Oʻqishni koʻchirish yoki qayta tiklash haqidagi ariza qachon rad etiladi?
Qanday hollarda fuqaroning oʻqishini koʻchirish va qayta tiklash haqidagi arizasiga rad javobi berilishi mumkin? Bu savolga Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Telegrammdagi rasmiy kanalida batafsil javob berilgan.
Unda bayon etilishicha, quyidagi holatlar fuqaroning oʻqishini koʻchirish va qayta tiklash haqidagi arizasiga rad javobini berilishiga asos boʻladi:
• xorijiy davlatlarning akkreditatsiyaga ega boʻlmagan oliy taʼlim muassasalarida yoki ularning filiallarida oʻqiganlarga;
• respublika oliy taʼlim muassasalaridagi mavjud taʼlim shaklidan oʻzga (boshqa) taʼlim shaklida oʻqiganlarga;
• oliy taʼlim muassasalarining markazlari, boʻlimlari, oʻquv-maslahat punktlari va boshqalarda oʻqiganlarga;
• birinchi kursning birinchi semestriga birinchi semestr tugallanmagan holatda (talabaga kasallik tufayli akademik taʼtil berilgan holatlar bundan istisno);
• oliy taʼlim muassasasida mos (turdosh) taʼlim yoʻnalishi (mutaxassisligi) yoki taʼlim shakli mavjud boʻlmasa;
• namunaviy oʻquv rejalaridagi umumkasbiy va ixtisoslik (mutaxassislik) fanlari boʻyicha farqlar 4 tadan oshganda;
• toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga tavsiya etilganlar toʻlovni belgilangan muddatda amalga oshirmaganda;
• talabaning shaxsiy yigʻma jildi (akademik maʼlumotnoma) belgilangan muddatlarda taqdim etilmaganda;
• oliy taʼlim muassasasiga davlat granti asosida koʻchirish va qayta tiklash davlat granti asosida taʼlim oluvchilar soni (qabul kvotalari) doirasida boʻsh oʻrinlar mavjud boʻlmasa;
• qonunchilikda belgilangan boshqa holatlarda.
Asos: Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-iyundagi 393-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻqishini koʻchirish, qayta tiklash va oʻqishdan chetlashtirish tartibi toʻgʻrisida Nizom.