Asar tilini o‘rganamiz
(G‘afur G‘ulomning 6-sinf adabiyot darsligida berilgan “Shum bola” qissasi misolida)
Har bir asarning mazmun-mohiyatini tahlil qilganimizda, eng avvalo, uning badiiyligini ifodalovchi tiliga e’tibor qaratamiz. Chunki asar tili tasvirlangan voqea-hodisani to‘laqonli ochib berishga xizmat qiladi. Adabiyot darslarida izohli lug‘atlardan foydalanish badiiy asarlarning ijtimoiy hayotdagi o‘rnini teranroq tushunish, o‘quvchining nutqiy savodxonligini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Bugungi o‘quvchi faqat keksa avlod vakillari nutqida yoki asarlarda uchraydigan izohtalab so‘zlar ma’nosini o‘rgansa, badiiy asar tili yordamida asar qahramonlari bilan til topisha oladi. Har bir kichik epizod, qo‘llanilgan detallargacha ma’lumotga ega bo‘ladi. O‘quvchi asarni tushunib o‘qisa, unda yana kitob o‘qish istagi vujudga keladi. Shunday ekan, tilini tushunish biroz mushkul bo‘lgan badiiy asarlarni izohli lug‘at yordamida o‘qishni o‘rganishlari juda ham muhim. Men 6-sinf adabiyot darsligidagi G‘.G‘ulomning “Shum bola” qissasidan berilgan parchadagi ayrim izohtalab so‘zlarning izohini keltirish misolida bu so‘zlarning ma’nosi qanchalik muhim ahamiyatga egaligini ko‘rsatib o‘tmoqchiman.
“..Bu qishloqda Sariboy bo‘lis degan katta yer egasi bor ekan”.
Bo‘lis — (r. volost — egalik qilmoq) o‘tmishda Rossiya va unga tobe hududlarda uyezd tarkibidagi bir qancha qishloqni o‘z ichiga olgan ma’muriy bo‘linma.
Asarda Sariboyning bo‘lis nomini olishi ham katta yerga egalik qilishi bilan bog‘liq.
“Uning ming tanoblab hisoblangan olmazoriga epchil qo‘lli xizmatkor doim zarur bo‘lib turar ekan”.
Tanob — (a. arqon; pay) O‘rta Osiyo xonliklarida — tomonlari 60 gazdan iborat bo‘lgan maydonga teng yuza (yer) o‘lchov birligi.
Bu yerda bir tanob yerning o‘lchovi ko‘rsatilgan bo‘lsa, shundan kelib chiqib Sariboyning yerini hisoblaymiz, ya’ni ming tanobni.
Bundan tashqari, o‘quvchilar izohtalab so‘zlarning omonim variantlarini bilish orqali ham ularni o‘z o‘rnida qo‘llay oladi. Jumladan, tanob so‘zining omonimik variantlari: 1. Yer o‘lchash, chiziq tortishlarda ishlatiladigan uzun ip. Tanob tortmoq. 2. Shohning amri bilan ming polvon va kal ikki kecha-kunduz yo‘l tortib, g‘osha tog‘iga yetib, chortig‘lar(chodirlar) tanobini tortib… yotaverdi. (“Zulfizar va Avazxon” dostoni)
“... – degan dudmal maslahat berdi”.
Dudmal — nimaligi aniq bo‘lmagan, har xil tushunsa bo‘ladigan. Ma’nodoshlari: mujmal, muhmal.
Bir necha yillardan beri Sariboy bo‘lisda xizmat qilayotgan ko‘pni ko‘rgan keksa kishilar boy hech kimning bog‘ini ko‘kartirmasliklarini yaxshi bilardi. Yosh bolaning bu yerda qolib ketishi uvol, shunday bo‘lsa-da, to o‘zini o‘nglab olgunga qadar shunchaki kun o‘tib turishi uchun o‘n-o‘n besh kun ishlashini “dudmal” maslahat beradi.
“... tong azonda avrodchi so‘filarning…”
Avrod — duolar, Bomdod, namozidan so‘ng o‘qiladigan duo.
Asarda tongda namozdan so‘ng ovoz chiqarib tilovat qiladigan so‘filar avrodchi so‘filar deyilgan.
“…O‘tovning eshigini qoqib «xudoyi qo‘noq» dedim”.
O‘tov — Markaziy Osiyo, Janubiy Sibir ko‘chmanchilarida yengil material, kigizdan konussimon shaklda yasalgan ko‘chma uy, turarjoy.
Qo‘noq — biror joyga, biror kimsaning uyiga qo‘ngan, tushgan yo‘lovchi, sayyoh, mehmon.
Bundan tashqari, qo‘noq so‘zining boshqa ma’nolari ham bor: 1. Kun botgach, tovuqlar qo‘noqqa chiqdi. 2. Qo‘ng‘irboshlar oilasiga mansub, doni tariqdan ko‘ra maydaroq, boshoqli bir yillik o‘simlik.
Asarda ham o‘tov qirda qurilgan mavsumiy ko‘chma uy sifatida berilgan, “xudoyi qo‘noq” — “mehmon Atoyi Xudo” mazmunida kelyapti.
“Qo‘ndoqdan ajragan kakku bolasiday qo‘narga shox-butoqsiz”.
Qo‘ndoq — qushlar tunashi uchun o‘rnatilgan dor, qushlar qo‘nib dam oladigan, tunaydigan joy, qo‘nolg‘a.
Variantlari: 1) qo‘ndoq — miltiq, avtomat, qo‘l pulemyoti va shu kabi qurollarning barcha qismlarini tutib turadigan va otganda yelkaga tirab turiladigan qismi. Miltiqning qo‘ndog‘i; 2) ko‘mish uchun dastalab bog‘langan tok. Toklarni qo‘ndoq qilmoq. 3) chaqaloqning beshikka belanishigacha bo‘lgan, charvisimon moydan hali toza bo‘lmagan davri va shu davrda chaqaloq o‘raladigan maxsus yo‘rgak. Qo‘ndoqda tekkan kasal(yoshlikdan qolgan odat, eski kamchilik). Bu sizga qo‘ndoqdan tekkan dard! (M.Boboyev, “Go‘zallik istab”).
“U qo‘shoqlangan bir qo‘ra qo‘y ustida kuzatib turar edi”.
Qo‘shoqlanmoq — bir-biriga biriktirib, bir arqon bilan bog‘lamoq, qo‘shoq qilmoq (qo‘y, echki va shu kabi hayvonlar haqida).
Asarning o‘zidan misollar: 1. Omon belidan qo‘shoq arqonni yechdi. Qolgan qo‘ylarni qo‘shoqladik. (G‘.G‘ulom, “Shum bola” qissasidan).
“…qoqilmagan namatdek…”
Namat — (f. kigiz) yungdan bosib ishlangan palos, kigiz.
…Yo‘lning gard-g‘ubori qoqilmagan namatdek qilib yuborgan bu bashara ko‘zimga issiq-issiq ko‘rinadi. Bu gapda o‘xshatish mazmunini berish uchun qo‘llangan. Ya’ni chang-to‘zondan yuzlariga gard yuqqan.
“...qo‘lidagi boshi cho‘qmor kaltagi menga tanish emas”.
Cho‘qmor — to‘qmoq shaklidagi qadimiy urush quroli; gurzi, shashpar.
Variant: tosh kesadigan, parchalaydigan og‘ir to‘qmoq. Farhod qo‘lida tesha va cho‘qmori bilan katta-katta tog‘ toshlarini qo‘porib, Sirni bo‘g‘a boshladi
(I.Jabborov, “Ko‘hna xarobalar ishi”).
Asarda Omonning qo‘lidagi qo‘ylarni qaytaruvchi kaltagining boshi to‘qmoq shaklida bo‘lgani uchun cho‘qmorga o‘xshatilyapti.
“Og‘ilxonaga kiradigan yo‘lak yonidagi g‘ulomgardishdan yotishga joy ko‘rsatdi”.
G‘ulomgardish — xizmatkorlar (qadim o‘tmishda qullar) yashashi uchun qurilgan boshpana.
“…xuddi sag‘risiga bo‘ka tushganday yana o‘ynoqlab qochadi”.
Bo‘ka — hayvonlar terisi ustiga tushadigan parazit hasharot.
Asardan: Go‘shting olaqarg‘aga xomtalash bo‘lgur, men yetib borgunimcha o‘t chimdib turadi, yetib borganimdan keyin, menga bir qarab qo‘yadi-da, xuddi sag‘risiga bo‘ka tushganday yana o‘ynoqlab qochadi.
“… tering sangobda chirigur sigir …”
Sangob — teri oshlash uchun qilingan ohak yoki qum eritmasi.
Asardan: Shu ahvolda tipirchilab yotgan, tering sangobda chirigur sigir birdan irg‘ib o‘rnidan turib dumini xoda qilib bir qochib berdi.
Yuqorida birgina qissada berilgan parchadan o‘quvchi uchun izohi talab etiluvchi so‘zlarni keltirdik va izohli lug‘atdan foydalanib asar tilini o‘rgandik. Kitobxon o‘quvchida esa asar tilini bilish yordamida tasavvur uyg‘ondi, u shu tasavvur orqali tahlil qila oldi, ijodiy munosabat bildiroldi, xulosa chiqardi. Demak, izohli lug‘atning davr oshgan, tarixiy, yaqin o‘tmishdagi asarlarni o‘qishda o‘rni beqiyosdir.
Dildor NURMUHAMMEDOVA, Termiz tumanidagi 9-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi