Intellektual rivojlangan avlod — kelajagimiz
umumta’lim maktablarida aniq fanlar oyligini o‘tkazish bo‘yicha metodik tavsiyalar
Matematika va informatika — murakkab fanlar. Bu fanlar oyligida o‘quvchilarni darslarga qiziqtirish, tadbirlarni qiziqarli tashkil etish o‘ziga xos mas'uliyat talab etadi.
Fevral — aniq fanlar (matematika va informatika) oyligi tadbirlari qiziqarli o‘tishi, ochiq darslar sermazmun bo‘lishida pedagogik jamoaning birdamligi, o‘qituvchilarning interfaol metodlar, AKTni keng qo‘llashi muhim o‘rin tutadi.
Matematika fanidan sinflar va maktablararo "Yosh matematiklar", "Nima, qayerda, qachon?" kabi mavzularda bellashuvlar, bahs-munozaralar o‘tkazish tavsiya etiladi. O‘tgan yillardagi tajribalar asosida oylik doirasidagi tadbirlar mazmunini quyidagicha rejalashtirish mumkin:
№
Tadbirlar mazmuni
Mas’ul
1.
Matematika fani o‘qituvchilarining metodik ishlari haftaligi:
— oylik avvali va yakunida o‘quvchilar bilimi DTS talablariga mosligi darajasini aniqlash maqsadida sinflar kesimida sinov testlari olish;
— o‘quvchilarning mazkur fandan o‘zlashtirishi lozim bo‘lgan bilim, ko‘nikma va malakalarning monitoringi o‘tkazilib, metodbirlashmada (jadval va diagrammalar asosida) tahlil qilish;
— "Matematikani o‘qitishda masalalar yechish texnologiyalari" mavzusida o‘quv-seminar o‘tkazish;
— darsni rejalashtirish; metod va usullarning xilma-xilligi; fanlararo bog'lanish, hayotiy ko‘nik-
malarni shakllantirish; o‘qitish samaradorligini oshirishga qaratilgan davra suhbatlarida darslarni tahlil qilish.
Fan o‘qituvchisi, metodbirlashma rahbari va a’zolari
2.
Ochiq darslar haftaligi:
Aniq jadval asosida barcha sinflar kesimida namunali ochiq darslar o‘tkazish.
Fan o‘qituvchilari
3.
Matematik marafonlar haftasi:
Dushanba — 5-sinflar uchun "Matematik bellashuv".
Seshanba — 6-sinflar uchun "Yulduzli soat".
Chorshanba — 9-sinflar uchun "Bilimdonlar va zukkolar".
Payshanba — 7-sinflar uchun "Katta poygalar".
Juma — 8-sinflar uchun "Kim? Nima? Qachon?".
Shanba — Qiziqarli matematika darslari.
Fan o‘qituvchilari, maktab jamoasi, o‘quvchilar va ota-onalar
4.
Sinfdan tashqari mashg‘ulotlar natijalarini tahlil etish haftaligi:
Dushanba — sinflarda olib borilgan to‘garak ishlarining hisobotlari.
Seshanba — to‘garak a'zolari tayyorlagan devoriy gazetalar, o‘quvchilar va o‘qituvchilar tomonidan tayyorlangan ko‘rgazmali materiallar tanlovi, dars ishlanmalari va eng namunali matematika daftari kabi ko‘rgazmalar.
Chorshanba — fan oyligi davomidagi yutuqlar, eng yaxshi fan o‘qituvchisining ilg‘or tajribalarini ommalashtirish.
Payshanba — olimlar, tuman(shahar), viloyatdagi eng yaxshi matematika fani o‘qituvchilari, ustoz-o‘qituvchilar bilan uchrashuvlar.
Juma — to‘garaklarda "Matematika fani ravnaqiga hissa qo‘shgan ajdodlarimiz" mavzusida ochiq darslar.
Shanba — bajarilgan ishlarni sarhisob etish, umumlashtirish.
Fan o‘qituvchisi, metodbirlashma rahbari
Maktab direktori
Ochiq darslarda ota-onalar ishtirokini ta'minlash, tajribali o‘qituvchilar hamda metodistlar tomonidan dars tahlillarini yo‘lga qo‘yish ta'lim sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
O‘tkaziladigan barcha tadbirlar jadvali e'lonlar doskasidan o‘rin olishi zarur. Oylik yakunini bayramona ruhda tashkil etish, faol o‘quvchilar, o‘qituvchilar, reyting ko‘rsatkichi bo‘yicha faol sinflarni rag‘batlantirish lozim. Barcha tadbirlardan hujjatlar, fotoalbom va boshqa materiallar maktab metodbirlashmasida saqlanadi.
Informatika fani oyligi nafaqat o‘qitish sifati va o‘quvchilarning o‘zlashtirish samaradorligini yaxshilashga, balki yosh o‘qituvchilarning malaka va ko‘nikmalarini oshirish, tajribali muallimlarning kasbiy mahoratini namoyon etishiga imkoniyat yaratadi.
Oylik yuqori saviyada o‘tishi uchun o‘qituvchilar elektron axborot resurslari, dars ishlanmalari, multimedia materiallari va darsliklarga ega bo‘lishi lozim. Fan oyligi ochilishiga oid darslarda o‘qituvchilar yurtimizda axborotlashtirish bo‘yicha erishilgan yutuqlar, soha yangiliklari bilan o‘quvchilarni tanishtirib, fanning ahamiyatini hayotiy misollar orqali tushuntirib berishi tavsiya etiladi.
Pedagoglarning o‘zaro tajriba almashishiga imkon yaratish uchun mahoratli o‘qituvchilarning ochiq darslariga yosh muallimlarni kuzatuvchi sifatida jalb qilish zarur. Darslarda ilg‘or pedagogik texnologiyalardan keng foydalanish, mavzuni ochib berishga ijodiy yondashish lozim. Shunda o‘quvchilar mavzuni chuqur o‘zlashtiradi, fanga qiziqishi ortadi.
Iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlashning eng samarali usullaridan biri sinfdan tashqari mashg‘ulotlardir. Informatikadan qo‘shimcha mashg‘ulotlar bolalarning fanga qiziqishini rivojlantirishga, bilimlarini kengaytirish va mustahkamlashga qaratilgan bo‘lishi lozim. Xususan, viktorina, olimpiada, devoriy gazetalar tanlovini o‘tkazish, to‘garaklarda ishlash juda samaralidir.
Informatikadan viktorinalar ko‘p vaqt va katta tayyorgarlik talab qilmaydi. Viktorinalar 10—20 daqiqa davom etadi. O‘qituvchi oldindan tayyorlagan 5-6 savolga og‘zaki yoki yozma javob oladi. Viktorinalar masalalarni turli usullarda yechishga, fikrlash va hozirjavoblikka o‘rgatadi. Masalan, 9-sinf o‘quvchilari Paskal dasturlash tili bo‘yicha misol va masalalar, viktorinalar o‘tkazishi mumkin.
Umuman, viktorinalar qizg‘in musobaqa tarzida o‘tib, eng bilag‘on, topqir va hozirjavob o‘quvchini yoki ilg‘or sinfni aniqlash imkonini beradi. O‘quvchilarning fanga qiziqishini aniqlash va keyinchalik to‘garakka jalb etishda asqotadi.
Informatik musobaqa esa biroz kengroq auditoriyani qamrab oladi. Bolalar jamoa bo‘lib qatnashadi. Uch turda davom etadigan musobaqada eng kuchlilar saralanib, munosib jamoa g‘olib sanaladi.
Devoriy gazetalar tanlovi o‘quvchilarni fanga qiziqtiruvchi eng muhim omillardan biri. Gazetani tayyorlashda o‘quvchilarning shaxsiy tashabbusini qo‘llab-quvvatlash lozim. Devoriy gazetalarda quyidagi ruknlar o‘z ifodasini topishi maqsadga muvofiq:
informatika tarixidan bir shingil;
informatikaning o‘quvchilar hayotidagi ahamiyati;
informatika fani rivojiga hissa qo‘shgan olimlar;
o‘quvchilarga o‘qish uchun tavsiya qilinadigan adabiyotlar;
masalalar (qiziqarli, mantiqiy);
informatik o‘yinlar;
ko‘ngilochar sahifa;
o‘tgan sonlardagi tanlov va boshqotirmalarning yechimi va javobini topgan o‘quvchilar haqida ma'lumot va boshqalar.
To‘garaklar faoliyati o‘quvchilarning darsdan bo‘sh vaqtlari mazmunli o‘tishi, bilimlari mustahkamlanishida ham muhim o‘rin tutadi. Mashg‘ulotlarda dasturlash tillarini o‘rganishga, veb-sahifalar tayyorlashga, taqdimot(slayd)lar yaratish sirlarini o‘rgatishga keng o‘rin berish o‘quvchilarning informatikadan fundamental bilimlarni chuqur o‘zlashtirishiga imkon yaratadi.
Respublika ta'lim markazi