Ezgulik, mehr-oqibat va saxovat ayyomi
Ta’lim muassasalarida Navro‘z — umumxalq bayramini o‘tkazish bo‘yicha tadbir senariysi
O‘lkamizda bahor! Shaharu qishloqlarimiz yashil libosga burkangan. Dehqon ketmonini ko‘tarib dalaga shoshmoqda, bolajonlar varrak yasayapti, yigit-qizlar qadimiy urf-odatlarimizni o‘zida mujassamlashtirgan turli o‘yin va tadbirlarni boshlab yuborgan, tabarruk otaxon-u onaxonlar o‘tkazilajak marosimlarga bosh-qosh bo‘lib, yana bir bahor, Navro‘zi olam bilan yuzlashganiga shukrona aytadi, Yaratgandan yurtimizga tinchlik-farovonlik, qut-baraka tilaydi.
Yurtimizda har yili Navro‘z ayyomi qadimiy urf-odat va an’analar, milliy xalq qo‘shiq va o‘yinlari aks etgan holda o‘tkaziladi. Navro‘zni nishonlash qat’iy qolipga solingan emas. Ko‘klam ayyomini ijodiy yondashib, mahalliy sharoitlardan kelib chiqib, jamoatchilik bilan maslahatlashgan holda o‘tkazish maqsadga muvofiqdir.
Xalq ta’limi vazirligining joriy yil 20-fevraldagi “2016-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi buyrug‘i asosida xalq ta’limi muassasalariga sharqona yangi yilni yuqori saviyada o‘tkazish, o‘quvchilarni milliy an’ana, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida kamol toptirish, bayram arafasida ta’lim muassasalarida obodonlashtirish ishlarini tashkil etish, jamoat va yong‘in xavfsizligini ta’minlash yuzasidan tashkiliy ishlarni amalga oshirish bo‘yicha ishlab chiqilgan tavsiyalar barcha ta’lim muassasalariga yetkazildi. Quyida ta’lim muassasalarda Navro‘z ayyomini namunali o‘tkazish yuzasidan tadbir senariysini havola etamiz:
Muassasa faollar zali bayramona bezatilgan.
Tadbirga taklif etilgan mehmonlar, ota-onalar, mahalla faollari kutib olingandan so‘ng, “Bahor valsi” kuyi taraladi va boshlovchilar davraga chiqib keladi.
1-boshlovchi: — Assalomu alaykum, aziz mehmonlar, qadrli ustozlar va o‘quvchilar. Bahor bayramingiz muborak bo‘lsin!
2-boshlovchi: — Assalomu alaykum, shodiyonamiz ishtirokchilari. Sizlarni Navro‘z – bahor, ezgulik, mehr-oqibat va saxovat bayrami bilan chin qalbdan tabriklaymiz. Bugungi she’ru g‘azallar, kuy-qo‘shiqlar barcha-barchasi sizlar uchun.
1-boshlovchi:
Chuchmoma chayqalib, chalar qo‘ng‘iroq,
Hayot hidin sochar uyg‘ongan tuproq.
Ildiz suvratini chizadi chaqmoq,
Kaftingga ko‘z suray, dehqonim, yurtim,
O‘zingdan o‘rgilay, bog‘bonim yurtim.
2-boshlovchi:
Mehmonni chorlaydi sumalaklaring,
Qizlaring bog‘laydi jamalaklarin.
Saodatga ko‘prik kamalaklaring,
Kaftingga ko‘z suray, dehqonim, yurtim,
O‘zingdan o‘rgulay, bog‘bonim, yurtim.
1-boshlovchi: — Har bir xalqning o‘ziga xos qadriyat, an’analari bor. Ular millat bilan birga yashaydi, birga ulg‘ayadi, taraqqiy topadi. Xalqimizning tarixi va madaniyatining bir bo‘lagi bo‘lgan Navro‘z ham har yili yangilanib borayotgan ulug‘ va navqiron bayramdir.
2-boshlovchi: — Tarixiy manbalarda, jumladan, Mahmud Кoshg‘ariy, Beruniy, Umar Hayyom, Alisher Navoiy kabi allomalarimiz asarlarida Navro‘z bayrami, u bilan bog‘liq urf-odatlar haqida ko‘plab ma’lumotlar mavjud. Abu Rayhon Beruniy o‘zining «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida Navro‘z haqida fikr yuritadi. Alisher Navoiy Navro‘z haqida gapirar ekan, “Har tuning qadr o‘lubon, har kuning o‘lsun Navro‘z” deydi.
(“Sen bahorni sog‘inmadingmi?” qo‘shig‘i ijro etiladi).
1-boshlovchi:
Yurtim!
Ilhomimga sarchashma o‘zing,
Birdek aziz menga yozing, ham kuzing.
Bu kun bahoringga she’r aymoqchiman,
Vatanim, muborak bo‘lsin Navro‘zing.
2-boshlovchi:
Boshingda hurriyat quyoshing bordir,
O‘z Tug‘ro, Bayrog‘ing, Yurtboshing bordir.
Maqsading, g‘ayrating, bardoshing bordir,
Vatanim, muborak bo‘lsin Navro‘zing.
1-boshlovchi: — Navro‘z — yangi kun, yangi fasl, yangi yil demakdir. Xalqimiz uni yilboshi deb ham ataydi. Navro‘z biz uchun millatning ulug‘ kuni, yasharish, yangilanish, yuksalish bayrami bo‘lib qolaveradi.
2-boshlovchi: — Navro‘z shunchaki bir bayram emas. U millatning tarixi, falsafasi, madaniyati va san’ati, tafakkur tarzini o‘zida mujassam etgan ayyomdir.
Tabrik so‘zi ta’lim muassasasi rahbariga beriladi:
— Mamlakatimizda Navro‘z bayrami qayta tiklandi, tarixiy haqiqat va adolat qaror topdi. Navro‘z xalqimiz tomonidan keng nishonlanishining o‘ziga xos mohiyati va ahamiyati bor. Prezidentimizning “Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch” asarida “Barchamiz doimo orziqib kutadigan va katta xursandchilik, shodiyona bilan o‘tkazadigan Navro‘z bayrami biz uchun hayot abadiyligi, tabiatning ustuvor qudrati va cheksiz saxovatining, ko‘p ming yillik milliy qiyofamiz, olijanob urf-odatlarimizning betakror ifodasi bo‘lib kelmoqda” degan fikrlar keltirilgan. Bugun maktabimizda ham bayram nafasi kezmoqda. Barchangizni bahor ayyomi bilan tabriklayman.
1-boshlovchi: — Darhaqiqat, mustaqillik sharofati tufayli bu ulug‘ bayramning tiklanishi xalqimiz uchun unutilmas voqea bo‘ldi. Navro‘z bayramida odamlar bir-birlariga yaxshi tilaklar bildiradi, yoru-birodarlar, qarindoshlar diydor ko‘rishadi. Mehribonlik uylarida saxovatpesha yurtdoshlarimiz ko‘magida turli xayriya tadbirlari o‘tkaziladi.
2-boshlovchi: — Navro‘z o‘lkamiz bo‘ylab kezmoqda, barchaning yuzida bahor nafasi, doshqozonlar osilgan, ko‘k somsalar yopilgan, butun xalqimiz bayramona kayfiyatda. Navbatni o‘quvchilar tomonidan tayyorlangan ko‘rgazmali chiqishlarga bersak.
(O‘quvchilar bayram uchun tayyorlagan sahna ko‘rinishlarini namoyish etadi).
1-boshlovchi: — Navbat 7-sinf o‘quvchilariga. Ular xalq aytimlaridan so‘zlaydi:
1-o‘quvchi: — Ayamajuz aziz olti kun, qahrlansa qattiq kun.
2-o‘quvchi: — Aziz bo‘lmay maziz bo‘lmas.
3-o‘quvchi: — Ayamajuz “oltidan o‘taman, yettiga yetaman” der ekan.
4-o‘quvchi: — Ayyomda echki shoxi ezilardek yomg‘ir yog‘sa, yil yaxshi keladi.
5-o‘quvchi: — Ahman-dahman – yetti qishning biriman.
6-o‘quvchi: — Ahman-dahmanning qoriga ag‘nagan qo‘zi raso bo‘ladi.
(Sumalak sayli, teatrlashgan sahna ko‘rinishi, laparlar ijro etiladi).
1-boshlovchi: — Navro‘zning kelib chiqishi haqida ko‘plab fikrlar, afsonalar mavjud. Masalan, zardushtiylar davridagi ba’zi bir tushunchalarga qaraganda, yaxshilik xudosi Ahuramazda bahor-yozda, yomonlik xudosi Ahriman kuzda va qishda hukmdorlik qilar emish. Bahorning birinchi kunida yaxshilik xudosi yomonlik xudosi ustidan g‘olib chiqqan. Muqaddas sana deb uni bayram qilishgan. Bu sana Navro‘z bayrami deb tan olingan emish.
2-boshlovchi: — Qadimiy afsonalarga ko‘ra, Odam Ato va Momo Havo uchrashgan kun Navro‘z bayrami deb tan olingan emish. Firdavsiyning “Shohnoma”sida esa yangi yil(Navro‘z)ning vujudga kelishi shoh Jamshid nomi bilan bog‘lanadi. Vaqt o‘tib, bu bayram rivojlangan. U “yilboshi” vazifasini o‘tay boshlagan. Ana shundan boshlab Navro‘z bayrami nishonlanadi.
Bayramlarga yarashar shodlik, kuy-qo‘shiq.
(Navro‘z haqida qo‘shiq yangraydi).
1-boshlovchi:
Bobomning bayti bor yaproqlaringda,
Momomning tafti bor chorbog‘laringda.
Onamni eslatar rayhoning, yurtim,
Dadamning hidi bor tuproqlaringda.
2-boshlovchi:
Q‘izg‘aldoqzoringda ko‘milib yotdim,
Billur shabnamlarda cho‘milib yotdim,
Dunyoni unutdim, o‘zni yo‘qotdim,
Men ham vatan bo‘ldim quchoqlaringda!
1-boshlovchi: — Tabrik uchun so‘zni mahalla oqsoqoliga beramiz.
(Shundan so‘ng 3-chorakni a’lo baholarga tugatgan va jamoat ishlarida faol ishtirok etgan o‘quvchilar va ularning ota-onalari faxriy yorliqlar bilan taqdirlanadi).
2-boshlovchi: — Aziz do‘stlar! Shu bilan Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan tadbirimiz nihoyasiga yetdi.
1-boshlovchi: — Bahorgi ta’til kunlarini mazmunli o‘tkazing.
(Maktab folklor ansambli tomonidan tayyorlangan badiiy dastur namoyishi bilan bayram yakunlanadi).
Respublika ta’lim markazi tc
"Respublika ta’lim markazi" tc " Ta’lim
muassasalarida Navro‘z — umumxalq bayramini
o‘tkazish bo‘yicha tadbir senariysi"