Shoh va shoir
Yoshlarimizning vatanparvar, ma’naviyatli shaxs bo‘lib ulg‘ayishida ulug‘ ajdodlarimizning o‘lmas merosi, ma’naviy xazinasi katta o‘rin tutadi. Jumladan, o‘quvchilar fevral oyida umumta’lim maktablarida keng nishonlanadigan Alisher Navoiy tavalludining 577 yilligi va Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 535 yilligi munosabati bilan har ikki allomaning adabiy merosini yanada kengroq o‘rganish imkoniga ega bo‘ladi.
Xalq ta’limi vazirligi tomonidan har yili maktablarda “Navoiyxonlik” va “Boburxonlik” oyligi o‘tkaziladi. Adabiy kechalar, ma’naviyat soatlari, ma’rifiy tadbirlar tashkil etiladi. Shu bilan birga, “Buyuk ajdodlarni yod etib...”, “Navoiy lirikasi”, “Farhod — mardlik timsoli”, “Boburnoma”ni o‘qib...”, “Bobur ruboiylaridan olgan taassurotlarim” kabi mavzularda adabiyot, she’riyat bayramlari, insholar tanlovi, mushoiralar o‘tkaziladi.
Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida “Navoiyxonlik” va “Boburxonlik” tadbirlarini yanada samarali o‘tkazish uchun quyidagi namunaviy tadbir senariylaridan foydalanish tavsiya etiladi.
“SHOH VA SHOIR” nomli adabiy-ma’rifiy kecha senariysi
(Tadbir maktabning majlislar zalida o‘tkaziladi, sahna Zahiriddin Muham¬mad Bobur portreti hamda ibratli misralari, asarlariga ishlangan rasmlar tasvirlangan devoriy gazetalar bilan bayramona bezatiladi. Musobaqa tarzida o‘tkaziladigan tadbir davomida ishtirokchilar hakamlar tomonidan baholab boriladi).
Mayin musiqa sadosi ostida sahnaga boshlovchilar chiqib keladi.
1-boshlovchi: — Assalomu alay¬kum, hurmatli ustozlar, o‘quvchilar! Bugun shoir, buyuk sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur taval¬ludining 535 yilligini nishonlashga yig‘ilganmiz.
2-boshlovchi: — “Shoh va shoir” nomli tadbirimizni e’tiboringizga havola etamiz.
1-boshlovchi: — Sahnaga ishtirokchilarni taklif etamiz.
2-boshlovchi: — Tadbir musobaqa tarzida o‘tadi. Ishtirokchilar uch shart bo‘yicha bellashadi. Birinchi shartda erkin mavzuda badiiy chiqish, ikkinchi shartda Bobur ijodi bo‘yicha savol-javob, uchinchi shartda esa Bobur ruboiy va g‘azallari asosida bahru bayt o‘tkaziladi. Va nihoyat, to‘rtinchi shartda sardorlar bahsi bo‘ladi.
1-boshlovchi: — Zahiriddin Muham¬mad Bobur 1483-yil 14-fevralda Andijonda Umarshayx mirzo xonadonida tavallud topdi. Otasi vafotidan so‘ng 12 yoshida taxtga o‘tirdi. Umri davomida ko‘plab nasriy va she’riy asarlar yaratdi.
2-boshlovchi: — Hozir o‘quvchilarimiz Bobur she’rlaridan o‘qib berishadi (sahnaga 4 nafar o‘quvchi chiqib, Bobur g‘azallaridan o‘qiydi).
1-boshlovchi: Shoir g‘azallarida, ruboiylarida Vatan sog‘inchini his etamiz. (Ishtirokchilar tomonidan kichik sahna ko‘rinishi namoyish etiladi. Mayin musiqa yangraydi. Bobur taxtda o‘tiribdi. Uch-to‘rt mulozimlari bilan mamlakatdagi siyosiy ahvol to‘g‘risida suhbatlashmoqda. Bunda Boburning xalq manfaati yo‘lidagi ibratli ishlari, ya’ni Odinapur qal’asi yaqinida “Bog‘i Vafo” nomli bog‘ bunyod qilishga yo‘naltirilgan suhbat kompozitsiyasi namoyish etiladi. Mulozimlar chiqib ketgach, Bobur “Boburnoma”ni oladi va “…oshlig‘i mo‘l, mevasi farovon. Qovun va uzumi yaxshi bo‘lur. Pishiqchilik mahali poliz boshida qovun sotish rasm emas” kabi parchani o‘qiydi.
Ikkinchi shartda har ikkala guruh vakillari 4 tadan savolga javob beradi.
Savollardan namuna:
1. “Bobur” taxallusi ma’nosi?
2. Shoirning “Boburnoma” asari qachon yozilgan?
3. Boburning ota-onasi kimlar bo‘lgan?
4. Shoirning qaysi asarlari bizgacha yetib kelmagan?
Javoblar:
1. Bobur “sher” ma’nosini anglatadi. Dovyuraklikda, epchillikda, chaqqonlikda uning oldiga tushadigan topilmagan, Agra qal’asi devorlari ustida yugurib mashq qilgan.
2. Boburning eng mashhur asari “Boburnoma”dir. U dastlab “Vaqoye” (Voqealar) deb atalgan. So‘ngra “Voqeoti Boburiy”, “Voqeanoma”, “Tuzuki Boburiy”, “Boburiya” nomlarini olgan. “Boburnoma”da adibning butun umri davomidagi esdaliklari qayd etilgan.
3. Boburning otasi – Umarshayx mirzo Farg‘ona viloyati hokimi, onasi – Qutlug‘ Nigorxonim Toshkent hokimi Yunusxonning qizi edi.
4. “Harb ishi” va “Musiqa ilmi”.
1-boshlovchi: — Navbatdagi shart — bahru bayt. Sahnaga har ikkala guruhdan 4 nafardan o‘quvchini taklif etamiz.
(Bahru bayt qoidasiga ko‘ra, o‘quvchilar bir-birlari o‘qigan ruboiylarni misradagi oxirgi harfiga moslab davom ettiradi. Ruboiy va g‘azallar Bobur qalamiga mansub bo‘lishi lozim).
2-boshlovchi: — Navbatdagi shart — sardorlar bellashuvi (Sardorlar bilimi 10 tadan test savollari orqali sinaladi).
1-boshlovchi: — Bobomiz Zahiriddin Muhammad Bobur bilan har qancha faxrlansak arziydi. O‘zbek xalqining dovrug‘ini dunyoga tanitgan bu zotning asarlari tariximizni o‘rganishga, kelajakka ishonch bilan qarashga o‘rgatadi.
2-boshlovchi:
— Bu olam aro ajab alamlar ko‘rdum,
Olam elidin turfa sitamlar ko‘rdum,
Har kim bu “Vaqoye’”ni o‘qur, bilgaykim,
Ne ranju ne mehnatu ne g‘amlar ko‘rdum.
(Tadbir yakunida boshlovchilar g‘olibni e’lon qiladi).
Respublika ta’lim markazi