“Soat necha bo‘ldi?”
Zamonaviy ingliz tili o‘qituvchisi pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng qo‘llay olishi muhim. Ulardan foydalangan holda o‘qitishning ilg‘or usullarini joriy etish orqali yosh avlodning chet tillarga qiziqishi oshiriladi. Muallim o‘z ustida tinmay ishlashi va bolajonlarga yangi mavzuni noan’anaviy usullar orqali yetkazish yo‘llarini izlab topishi kerak.
Masalan, 2-sinfda o‘quvchilarimizga ona tilida “Vaqt” mavzusi o‘tilmay turib, “Time” mavzusi rejaga kiritilgan. Bu bizga biroz qiyinchilik tug‘dirsa-da, mavzuni o‘quvchilar mukammal egallashi uchun quyidagi usul va TPR (Total Physical Response — harakatlanish orqali o‘rganish) metodidan foydalanish mumkin.
1-usul. Kattaroq hajmdagi soat maketini yasab, o‘quvchilarga uzun va qisqa millar daqiqa va soatni anglatishi, uzun mil 12 da turganda “o’clock”, 6 da turganda “thirty” so‘zi ishlatilishi tushuntiriladi. Keyingi darsda o‘quvchilarga soat yasab kelish uyga vazifa sifatida beriladi. Soat millari harakatlanmog‘i lozim. “Let’s play!” mavzusida o‘quvchilar ikki guruhga bo‘linadi. 1-guruh mavzudan kelib chiqqan holda “Eight o’clock (8:00)”, 2-guruh esa “Eight thirty (8:30)” deb nomlanadi. O‘qituvchi biror vaqtni aytsa, masalan, “It’s five o’clock”, desa, qaysi guruh o‘quvchilari birinchi bo‘lib soat millarini to‘g‘ri joylashtirib, aytilgan vaqtni ko‘rsata olsa — 1 ball, to‘g‘ri takrorlab ayta olsa, yana 1 ball — umumiy 2 ball beriladi. Bunda pair work, ya’ni juftlikda ishlash ham samara beradi.
2-usul. O‘quvchilar ikki guruhga bo‘linadi. Doskada “Time Bingo”si, ya’ni 9 katakda har xil vaqt yozib qo‘yiladi. O‘quvchilar qo‘liga 2 ta pashshaurgich beriladi. Guruh mavzuga mos nomlanadi. 1-sinfda o‘tilgan “Robot, jump!” metodidan foydalangan holda o‘qituvchi avval o‘quvchilarga har xil harakatlarni, masalan, “Run!”, “Swim!”, “Dance!”, “Eat!”, “Cook!”, “Play football!”, “Spin around!” va boshqalarni buyuradi. Doska tomon harakatlarni bajarib, yaqinlashgan o‘quvchilar o‘qituvchi aytgan vaqt yozilgan katakcha ustiga qo‘llaridagi pashshaurgich bilan urib ko‘rsatadi.
3-usul. “Find your pair”, ya’ni “O‘z juftingni top” metodidir. Bunda ham o‘quvchilar ikki guruhga bo‘linadi. Birinchi guruh o‘quvchilariga vaqtlar so‘z bilan yozilgan qog‘oz bo‘laklari berilsa, ikkinchi guruhga ularning sonlar orqali ifodalangan ko‘rinishi beriladi. “Find your pair”, deyilgandan keyin barcha o‘quvchilar mos juftligini qisqa muddatda topa olishi lozim. Yuqorida aytib o‘tilgan metodlar bo‘sh o‘zlashtiruvchi o‘quvchilarning ham faol ishtirokini ta’minlaydi.
Nilufar JALILOVA, Chirchiq shahridagi 10-maktab o‘qituvchisi