Mamlakatimizda futbolchilar bilan necha yoshda shartnoma tuzish mumkin?
Savol: Chet elda iqtidorli futbolchi bolalarni o‘z klublariga jalb etish uchun ularning ota-onalari bilan turli manfaatli shartnomalar tuzilishi haqida ko‘p eshitganmiz. O‘zbekistonda yosh futbolchilar bilan necha yoshdan professional shartnoma imzolash mumkin?
Rustam TO‘RAQULOV, O‘zDJTU talabasi
Javob: Futbolchilar bilan shartnoma tuzish masalasini O‘zbekiston yoki Angliya misolida ajratish shart emas. Chunki bu kabi ishlarni FIFA qoshidagi Futbolchilarning maqomi va o‘tishi bo‘yicha qo‘mita aniq belgilab beradi. Futbol qoidalariga ko‘ra, 18 yoshga to‘lgan futbolchi o‘zi erkin shartnoma tuzish huquqiga ega. Bunga qadar esa shartnomada albatta futbolchining ota-onasining ham imzosi bo‘lishi shart. Bizning ligalar uchun ro‘yxatdan o‘tgan 16–18 yoshli futbolchilar ham shunday – ota-onalarining roziligi bilan futbol uchrashuvlarida bevosita ishtirok etishadi.
Savolga O‘zbekiston Professional futbol ligasi bosh direktori maslahatchisi Diyor Imomxo‘jayev javob berdi.