O‘yin ichida ta’lim
Bola maktabga qadam qo‘ygan kundan boshlab yangi ijtimoiy muhitga tushadi. O‘quvchining tengdoshlari bilan munosabati va maktabga moslashuvini hisobga olgan holda darslarni tashkil etish pedagogning mahoratiga bog‘liq. Bolalar, nazarimda, uch turga bo‘linadi: tez moslashuvchan, o‘zini ko‘rsatishga intiladigan; sekin-asta kuzatib, o‘rganib chiqib moslashadigan; maktabga moslashishi uchun yillar talab etiladigan.
Shunga qaramay, har bir bolaning ta’lim olishida bir xil talab qo‘yiladi. Bunday holatda nima qilish kerak? Axir vaqt o‘quvchining qachon moslashishini kutib turmaydi. Moslashuv jarayonini o‘qituvchi o‘yin metodlari orqali tezlashtirishi mumkin. Jumladan, “Eng yaxshi muxbir”, “Bugun darsda…”, “Bu — meniki”, “Orzularga yetish — o‘z qo‘lingda”, “Yo‘lovchi, o‘z avtobusingga chiq”, “Mening vaqtim”, “Bugun qanday meva yeymiz?”, “Ertaklar olamida”, “Bu qiziq” kabi o‘yinlar o‘quvchilarning so‘z boyligini oshirish, tez va mustaqil fikrlash hamda boshqaruvchilik qobiliyati, mehribonlik, saxiylik fazilatlari shakllanishiga yordam beradi. Quyida o‘zim doim qo‘llaydigan samarali metodlarni namuna sifatida ko‘rsatib o‘taman.
“Eng yaxshi muxbir”
Bu o‘yinni o‘qish, ona tili, tabiatshunoslik, odobnoma, matematika darslarida qo‘llash mumkin.
Buning uchun bir dona ramziy mikrofon va ikkita beyjik kerak. Ularni qo‘lda yasash ham mumkin. Ularga istalgan telekanal yoki ko‘rsatuv nomini yozib qo‘ying. Bir yoki ikki o‘quvchi muxbir etib tayinlanadi. Ularga bugungi dars mavzusiga mos savollar yozib beriladi. “Muxbirlar” o‘quvchilarga mikrofon tutib, savollarga javob oladi. Bolalardan to‘g‘ri javob bilan birga, chiroyli va ravon so‘zlash talab qilinadi. Muxbir o‘quvchilar ham suxandonlik mahoratiga rioya qiladilar. Muxbirlikka erishish uchun o‘quvchilar o‘z ustilarida ko‘p ishlaydi. Oynaga qarab adabiy tilda chiroyli gapirishni mashq qiladilar. Shuningdek, barcha o‘quvchilarda savolga to‘g‘ri javob berish maqsadida mavzuni chuqur o‘rganish va bilganlarini tushunarli, ravon so‘zlab berishga intilish ortadi. Hatto darsda umuman qatnashmaydigan, tortinchoq o‘quvchi ham uyda oyna qarshisida o‘zini muxbirdek his qilib darsga tayyorgarlik ko‘ra boshlaydi.
“Bugun darsda…”
Bu o‘yindan asosan 3-4-sinflarda ona tili, o‘qish, matematika, atrofimizdagi olam darslarining tashkiliy qismida foydalanish mumkin. Bunda darsda kimlar qatnashmayotgani, nima uchun kelmagani, sana, uyga vazifa, darsdan maqsad, kelajakdagi orzular, yurtimizdagi o‘zgarishlar haqida gapirish mumkin. O‘quvchiga cheklov qo‘yilmaydi. Bolaning mustaqil gapirishiga, fikrlashiga imkon beriladi.
Bu jarayonda eng kamgap, dars tayyorlashni istamaydigan o‘quvchingizga “Darsning 5 daqiqasi — seniki, hammamiz seni eshitamiz”, deng. O‘quvchi o‘z orzusidagi darsni boshlaydi. Bu kamgap o‘quvchining og‘zaki nutqi rivojlanishiga, mustaqil fikrlashi va tengdoshlari bilan kirishib ketishiga yordam beradi.
“Yo‘lovchi, o‘z avtobusingga chiq!”
Bu — ona tili, matematika, odobnoma, tabiatshunoslik darslarida qo‘llash mumkin bo‘lgan samarali o‘yin metodi.
Aytaylik, matematika darsida o‘quvchilarga misollar yozilgan tarqatma materiallar va topshiriqni bajarishi uchun ma’lum vaqt beriladi. 3-4 nafar o‘quvchi avtobus maketini boshqaradi. Maketning tashqi qismiga o‘quvchilarga berilgan misol natijalari yozilgan qog‘ozchalar ilinadi. Yechgan misollarini o‘quvchi avtobus haydovchisiga beradi. Javobi to‘g‘ri bo‘lgan o‘quvchilar avtobusga chiqadi, yo‘qsa, tushirib yuboriladi.
Bu o‘yinni ona tili darslarida bolalar eslab qolishi qiyin bo‘lgan jarangli va jarangsiz undoshlar mavzusida qo‘llasak ham yaxshi natija beradi.
Bunda avtobuslar soni 2 ta bo‘lib, ularga “Jarangli undoshlar” va “Jarangsiz undoshlar” deb yozib qo‘yiladi. O‘quvchilarga jarangli va jarangsiz undoshlar yozilgan kartochkalar beriladi. Avtobuslar parta oralab yuradi, o‘quvchilar o‘z avtobusiga chiqadi. Bu bolalarning jarangli va jarangsiz undoshlar mavzusini tez o‘zlashtirishiga va yaxshi eslab qolishiga yordam beradi.
“Bu — meniki”
Bu o‘yin asosan o‘qish fani uchun mo‘ljallangan bo‘lib, bunda tanlab o‘qitish metodi qo‘llanadi. Matndagi ayrim gaplarni kartochkalarga yozib, o‘quvchilarga tarqatiladi. Bir o‘quvchi o‘qishni boshlaydi, matn kimning qo‘lidagi gapga kelib qolsa, o‘sha o‘quvchi “Bu — meniki”, deydi va o‘qishni davom ettiradi.
Bu jarayonda o‘quvchi mavzuni diqqat bilan kuzatadi, so‘zlarni to‘g‘ri o‘qishga intiladi.
“Do‘stingni top”
Ikkinchi sinf ona tili darsligida “Jufti bor undoshlar” mavzusi keltirilgan. Shu mavzuni tushuntirishda bu o‘yinni qo‘llash yaxshi natija beradi. Buning uchun jufti bor undoshlar — jaranglilar qog‘ozga yozilib, o‘qituvchi stoliga terib qo‘yiladi. Jarangsizlar esa beyjiklarga joylanadi. Tanlangan o‘quvchilarga beyjiklar tarqatiladi. Jarangli undoshlar ixtiyoriy tarqatiladi. Beyjik olgan o‘quvchilar joylariga o‘tiradi. Qog‘ozlarni olgan o‘quvchilar bir qator bo‘lib doska oldida saflanadi. O‘qituvchi doskadagi o‘quvchilarga “Do‘stingni top” deb buyruq beradi. Ular o‘z do‘stlarini parta oralab yurib topadilar.
B, D, G, V, Z, Q, J, J jaranglilar
P, T, K, F, S, G‘, CH, SH jarangsizlar
Farida AXBORALIYEVA, Zangiota tumanidagi 33-maktab o‘qituvchisi