“Mustaqillik darslari”
Mavzu: Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!
Darsning ta’limiy maqsadini yoritishda birinchi sinf o‘quvchilariga mustaqillikning mohiyati va ahamiyatini tushuntirish, Prezidentimiz tomonidan 1-sinf o‘quvchilariga 12 turdagi o‘quv qurollari sovg‘a tariqasida berilishining mazmun-mohiyati, o‘quvchilarning a’lo baholarga o‘qishi va komil inson bo‘lishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratilayotganligiga e’tibor qaratish, yuqori sinf o‘quvchilariga ta’limiy maqsad sifatida quyidagilarni yoritish tavsiya etiladi:
Yosh avlodni zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni chuqur egallagan, mustaqil fikrlaydigan, Vatanimiz kelajagining munosib vorislari qilib kamol toptirish. O‘quvchilar ongi va tafakkurini milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida shakllantirish. Vatanga muhabbat va sadoqat, insonparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash.
“Ta’limni tarbiyadan, tarbiyani esa ta’limdan ajratib bo‘lmaydi”, degan sharqona hikmatdan kelib chiqib darsning tarbiyaviy maqsadlarini yoritish maqsadga muvofiqdir. Masalan, boshlang‘ich sinflarda ularni Davlatimiz rahbari tomonidan bildirilayotgan ishonchni oqlashga undash, o‘quvchilarda vatanparvarlik, sadoqat, mehr-oqibat, bag‘rikenglik, mehnatsevarlik, iroda va shijoatni tarbiyalash rejalashtirilsa, yuqori sinflarda mustaqillikka erishishimizdan avval kim edig-u bugun nimalarga erishdik, degan savolga asosli javoblar topish, kelgusida buyuk marralarga erishish uchun nimalar qilishimiz kerak, degan strategik maqsadlarni tarbiyalash vazifasini belgilash mumkin.
O‘quvchilar o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlik, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat muhitini shakllantirish, oilasiga, mahallasiga va ta’lim muassasasiga nisbatan sadoqat va iftixor tuyg‘ularini mustahkamlash, o‘quvchilarni ulkan marralar tomon safarbar qilib borish rivojantiruvchi maqsadning asosini tashkil qilishi kerak. Yuqori sinf o‘quvchilari ongi va shuuriga 1991-yil 31-avgustda qo‘lga kiritilgan milliy mustaqillik — XX asrda xalqimiz tomonidan amalga oshirilgan buyuk ma’naviy jasorat namunasi ekanini singdirish lozim.
Dars samaradorligiga bevosita ta’sir etadigan omillardan biri bu — sinfxonaning jihozlanishidir. Mustaqillik darslariga doir didaktik materiallar sifatida quyidagilar tavsiya etiladi:
— Vatanimiz xaritasi, yurtimizda so‘nggi 25 yil davomida erishilgan yutuqlarni ifodalovchi fotosuratlar;
— mamlakatimizning go‘zal va zamonaviy inshootlari aks etgan hamda mavzuga oid bo‘lgan boshqa ko‘rgazmalar;
— ijodkorlarning mustaqillikni madh etgan musiqiy asarlari, she’rlaridan namunalar.
Eslatma: Agarda mavzu uchun tanlangan rasmlarda o‘quvchilar yashaydigan hududlarda olib borilgan bunyodkorlik ishlari, ta’lim muassasasining avvalgi va bugungi holati tasvirlangan rasmlar bo‘lsa maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Yuqori sinf o‘quvchilari “Men nechun sevaman O‘zbekistonni?!” (Anor Nazarov musiqasi, Abdulla Oripov she’ri) qo‘shig‘ini aytishi mumkin.
Darsning texnik jihozi:
— slayd va videolavhalar namoyish etish uchun texnik moslamalar;
— O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi ijro etilgan, mamlakatimizda mustaqillik yillarida jamiyatimizning turli sohalarda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, 2016-yilda Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo‘lib o‘tgan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarida yuksak muvaffaqiyatga erishgan sportchilarimizning bellashuvlari aks ettirilgan, shuningdek, xorijiy ekspertlarning e’tiroflari qayd etilgan videolavhalar va hokazo.
Boshlang‘ich sinflarda savol-javob metodlaridan foydalanilsa, yuqori sinflarda SWOT-tahlili metodidan foydalanish mumkin.
Birinchi sinflar uchun darsning tashkiliy qismini o‘tishda quyidagilarga e’tibor qaratishi lozim: o‘quvchilar bilan, ulardan ismlarini so‘rash bilan birga “Men katta bo‘lsam ...bo‘laman” (masalan: vrach, o‘qituvchi, fermer, tadbirkor, oshpaz, sportchi...) mazmunida tanishuv o‘tkazish dars samaradorligiga yaxshi ta’sir ko‘rsatadi. O‘quvchilarning javoblarini dars mavzusi bilan bog‘lab yuborish mahoratli o‘qituvchilar uchun muammo tug‘dirmaydi, aksincha birinchi darsdanoq o‘quvchilarning o‘z oldilariga aniq maqsadlarni qo‘yib olishiga yordam beradi.
Birinchi sinf o‘quvchilaridan maktabgacha ta’lim jarayonida, 2–4-sinf o‘quvchilaridan esa avvalgi sinflarda o‘rgangan mustaqillikka oid she’r va qo‘shiqlarni so‘rash dars jarayonini qiziqarli tashkil etishga yordam beradi. Dars jarayonida O‘zbekiston Davlat madhiyasi ijro etilganidan so‘ng, o‘quvchilardan uning mazmun mohiyati haqida so‘rash yoki keng paxta va bug‘doy dalalari, quyoshli go‘zal vodiylar, moviy osmon va unda parvoz qilayotgan qushlar, daryolar, tarixiy obidalar, Amir Temur, Alisher Navoiy, Bobur kabi buyuk shaxslarning suratlarini Davlat madhiyasidagi jumlalar bilan bog‘lash bo‘yicha savollar berish mumkin. Darsning asosiy qismida o‘qituvchi tomonidan mustaqillikning o‘zi nima ekanligi, uni mustahkamlash uchun har bir o‘quvchining eng asosiy vazifalari bu — namunali xulq egasi bo‘lish, a’lo o‘qish, o‘zining iqtidorini doimo rivojlantirib borish lozimligi tushuntiriladi.
Eslatma: Birinchi sinf o‘quvchilari uchun savollarni shakllantirishda o‘quvchilarning yosh xususiyatini va maktabgacha ta’limda olgan bilimlarini e’tiborga olish zarur. Shuningdek, Xalq ta’limi vazirligi tomonidan “Kecha kim edig-u, bugun kim bo‘ldik, ertaga qanday yuksak marralarni egallashimiz kerak?” mavzusida tayyorlangan 10-, 11-, 25-, 26-slaydlardan foydalanish mumkin.
Darsning asosiy qismida yuqori sinf o‘quvchlari bilan “Men nechun sevaman O‘zbekistonni?” (Anor Nazarov musiqasi, Abdulla Oripov she’ri) qo‘shig‘ini tinglash va uning ma’nosini dars jarayonida tahlil qilish ham mumkin. Shuningdek, Mustaqillik maydoni, “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasi, joylardagi Xotira xiyobonlari, yodgorlik majmualari hamda mustaqillik yillarida bunyod etilgan boshqa inshootlarga virtual sayohat uyushtirish mumkin. Xalq ta’limi vazirligi tomonidan “Kecha kim edig-u, bugun kim bo‘ldik, ertaga qanday yuksak marralarni egallashimiz kerak?” mavzusida tayyorlangan slaydlar to‘plamidan o‘quvchilarning yosh xususiyatlariga mos ravishda foydalanish tavsiya etiladi.
Uyga vazifa o‘quvchilarning keyingi darslarga tayyorgarlik ko‘rishiga zamin yaratadi. Shu sababli o‘quvchilarda uyga berilgan vazifaning ijrosini ta’minlash imkoniyati bo‘lishi kerak. Masalan, birinchi sinf o‘quvchilariga “Mening kelajakdagi orzum”, “Kim bo‘lsam ekan?” kabi mavzularda rasmlar chizish, 2–4-sinf o‘quvchilariga esa savollarga yozma va og‘zaki javob topish kabi topshiriqlar berish mumkin. Bu topshiriqlarning ijrosini tasviriy san’at, odobnoma darslarida so‘rash mumkin.
Yuqori sinf o‘quvchilariga uy vazifasini berishda ularni ijodiy faoliyatga yo‘naltirish kutilayotgan natijalar sari dastlabki qadamlardan biri bo‘ladi. Uyga vazifalar “Milliy istiqlol g‘oyasi” turkumiga kiruvchi fanlar mavzularidan kelib chiqqan holda berilsa maqsadga muvofiqdir. Masalan, Prezidentimizning “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” kitobida yozilgan quyidagi gaplarni diqqat bilan o‘qing va berilgan savollarga javob bering:
“...har kuni, har soatda fidoyi bo‘lish, o‘zini tomchi va tomchi, zarrama-zarra buyuk maqsadlar sari charchamay, toliqmay tinimsiz safarbar etib borish, bu fazilatni doimiy, kundalik faoliyat mezoniga aylantirish — haqiqiy qahra¬monlik aslida mana shu”.
1. Xo‘sh, fidoyi bo‘lish uchun siz nima qilishingiz kerak? Oldingizga qanday maqsadlar qo‘ygansiz? Unga yetishishingiz uchun sizda qanday imkoniyatlar mavjud?
2. “...buyuk maqsadlar sari charchamay, toliqmay tinimsiz safarbar etib borish”, deganda nimani tushunasiz, shu jumlani ta’lim faoliyatingiz bilan bog‘lang?
3. Berilgan matnni “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!” shiori bilan bog‘lab tushuntirishga harakat qiling?
Dars davomida har bir o‘quvchiga e’tibor qaratish, ularning faol ishtirok etishini ta’minlashga erishish kutilayotgan natijaga erishishimizni ta’minlaydi.
Nargiza ISMATOVA,
Respublika ta’lim markazi
Ijtimoiy iqtisodiy bilim asoslari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘limi boshlig‘i