O‘qituvchini mehnat ta’tilidan chaqirib olishsa...
Ko‘p hollarda o‘qituvchi mehnat ta’tilida bo‘lishiga qaramay, uni ishga chaqirtirib olishadi. Bu qonunan to‘g‘rimi?
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 147-moddasiga muvofiq, ta’tildan chaqirib olishga faqat xodimning roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi, deb xabar beradi Xalq ta`limi vazirligining telegramdagi kanali.
Aytib o‘tish joizki, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 143-moddasiga binoan, ishlab chiqarish tusidagi sabablarga ko‘ra joriy yilda ta’tilni to‘liq berish imkoni bo‘lmagan alohida hollarda, xodimning roziligi bilan ta’tilning o‘n ikki ish kunidan ortiq bo‘lgan qismi keyingi ish yiliga ko‘chirilishi mumkin. Ya’ni xodim ish yili davomida kamida 12 ish kuni dam olishi shart.
O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan xodimlarga yillik ta’tilni, shuningdek, yillik qo‘shimcha ta’tillarni bermaslik taqiqlanadi.
Yillik asosiy ta’til ikkinchi va undan keyingi ish yillari uchun ta’tillar jadvaliga muvofiq ish yilining istalgan vaqtida beriladi.