Ajdodlarni xotirlash – muqaddas qadriyat
Ta’lim muassasalarida 9-may – Xotira va qadrlash kunini o‘tkazish yuzasidan tavsiya
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning “El-yurt va davlat uchun, uning taqdiri va kelajagi uchun qayg‘uradigan, odamlarning ezgu niyatlarini o‘ziga oliy maqsad qilib qo‘ygan, elim deb, yurtim deb yonib yashaydigan, har qanday vaziyatda ham xalqni birlashtirib, turli balo-qazolardan asrash uchun safarbar eta oladigan shaxslargina tarixda o‘chmas nom qoldiradi”, degan so‘zlari “xotira” va “qadr” tushunchalari ahamiyatini yanada oshiradi.
Darhaqiqat, Islom Karimovning yorqin xotirasini xalqimiz, farzandlarimiz hamisha hurmat-ehtirom bilan yodga oladi. U kishi o‘zining serqirra siyosiy faoliyati, olijanob insoniy fazilatlari bilan Vatanimizning ko‘p asrlik tarixida o‘chmas va yorqin iz qoldirgani, nafaqat O‘zbekiston, balki dunyo miqyosida katta hurmat va obro‘-e’tiborga sazovor bo‘lgani barchamizga faxr-iftixor bag‘ishlaydi.
Darhaqiqat, xalqimiz azaldan o‘z ajdodlarini munosib xotirlab, keksalar holidan xabar olib, e’zozlab keladi. Ayniqsa, mustaqilligimizning dastlabki yillaridanoq bu an’ana yangicha mazmun kasb etdi. 1999-yil 2-martda Prezidentimiz farmoniga asosan, Ikkinchi jahon urushida fashizmga qarshi kurashib halok bo‘lganlar, mamlakatimiz ozodligi va mustaqilligi uchun jon bergan o‘g‘lonlar xotirasiga hurmat bajo keltirish, yoshi ulug‘ insonlarni e’zozlash maqsadida “9-may — Xotira va qadrlash kuni” deb e’lon qilinib, bu sana umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanmoqda. Umumta’lim muassasalarida may oyining birinchi o‘n kunligida o‘tiladigan “Tarbiyaviy soat”, tarix va milliy g‘oya turkumiga kiruvchi fan mashg‘ulotlarini “Vatanparvarlik va jasorat darslari” deb nomlash, tadbirlarda quyidagi senariydan foydalanish tavsiya qilinadi.
Tadbir o‘tkaziladigan zal yoki sinfxona Xotira va qadrlash kuniga mos jihozlanib, bayramona bezatiladi. Bir tomondan ikkinchi jahon urushiga oid hujjatli, ilmiy va badiiy kitoblar, front ortida olib borilgan mashaqqatli mehnat fotolavhalari va Xotira maydoni me’moriy majmuasini aks ettiruvchi fotosuratlar, ikkinchi tomondan esa «Qahramonlik, burch va fidoyilik”, “Ajdodlarni xotirlash – muqaddas qadriyat” shiorlari ostida yozilgan insho, referat, devoriy gazetalar joy oladi.
Tadbirga urush va mehnat faxriylari, mahalla faollari, harbiy xizmatchi, ota-onalar va boshqa mehmonlar taklif etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi tantanali ravishda, musiqa jo‘rligida ijro etiladi.
Zal (sinfxona) bo‘ylab mahzun musiqa sadosi taraladi. Katta ekran orqali ona farzandini, ayol umr yo‘ldoshini, aka-ukasini urushga jo‘natayotgan ta’sirchan manzara. Hujjatli filmda jang maydoni, urushda jasorat ko‘rsatayotgan mard o‘g‘lonlar tasvirlanadi! Kechagi tarix o‘quvchilar ko‘z o‘ngida gavdalanadi.
Sahnaga boshlovchilar chiqishadi.
1-o‘quvchi:
— Ona-yurt bag‘ridan juda ham yiroq,
O‘zga manzillarda topshirdingiz jon.
Hanuz ko‘ksimizni tirnaydi firoq,
Garchi siz muzaffar, g‘olib, qahramon.
2-o‘quvchi:
— Manguga tinmishdir qalb tug‘yonlari,
Endi xotirangiz yo‘ldoshdir bizga.
Xalqimning fidoyi, mard o‘g‘lonlari,
Ollohning rahmati yog‘ilsin sizga.
(Abdulla Oripov)
1-o‘quvchi: — Assalomu alaykum, hurmatli mehmonlar, ustozlar va ota-onalar!
2-o‘quvchi: — Barchangizni Xotira va qadrlash kuni bayrami bilan chin yurakdan tabriklaymiz!
Tabrikdan so‘ng poytaxtimizdagi Xotira maydonini aks ettiruvchi kinolavha proyektor orqali namoyish etiladi.
1-o‘quvchi: — Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan 1999-yili Toshkentda Xotira maydoni barpo etildi. Maydonda «Motamsaro ona» haykali va xiyobonning shimoliy hamda janubiy tomonida qad ko‘targan ayvon tokchalarida Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan barcha yurtdosh¬larimizning nomlari zarhal harflar bilan bitilgan metall sahifalar o‘rnatilgan. Har yili 9-may kuni Xotira maydonida keng jamoatchilik ishtirokida halok bo‘lgan¬larning porloq xotirasiga ehtirom ko‘rsatish marosimi bo‘lib o‘tadi.
2-o‘quvchi: — O‘zbekistonning barcha viloyatlari, tuman va shaharlari markazida ham xotira maydonlari, poytaxtimizdagi Bo‘zsuv kanali bo‘yida esa «Shahidlar xotirasi» yodgorlik majmui bunyod etildi. Bu maskanlar ziyoratgoh joy bo‘lib qoldi. Bularning barchasi mamlakatimizda inson xotirasi muqaddas, uning qadr-qimmati aziz va mo‘tabar ekanidan dalolat beradi.
O‘qituvchi: — Jahonni fashizm bos¬qinchilaridan ozod qilishda mardonavor qatnashgan, bugungi tinch va farovon hayotimizni ta’minlashga o‘zining katta hissasini qo‘shgan ajdodlarimiz jasorati va o‘chmas xotirasi oldida hamisha bosh egib, ta’zim qilamiz. Bugungi tadbirimizga faxriy mehmonlardan bir guruhi taklif etilgan. (Ular birma-bir yig‘ilganlarga tanishtirib chiqiladi).
Dastlabki so‘z harbiy xizmatchiga beriladi.
Harbiy xizmatchi: — Avvalambor, barchangizni “Xotira va qadrlash kuni” bilan tabriklayman! Ikkinchi jahon urushining mudhish xotiralari hali-hanuz insoniyat xotirasidan o‘chgan emas. U olti yil davom etdi. Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, unda 61 ta davlat qatnashdi. Mash’um urush 40 ta davlat hududida o‘z asoratlarini qoldirgan. Jang-u jadallarda 110 million kishi Vatan ozodligi uchun jasorat ko‘rsatgan, taxminan 60 millionga yaqin kishi halok bo‘ldi. Yana qanchasi bedarak ketdi. 35 million kishi og‘ir yarador va nogiron bo‘ldi.
Ular orasida 1,5 milliondan ortiq o‘zbekistonlik fashizmga qarshi olovli janglarda qatnashdi. Taxminan 500 ming vatandoshimiz jang may¬donlarida halok bo‘lib, qanchasi bedarak ketdi va minglab kishilar mayib-majruh bo‘lib qaytdi. Bu haqiqatni hech kim, hech qachon unutmasligi kerak.
Mustaqillik yillarida «bedarak yo‘qolgan» minglab marhum yurtdoshlarimiz taqdiri aniqlandi. Birinchi Prezidentimiz farmoni asosida 1995-yili 33 jildli «Xotira» kitobi (keyinchalik bunga qo‘shimcha tarzda 2 ta jild chiqdi) va O‘zbekiston xalqining front ichkarisi va ortidagi jasoratlari bayon qilingan umum¬lashma maxsus jild (o‘zbekcha, ruscha) nashr etildi. Bu urush davrida, front ortida tunni tongga ulab, g‘alaba bo‘lishini umid bilan kutgan vatandoshlarimiz matonatiga bag‘ishlangan ulkan yodnoma bo‘ldi.
Ona Vatanni himoya qilish, uning tinchligini saqlashga o‘z hissasini qo‘shish O‘zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining sharafli burchidir. Men harbiy xizmatchi sifatida yurtimiz tinchligi uchun o‘z hissamni qo‘shayotganimdan faxrlanaman. Qurolli Kuchlarimiz bundan-da mustahkam, chegaramiz daxlsiz, yurtimiz tinch va yanada obod bo‘lsin!
Harbiy xizmatchiga guldasta taqdim qilinadi.
Ne’mat Orif she’ri, Asliddin Do‘stov musiqasi asosida yaratilgan «Yurt o‘g‘loni» qo‘shig‘i ijro etiladi.
1-o‘quvchi: — Bu davrda ko‘plab o‘zbekistonlik shoir va adiblar urush mavzusiga bag‘ishlangan asarlar yaratishdi. Hassos adib G‘afur G‘ulom Ikkinchi jahon urushida ota-onasiz qolgan go‘daklarga bag‘ishlab «Sen yetim emassan» (1941-y.) she’rini yozdi.
2-o‘quvchi: — Keyinchalik atoqli yozuvchi Rahmat Fayziy «Sen yetim emassan» kinoqissasini (1960-y.) yaratdi. Shu asosda kinorejissor Shuhrat Abbosov tomonidan «Sen yetim emassan» badiiy filmi suratga olindi. Uni tomosha qilganda, har bir insonning ko‘ziga yosh keladi.
Proyektor orqali «Sen yetim emassan» badiiy filmidan parcha namoyish etiladi.
Yozuvchi Rahmat Fayziy kinoqissa ustidagi ijodiy ishini davom ettirib, «Hazrati inson» (1970-y.) romanini yaratdi. Kinoqissa, badiiy film va romanning yaratilishiga o‘zbek xalqining urush yillaridagi hayoti bosh mavzu qilib olingan.
1-o‘quvchi: — Xalqimizning eng olijanob fazilatlaridan biri kattaga hurmatda, kichikka izzatda bo‘lishdir. Ushbu o‘lmas qadriyatlar o‘zbek mahallalarida saqlanib qolgan (hurmat-ehtirom bilan tabrik navbati mahalla faoliga beriladi).
Mahalla faxriysi: — O‘tganlarni xotirlash, eslash, qabrlarini ziyorat va obod qilish, ularning ezgu ishlarini davom ettirish insoniy burchimizdir. Keksalarning o‘gitlariga amal qilish, bizni dunyoga keltirib, o‘stirib-ulg‘aytirgan ota-onalarimizga shirin muomalada bo‘lish, hurmatini joyiga qo‘yish, holidan xabar olish, har tomonlama yordam berish mahalla faollari zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi (Qisqacha o‘z mahallasi hayoti bilan bog‘liq ma’lumotlarni keltiradi).
O‘qituvchi tadbirga yakun yasaydi: — Dunyodagi har bir insonga tinchlik, osoyishtalik zarur. Bobo-buvilarimiz fotihaga qo‘l ochgan¬larida, Yaratgandan tinchlik va xotirjamlik, sog‘liq va omonlik so‘rab duo qilishadi. Otalarimiz tilagi, onalarimiz allasi, go‘daklarimiz shodligiyu kulgisida “tinchlik” degan ulug‘ ne’mat mujassam. Mustaqilligimizning eng oliy ne’matlaridan biri esa osoyish¬talikdir. Mustaqil yurtimizda tinchlik abadiy bo‘lsin!
Obod Vatanimiz musaffo osmonida tinchlik ramzi bo‘lgan kabutar-u, sayroqi qushlar mudom erkin parvoz qilaversin! Butun jahonda tinchlik barqaror bo‘lsin!
Barcha tadbir ishtirokchilari o‘quvchi qiz ijro etgan Iqbol Mirzo she’ri, Anor Nazarov musiqasi asosida yaratilgan «Tinchlik bo‘lsin dunyoda» qo‘shig‘iga jo‘r bo‘ladilar.
Respublika ta’lim markazi