Konstitutsiyamiz – huquq va erkinligimiz kafolati
Ta’lim muassasalarida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha metodik tavsiya
Mamlakatimizdagi tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, xalqimiz qalbida ertangi kunga ishonchni kuchaytirishda Konstitutsiyamiz muhim o‘rin tutadi. Darhaqiqat, Bosh Qomusimiz erishgan yutuqlarimizning asosi va poydevoridir. Shu ma’noda Konstitutsiyamiz mazmun-mohiyatini kichik yoshdanoq farzandlarimiz ongiga singdirish zarur. Bunda ta’lim muassasalarida tashkil etiladigan mashg‘ulotlar, ochiq darslar va sanaga bag‘ishlab o‘tkaziladigan tadbirlarning ahamiyati katta.
Asosiy Qomusimiz qabul qilinganining 25 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishni tashkil etishda quyidagilarga e’tibor qaratish tavsiya etiladi:
2017-yil noyabr-dekabr oylarida “Konstitutsiyamiz — huquq va erkin¬ligimiz kafolati” shiori ostida tashkil etiladigan huquqiy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar oyligi davomida olim, yozuvchi, ijodkor ziyolilar, huquq¬shunos va boshqa soha mutaxa¬s¬sislari ishtirokida uchrashuv va ochiq muloqotlar o‘tkazish;
Boshlang‘ich sinflarda “Konstitutsiyani o‘rganamiz”, “Baxtli bolaligim” rasmlar tanlovi, “Mening huquqlarim” mavzusida suhbatlar tashkil etish;
5-, 6-, 7-sinflarda “Men O‘zbekiston fuqarosiman”, “Konstitutsiya — baxtimiz poydevori” mavzularida bayonlar tanlovi, “Konstitutsiya mening nigohimda”, “Mening konstitutsiyam” mavzusida davra suhbatlari o‘tkazish;
8-, 9-, 10-sinflarda “O‘zbekiston kelajagi — barkamol avlod qo‘lida”, “Inson huquqlari — eng oliy qadriyat”, “Konstitutsiya va huquqiy madaniyat” insholar tanlovi, “Men O‘zbekiston Respublikasi fuqarosiman”, “Siz qonunni bilasizmi?”, “Mustaqillik — mening taqdirimda”, “Mustaqillik — huquq demakdir” mavzularida viktorinalar va ko‘rik-tanlovlar, “Korrupsiyaga qarshi birgalikda kurashamiz”, “Korrupsiyasiz kelajak sari”, “Korrupsiya — taraqqiyot kushandasi” mavzularida ijodiy ishlar tanlovini o‘tkazish.
Shuningdek, maktab o‘quvchilari o‘rtasida “Sog‘ tanda — sog‘lom aql” (boshlang‘ich sinflarda “Quvnoq startlar”), “Sog‘lom bola — yurt boyligi”, “O‘zbekiston kelajagi barkamol va sog‘lom avlod qo‘lida” (voleybol, futbol, basketbol) sport musobaqalarini tashkil etish mumkin.
Tashkiliy masalalar:
— ta’lim muassasalarini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining mazmun-mohiyatini aks ettiruvchi tasviriy vositalar bilan bezatish;
— o‘quvchilar tayyorlagan devoriy gazetalar, to‘garaklarda bajarilgan ishlar hamda ular erishgan yutuqlar aks ettirilgan ko‘rgazmalarni tashkil etish;
— sinf rahbarlari tomonidan Konstitutsiyaning hayotimizda tutgan o‘rnini tushuntirish maqsadida ota-onalar, o‘qituvchi va o‘quvchilarning huquqiy savodxonligini oshirishga yo‘naltirilgan targ‘ibot-tashviqot ishlarini tashkil etish;
— musiqa va san’atga iqtidori bo‘lgan havaskor bolalar tomonidan hududdagi mahalla aholisi va yaqin atrofdagi maktab o‘quvchilari uchun Konstitutsiya kuniga bag‘ishlangan konsert dasturlarini tayyorlash;
— axborot-resurs markazlari va ta’lim muassasalari kutubxonalarida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligiga bag‘ishlab yuridik adabiyotlar ko‘rgazmasini tashkil etish maqsadga muvofiq.
Tantanali qism:
Ta’lim muassasasida tashkil etiladigan tad¬birni muassasa rah¬bari ochib beradi. Uning ma’ruzasidan quyidagi ma’lumotlar o‘rin olsa, targ‘ibot ishlari yanada takomillashadi:
— mamlakatimiz ijtimoiy hayotida Konstitutsiyaning o‘rni va ahamiyati;
— fuqarolar va davlat o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solishda Konstitutsiya asosiy mezon sifatida;
— ta’lim olish huquqining kafolatlanishi va uni amalga oshirish yo‘lidagi imkoniyatlar, erishilayotgan yutuqlar;
— 2017—2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining ikkinchi yo‘nalishi “Qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlari” deb nomlanishidan ko‘zlangan maqsad va vazifalar.
Ta’lim muassasasi rahbari tadbirni ochiq deb e’lon qilganidan so‘ng davlat madhiyasi ijro etiladi. Xulqi namunali, a’lochi hamda ommaviy tadbirlarda faol ishtirok etgan o‘quvchilar, fidoyi o‘qituvchilar rag‘batlantiriladi.
Badiiy qism:
Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari, badiiy havaskorlik, sport to‘garagi a’zolarining ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etiladi. Taklif etilgan mehmonlar yig‘ilganlarga o‘z tabriklarini yo‘llaydilar.
Tadbir dasturini tayyorlashda O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzoning Konstitutsiyamiz moddalariga bag‘ishlangan she’rlaridan foydalanish mumkin.
Yakuniy qism:
Davlatimiz tomonidan yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanish va uni qadrlash lozimligi uqtiriladi. Bunday g‘amxo‘rlikka o‘quvchilar namunali xulqi va a’lo baholarga o‘qishi orqali javob berishi haqida mahalla faollari, keksa otaxon-onaxonlar so‘zlagani maqsadga muvofiq. Bunda yosh avlodga shaxsiy namuna ko‘rsatgan holda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov ta’biri bilan aytganda, har kuni, har soatda fidoyi bo‘lish, o‘zini tomchi va tomchi, zarrama-zarra buyuk maqsadlar sari charchamay, toliqmay tinimsiz safarbar etib borish, bu fazilatni doimiy, kundalik faoliyat mezoniga aylantirish — haqiqiy qahramonlik ekanligini tushuntirish zarur. Zero, o‘z huquq va majburiyatini bilgan, burchini tushunib yetgan yoshlargina buyuk davlat qurishga hissa qo‘sha oladi.
Bayram tadbirlarini tayyorlashda ta’lim muassasalari ushbu tavsiya¬lardan ijodiy yondashgan holda foydalanishi mumkin.
Respublika ta’lim markazi