Ona tilimiz — faxrimiz, g‘ururimiz
Yosh avlod qalbida ona tilimiz bilan faxrlanish, unga nisbatan chuqur hurmat-ehtirom tuyg‘ularini shakllantirish, muloqot jarayonida adabiy til me’yorlari hamda so‘zlashuv madaniyatiga rioya etish, tilimizning boy imkoniyatlaridan o‘rinli foydalanish ko‘nikmasini rivojlantirish, o‘quvchilarning ona tili va adabiyot, o‘zbek tili fanlariga qiziqishini oshirish pedagoglarimiz oldidagi muhim vazifalar sirasiga kiradi.
Har yili oktabr — filologiya yo‘nalishidagi fanlar oyligi doirasida o‘quvchilar qalbiga milliy istiqlol va umumbashariy qadriyatlarga, shu jumladan, ona tilimizga mehr-muhabbat va hurmat, ona Vatanga sadoqat, millatlararo bag‘rikenglik kabi olijanob tuyg‘ularni jo etishga alohida e’tibor qaratiladi. 21-oktabr — O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilingan kun munosabati bilan yurtimizning barcha hududlarida bayram tadbirlari o‘tkaziladi.
Bu yilgi filologiya yo‘nalishidagi fanlar oyligi ham ta’lim muassasalarida ko‘tarinki ruhda tashkil etilmoqda. O‘quvchilar ona tili va adabiyot, o‘zbek tili fanlari bo‘yicha bilim, ko‘nikma va malakalarini turli sahna ko‘rinishlari, “Bilimdonlar” musobaqasi va boshqa ko‘rik-tanlovlar orqali namoyish etayapti. “O‘zbek tilini o‘rganamiz”, “O‘zbek tili tarixidan”, “Ona tilim — g‘ururim”, “O‘zbekiston mustaqilligi va ona tilimiz rivoji”, “Til boyligi — tafakkur boyligi” kabi mavzularda qiziqarli adabiy-badiiy kechalar, ko‘rik-tanlovlar, davra suhbatlari o‘tkazilib, tilshunos olimlar, san’atkorlar, yozuvchi-shoirlar bilan uchrashuvlar o‘quvchilarning ona tilimiz fasohatini yanada chuqur anglashiga xizmat qilayotir.
Fan oyligi davomida ta’lim mazmunini takomillashtirish, o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini oshirish, ilg‘or tajribalarni targ‘ib etishga xizmat qilayotgan fan olimpiadalari, bilimlar bellashuvi, “Mahorat maktablari”, videodarslar ko‘rik-tanlovlari iqtidorli o‘quvchilarni aniqlash, iste’dodli, izlanuvchan, ijodkor o‘qituvchilarning ish tajribalarini ommalashtirib, fan o‘qituvchilarining pedagogik mahoratini oshirish imkoniyatini yaratmoqda.
Joriy o‘quv yilida qayta nashr etilgan 5-sinf “Ona tili”, “Adabiyot”, 4—5-sinf “O‘zbek tili” darsliklari bilan ishlash jarayonida amaliyotchilar, avvalo, davlat ta’lim standartlari va o‘quv dasturida belgilangan talablardan kelib chiqib, o‘quvchilarning og‘zaki va yozma nutqini rivojlantirishda ilg‘or pedagogik texnologiyalar, axborot-kommunikatsiya vositalari, multimediali ilovalar hamda elektron darsliklardan o‘rinli va unumli foydalanishga intilishayapti. Fan oyligi boshlanishidan avval o‘qituvchilar darsliklarni chuqur o‘rganib, tahlil qilishdi. Metodbirlashmada bildirilgan fikr-mulohazalar asnosida quyidagi mezonlarga e’tibor qaratildi:
— umumta’lim maktablarida fan oyligining samarali o‘tishida har bir o‘qituvchining ko‘rgazmali materiallardan foydalanishi va darslarni samarali o‘tkazishini nazoratga olish;
— ta’lim-tarbiya jarayonining sifat darajasiga ta’sir ko‘rsatuvchi omillar (davomat, o‘qituvchining darsga tayyorligi, dars tahlili va hokazo) asosida joylarda ta’lim-tarbiya jarayonini tahlil qilish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha rahbar va xodimlarning shaxsiy mas’uliyatini oshirish;
— masofaviy metodik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha taqdim etilgan videoseminar, videodarslar va ta’lim portallari, Respublika ta’lim markazi saytidagi materiallardan unumli foydalanish;
— o‘quv muassasalaridagi mavjud axborot-kommunikatsiya vositalaridan samarali foydalanish, barcha pedagog xodimlarning internet tarmog‘idan keng foydalanishi, o‘z bilim, ko‘nikma va malakasini oshirishi uchun qulay shart-sharoit yaratish;
— metodik kengash, metodbirlashma faoliyati samaradorligini va ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha pedagoglarga amaliy yordam ko‘rsatish, ilg‘or o‘qituvchilarning ish tajribalarini o‘rganish hamda ommalashtirishga alohida e’tibor qaratish.
“Yaxshi muallim — sifatli ta’lim” metodik tavsiyasiga muvofiq, fan o‘qituvchilari o‘z ustida mustaqil ishlab, o‘zaro tajriba almashish, dars kuzatish hamda o‘quvchilarni faollashtirish uchun ilg‘or pedagogik texnologiyalar va rolli o‘yinlarni qo‘llash, kitob bilan ishlash hamda amaliy mashqlarga ko‘proq vaqt ajratishayapti. O‘quvchilarning bir-birining fikrini to‘ldirishiga imkoniyat berilib, bolalar fikrini bilishga harakat qilish, mashg‘ulotlarda ularning imloviy va punktuatsion ko‘nikmasini mustahkamla¬sh, matn bilan ishlash, shu asosda mustaqil matn tuzdirish, mashqlarga ko‘proq e’tibor qaratilayotgani fan oyligining ahamiyatini yanada oshirmoqda. Zero, darslarni zamonaviy pedagogik texnologiyalar va axborot-kommunikatsiya vositalari asosida tashkil etish ta’lim samaradorligining asosiy omilidir.
Ta’lim tizimini takomillashtirishning yana bir yo‘nalishi ilg‘or ish tajribalarini ommalashtirish bo‘lib, bu o‘qituvchilarning ijodkorligini oshirish, ta’lim-tarbiya berishning turli usullarini qo‘llash orqali fanning puxta o‘qitilishiga xizmat qiladi. Shunga ko‘ra, fan oyligida o‘zaro ish tajribalarini o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha muhokamalar o‘tkazilib, ilg‘or uslublar aniqlanmoqda. Oylikda fan o‘qituvchilari “Ona tili darslarini tashkil etishda pedagogning mahorati”, “Ilg‘or ish tajribalari minbari”, “Ta’lim texnologiyalarini dars jarayonida qo‘llash — samaradorlik omili”, “Til — millatlararo muloqot vositasidir” kabi mavzularda taqdimotlar qilib, eng yaxshi ma’ruza, taqdimotlarini risola holida yoki ommaviy axborot vositalari orqali namoyish etish imkoniga ega. Fan oyligi doirasida ish tajribalari tuman, viloyat, respublika miqyosida ommalashtirilgan o‘qituvchilarning faoliyati, erishgan yutuqlari haqida davra suhbatlari va taqdimotlar o‘tkazish mumkin.
“O‘zbek tili ta’limini takomillashtirishning dolzarb masalalari” doimiy ilmiy-metodik anjumanining shu yil 10-aprelda Navoiy shahrida o‘tkazilgan XIII yig‘ini “Ta’lim jarayonida yozma savodxonlikni oshirishning asosiy omillari” mavzusiga bag‘ishlanib, unda hozirgi kun til ta’limi oldidagi muhim masalalar muhokama etilgan edi. Amaliyotchi o‘qituvchilar fan oyligini namunali o‘tkazishda anjuman oldidan chop etilgan “Ta’lim jarayonida yozma savodxonlikni oshirishning asosiy omillari” nomli tezislar to‘plamidagi materiallardan foydalanishlari ham mumkin.
Respublika ta’lim markazi