Qo‘lyozma kitoblar qanday tayyorlangan?
Muzeylarda, maxsus kutubxonalarda saqlanadigan qo‘lyozma kitoblarga ko‘zimiz tushganda uning varaqlari nihoyatda nafisligidan, har bir sahifasi o‘ziga xosligidan hayratga tushamiz. Necha zamonlar o‘tsa-da, qo‘lyozma kitoblar o‘z sifatini yo‘qotmay kelayotir. Quyida bu nodir kitoblarning yaratilish tarixiga bir nazar tashlaymiz.
Kitob tayyorlash qadimda murakkab jarayon bo‘lib, qo‘lyozma tayyor kitob holiga kelguniga qadar bir necha kasb egalari uning ustida ishlagan. Eng avvalo, kitob uchun qog‘oz tanlangan. Qog‘ozning sifatiga alohida ahamiyat berilgan. Ma’lumki, O‘zbekiston hududida qog‘oz tayyorlashning bir qancha maktablari shakllangan edi. Ayniqsa, Samarqand, Buxoro va Qo‘qonda tayyorlangan qog‘ozlar dunyoning ko‘pgina davlatlarida ham eng xaridorgir mahsulotlardan sanalgan.
Qog‘ozlarni sifati va turiga ko‘ra uch guruhga bo‘lish mumkin. Birinchi turi ipakdan tayyorlangan bo‘lib, pishiqligi, o‘ta silliqligi, yupqa va nafisligi bilan ajralib turadi. Ikkinchi turi esa ipak va kanop aralashmasidan olingan. Bu qog‘oz qalin va pishiq bo‘lgan. Uchinchi navli qog‘oz asosan paxtadan ishlangan. Tayyorlangan qog‘ozga muhrokash (qog‘ozni silliqlash bilan shug‘ullanuvchi usta) ishlov berib, uni yozish uchun tayyor holga keltirgan. Ba’zan o‘ta sifatli qog‘ozni tayyorlash uchun silliqlash jarayoni 7-8 marta takrorlangan. Bunday oliy sifatli qog‘ozga yozayotgan xattot xato qilib qo‘ysa, matnni yuvib tashlashi va uni qayta ohorlab, ishni davom ettirishi mumkin bo‘lgan.
Qog‘ozlarga turli o‘simliklardan tayyorlangan bo‘yoqlar yordamida rang berilgan. Kitob ustalari ko‘proq pushti, sariq, ko‘k rangli qog‘ozlarni ma’qul ko‘rganlar. Usta qog‘ozni muayyan o‘lchamda tayyorlagandan so‘ng qog‘oz xattotning qo‘liga o‘tgan. Xattotlar esa qamishdan ishlangan qalam bilan siyoh yordamida kitob matnini yozib chiqqanlar. Xattotlik ham alohida san’at darajasiga ko‘tarilgan. Xattot o‘z ishini tugatgandan keyin qo‘lyozmani tayyorlash jarayoniga musavvir va naqqoshlar kirishgan. Ular kitob sahifalariga turli naqshlar, asar mazmunidan kelib chiqib miniaturalar ishlagan, sahifalarni hoshiyalar bilan bezagan.
O‘ta qimmatli qo‘lyozmalar muzahhib (qo‘lyozma kitoblarning muqova, sarlavha, sahifalarini oltin yoki kumush suvi yugurtirib bezovchi usta) qo‘liga ham topshirilgan. U sahifa, hoshiyalarni zarhal rang bilan bezagan. Keyingi bosqichda kitobga lavvoh ishlov bergan. Lavvoh kitob tuzuvchi bo‘lib, varaqlarni birlashtirish, tikib yig‘ish bilan shug‘ullangan. Qo‘lyozma kitobni yaratish va badiiy bezash jarayonini muqovasoz-sahhof yakunlagan.
Muqovaning bir necha qismlari bo‘lgan: ustki va ostki qopqog‘i, qovurg‘asi. Qovurg‘a sahifalarni birlashtirib, qopqoqlar orasida siqib turgan. Sahhof o‘z ishini tugatganidan so‘ng kitob tayyor holga kelgan. Shu tariqa kitoblar bir necha bosqichlardan so‘ng kitobxonning qo‘liga yetib borgan.
Ravshanjon ABDULLAYEV, Bag‘dod tumanidagi 8-maktabning tarix fani o‘qituvchisi