O‘qituvchilarga avtokredit qachon beriladi?
Tahririyatimizga Peshku tumanidagi 23-maktab o‘qituvchisi Kamtar Sharipov murojaat qilib, fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Yoshim 50 da. 30 yildan ortiq pedagogik ish stajiga egaman. Bu yillar davomida kasbimning mashaqqatini ham, rohatini ham totib ko‘rdim. So‘nggi yillarda ta’lim tizimi xodimlari, o‘qituvchilar mavqeyi ancha tushib ketgandi. Hatto ayrim ota-onalar farzandi pedagogik yo‘nalishdagi oliy o‘quv yurtiga kirmoqchi bo‘lsa, “4 yil o‘qib, o‘qituvchi bo‘lasanmi?”, deyishgacha borib qoldi.
Shukrki, bugun vaziyat tubdan o‘zgardi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan sohani yanada rivojlantirishga qaratilgan qaror va farmonlar qabul qilindi.
Jumladan, 2018-yil 14-avgustda “Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror qabul qilinib, o‘qituvchilar oylik maoshi oshirildi, ularga imtiyozli kredit asosida arzon uy-joy va avtomashina berish belgilandi.
Qarorning o‘ninchi bandida o‘qituvchilarga imtiyozli avtokredit berish haqida so‘z borib, Xalq ta’limi vazirligi tomonidan taqdim etilgan ro‘yxat bo‘yicha mehnat qilayotgan pedagog xodimlarga iste’mol kreditlari, shu jumladan, avtotransport sotib olish uchun maxsus jamg‘arma hisobidan qanday shartlarda kredit berish tartibi ham keltirilgan.
Shuningdek, Xalq ta’limi vazirligi Moliya vazirligi, Markaziy bank, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda Xalq ta’limi vazirligi huzurida xalq ta’limi tizimidagi xodimlar uchun ipoteka krediti, avtotransport vositasi sotib olish va boshqa maqsadlar uchun iste’mol kreditlari berishni moliyalashtirish bo‘yicha maxsus jamg‘armani tashkil etish, unga O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hisobidan 100 million AQSh dollari ajratish hamda xalqaro moliya institutlarining mablag‘larini jalb etishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritish qayd etilgan.
Afsuski, oradan uch oy emas, 5 oy o‘tyapti hamki, hamon bu borada aniq tartib e’lon qilinmadi. Biz, o‘qituvchilar esa kutishda davom etyapmiz. O‘qituvchiga berilgan imtiyozlar “tuya go‘shtini yemoqda”mi?”.
Tahririyatdan: bu masalada Xalq ta’limi vazirligi bilan bog‘lanib, masalaga oydinlik kiritishga harakat qildik.
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining 8-bandiga ko‘ra, har yili qishloq va shaharlarda namunaviy loyihalar bo‘yicha qurilayotgan arzon uy-joylarning bir qismini xalq ta’limi tizimidagi pedagog xodimlarga 20 yil muddatga, 3 yillik imtiyozli davr hamda birinchi 5 yil mobaynida yillik 7 foiz stavkasi bilan va keyingi davrda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida dastlabki badali 10 foiz bo‘lgan ipoteka krediti sifatida berish nazarda tutilgan.
Qarorning 10-bandiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan taqdim etilgan ro‘yxat bo‘yicha xalq ta’limi tizimidagi pedagog xodimlarga iste’mol kreditlari, shu jumladan, avtotransport vositalari sotib olish uchun quyidagi shartlarda kredit beriladi:
• kreditni berish muddati — 1 yil, imtiyozli davr bilan 5 yil muddatga;
• dastlabki badal summasi — sotib olinayotgan avtotransport vositasi qiymatining 25 foizi;
• kredit uchun foiz stavkasi — O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda.
Qarorga ko‘ra, xalq ta’limi tizimidagi xodimlar uchun ipoteka krediti, avtotransport vositasi sotib olish va boshqa maqsadlar uchun iste’mol kreditlari berishni moliyalashtirish bo‘yicha Xalq ta’limi vazirligi huzurida maxsus jamg‘arma tashkil etiladi.
Hozirgi kunda mazkur jamg‘armani tashkil etish va kredit ajratish tartibini belgilovchi normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqilib, tegishli vazirlik hamda idoralar bilan kelishilmoqda.
Normativ-huquqiy hujjat loyihasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanganidan so‘ng Xalq ta’limi vazirligi rasmiy sayti va ijtimoiy tarmoqlar hamda OAVda tegishli ma’lumotlar e’lon qilinadi.
Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati”.