Bo‘ston qayda edi, ustoz bo‘lmasa?..
Ta’lim muassasalarida 1-oktabr ― O‘qituvchi va murabbiylar kuni umumxalq bayramini nishonlash bo‘yicha tadbir senariysi
1-boshlovchi:
― Assalom, ustozlar, mehri daryolar,
Ilm-fan bog‘ida asl donolar!
2-boshlovchi:
― Bugun qarshingizda yosh shogird bo‘lib,
Yuraklar limmo-lim zavq-shavqqa to‘lib,
Sha’ningiz ulug‘lab she’rlar ayturmiz,
Ustozga bir umr ta’zim qilurmiz!
1-boshlovchi:
― Assalomu alaykum, mehri daryo, qalbi quyosh, yosh avlodga ta’lim-tarbiya berishdek ezgu ishga qalb qo‘rini, bor mehrini baxshida etib kelayotgan jonkuyar, fidoyi muallimlar, aziz ustozlar!
2-boshlovchi:
― Assalomu alaykum, aziz mehmonlar hamda o‘quvchilar! Xalqimizda o‘qituvchilik azal-azaldan e’tiborli kasb sanalgan. Dunyoning hech qaysi mamlakatida o‘qituvchi-murabbiylarga nisbatan bu qadar e’tibor qaratilmagan. Respublikamiz Prezidentining farmoni bilan 1997-yildan boshlab 1-oktabr “O‘qituvchi va murabbiylar” kuni umumxalq bayrami sifatida nishonlanmoqda.
1-boshlovchi:
― Ustozlarga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan bugungi bayram kechamizni Davlatimiz madhiyasi bilan boshlaymiz.
(O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi o‘quvchilar tomonidan xor bo‘lib kuylanadi).
She’r: “Ustoz ― otangday ulug‘!”
1-o‘quvchi:
― Ustoz — otangday ulug‘, ustoz qadami qutlug‘,
Ustozning har kalomi ilm-u hikmatga to‘liq.
Ustozning dili ravshan, ustoz makoni yorug‘,
Unib chiqar, albatta, ustoz tashlagan urug‘,
Ustoz qadami qutlug‘, ustoz ― otangday ulug‘!
2-o‘quvchi:
― Temur bosh qo‘ydi mangu ustozining poyiga,
Ustoz o‘xshar olamning quyoshiga, Oyiga,
Bilim nuri yog‘ilar qadam qo‘ygan joyiga,
Yo‘llar adolat, vafo, muhabbat saroyiga,
Ustoz qadami qutlug‘, ustoz ― otangday ulug‘!
3-o‘quvchi:
― Ota-ona farzandni keltiradi dunyoga,
Ustoz esa cho‘mdirar ilm-u hikmat, ziyoga,
Yerdagi bolalarni ko‘taradi samoga,
Ota-ona fanosin aylantirar baqoga,
Ustoz qadami qutlug‘, ustoz ― otangday ulug‘!
4-o‘quvchi:
― Deydilar, ustoz jabri — ota mehridan afzal,
Shogirdlarning iqboli ― ustoz jabriga badal,
Navoiy demish: Kasbni egallagin mukammal,
Saodatning kaliti, bilgilki, ilm-u amal,
Ustoz qadami qutlug‘, ustoz ― otangday ulug‘!
5-o‘quvchi:
― Najot gulin o‘stirar Avloniy gul bog‘ida,
Haq olinur berilmas — Behbudiy sabog‘ida,
Oqilxonning siymosi “Alifbo” varog‘ida,
Ustozlar iydin yozay qasidam adog‘ida,
Ustoz qadami qutlug‘, ustoz ― otangday ulug!
Qo‘shiq: “Ustoz yaxshida” (Yigit-qizlar jo‘rovozda ijro etishadi).
Yiqilsang, qo‘lingdan tutadi,
Sog‘inib yo‘lingni kutadi,
Duosi ko‘klarga yetadi,
Ustoz yaxshi-da, yaxshi-da,
Ustoz yaxshi-da…
Avaylab tuzatar xatoni,
Tanitar senga keng dunyoni,
Oftobdek issiqdir ruxsori,
Ustoz yaxshi-da, yaxshi-da,
Ustoz yaxshi-da…
Naqorat:
Onadek azizdir, otadek aziz,
Tanib bo‘larmidi dunyoni usiz!
Har qancha tursak ham xizmatida biz,
Ustoz yaxshi-da, ustoz yaxshi…
Buyuk maqsadlar bor dilimda,
Ustozim, qo‘llarim ko‘ksimda,
Bir umr shogirdlar ta’zimda,
Ustoz yaxshi-da, yaxshi-da,
Ustoz yaxshi-da…
Shogirdin kamolin o‘ylaydi,
Doimo haq so‘zni so‘zlaydi,
Yo‘rug‘ manzillarni ko‘zlaydi,
Ustoz yaxshi-da, yaxshi-da,
Ustoz yaxshi-da…
Hikmatli so‘zlar:
1-o‘quvchi: ― Ustoz — otangday ulug‘.
2-o‘quvchi: ― Ustozsiz shogird ― jonsiz terak.
3-o‘quvchi: ― Ustoz ko‘rgan xat tanir.
4-o‘quvchi: ― Usta bo‘lsang ham, ustozingni unutma.
5-o‘quvchi:
― Jahonda bo‘lmasa muallim agar,
Hayot ham bo‘lmasdi go‘zal bu qadar.
6-o‘quvchi:
― Ustoz-muallimsiz qolsa bir zamon,
Nodonlikdan qora bo‘lurdi jahon.
7-o‘quvchi:
― O‘quv qayda bo‘lsa, ulug‘lik bo‘lur,
Bilim qayda bo‘lsa, buyuklik bo‘lur.
8-o‘quvchi:
― Haq yo‘lida kim senga bir harf o‘qitmish ranj ila,
Aylamak bo‘lmas ado oning haqin yuz ganj ila.
9-o‘quvchi:
― O‘quv qunt beradi, ilm sharaf-shon,
Ikkovi tufayli ulug‘dir inson.
10-o‘quvchi:
― Dedilar: Dunyoda kim asli aziz,
Aytdilar: Ustozdir, ustoz begumon.
Tag‘in aytdilarki, aziz, shubhasiz,
Ustozin qadriga yetolgan inson!
Qo‘shiq: “Ustozim” (Yakkaxon ijro)
Qalb nurini taratgan,
Shodliklari osmonim,
Hayot yo‘lin yoritgan
Shirinzabon ustozim!
Butun olam o‘zingiz,
Kulib boqar ko‘zingiz.
Quvonchlarga to‘ling siz,
Siz bahorim, ustozim!
Shirin so‘zim, kuylarim,
Qo‘shiqlarim, o‘ylarim.
Siz-la baland bo‘ylarim,
Ko‘ztumorim, ustozim!
Shodliklarim, osmonim, ustozim,
Har bir so‘zi dostonim, ustozim.
Tog‘dek baland g‘ururi, ustozim,
Ko‘ngil bog‘i bo‘stonim, ustozim!
(Ohista taralayotgan musiqa ohanglari ostida sahna ko‘rinishi namoyish etiladi).
1-boshlovchi: ― Qadim-qadim zamonda bir bog‘bon bo‘lgan ekan. U doimo daraxt ko‘chatlarini ekib, yangi-yangi bog‘-bo‘stonlar yaratarkan. Kunlarning birida uning yoniga bir kishi kelib debdi:
― Yoshingiz anchaga borib qolibdi, bu nihollar qachon hosil beradi-yu, ularning mevalaridan qachon bahramand bo‘lasiz?
Mo‘ysafid: ― Men ko‘chatlarimni faqat o‘zim uchun ekkanim yo‘q. Ularning mevasini barcha birdek baham ko‘rsin. Men uchun eng muhimi, o‘stirgan daraxtlarimning keyingi avlodlarga naf keltirishidir.
2-boshlovchi: ― Ustozlarimiz ham xuddi bog‘-u chamanzorlar bunyod etuvchi beminnat bog‘bonlarga o‘xshaydi.
1-boshlovchi: ― O‘qituvchilar o‘quvchilarni o‘z farzandlaridek asrab-avaylab voyaga yetkazadi. Ularga ta’lim berib, odob-axloqqa o‘rgatadi, kasb-hunarga yo‘naltiradi.
1-o‘quvchi:
― Sizning ta’limingiz olmagan kim bor?
Siz-ku yuraklarda ilk ziyo yoqqan.
Olimmi, shoirmi va yo san’atkor,
Ilk bor sizga tomon ustoz deb boqqan.
2-o‘quvchi:
― Bitta harf dardida riyozat chekib,
Oqibat ko‘kka ham chiqolgan inson.
Ne ajab, sizlarni baxtiyor etib,
O‘rnidan dast turib, bosh egsa shu on.
3-o‘quvchi:
― Buyuk Alisherdek lutf etgan misol,
Savod o‘rgatdingiz qancha ranj bilan.
To‘lab bo‘larmikan bu qarzni, alhol
Uzib bo‘larmikan yuzta ganj bilan?!
“Mustahzod” (Raqsida qizlar).
She’r: “Ustoz bo‘lmasa”
1-o‘quvchi:
― Iymon qayda edi, ustoz bo‘lmasa,
Urfon qayda edi, ustoz bo‘lmasa.
Sohibqiron qayda, Navoiy qayda,
Cho‘lpon qayda edi, ustoz bo‘lmasa!
2-o‘quvchi:
― Yo‘qsillar yurtiga dunyo keltirgan,
Sahrolar bag‘riga daryo keltirgan,
U yurtdan bu yurtga ziyo keltirgan,
Karvon qayda edi, ustoz bo‘lmasa!
3-o‘quvchi:
― Muallim atalgan, buyuk atalgan,
Ardoqlangan, mudom suyuk atalgan,
Olti asr avval ko‘kka qadalgan,
Narvon qayda edi, ustoz bo‘lmasa!
4-o‘quvchi:
― U shunday yashaydi, tug‘ilgan shunday,
Zarrasi behisob bir siqim qumday,
Mardlikdan dars olgan Jaloliddinday,
O‘g‘lon qayda edi, ustoz bo‘lmasa!
5-o‘quvchi:
― She’r bitsam, so‘z topib g‘amimni yegan,
Ko‘ngil deb atalmish zo‘r ilhom bergan.
Chor tarafi gulzor she’riyat degan,
Bo‘ston qayda edi, ustoz bo‘lmasa!
6-o‘quvchi:
― Shogirdlar kamolin ko‘rib baxtiyor,
Yurtga xizmat qilsa, tuyar iftixor,
Niyati, amali ezgu, ulug‘vor,
Inson qayda edi, ustoz bo‘lmasa!
1-boshlovchi:
― Aziz ustozlar, sizlarni yana bir bor qutlug‘ ayyomingiz bilan chin qalbimizdan tabriklaymiz.
2-boshlovchi:
― Shogirdlaringiz va farzandlaringiz baxtini, kamolini ko‘rish barchangizga nasib etsin. Shu bilan bugungi bayram tadbirimiz o‘z nihoyasiga yetdi. E’tiboringiz uchun rahmat!
Sarvinoz NIZOMOVA, Kitob tumanidagi 5-maktabning musiqa fani o‘qituvchisi