘quvchi tez hisoblay oladi.
Aziza JAMOLOVA, Buxoro tumanidagi 19-maktab o‘qituvchisi