Ta’til davrida ishga chiqqandim, ammo...
Savol: Tarbiyachi yordamchisi lavozimida ishlayman. Ta’til davrida o‘z xohishim bilan ishga chiqqanman. Ta’til tugagach, 1-2 kunlik otgul olish maqsadida ishga kelmadim. Ishga kelolmasligimni hamkasbimga aytdim. Keyingi kuni ishga chiqqanimda, mehnat intizomini qo‘pol ravishda buzganligim uchun ishdan bo‘shatilganimni aytishdi. Bu o‘rinda huquqim buzilganligini qanday isbotlasam bo‘ladi?
X.XUDOYNAZAROVA G‘allaorol tumani
Javob: Siz yillik mehnat ta’tili davrida o‘z xohishingizga ko‘ra ishga chiqqansiz. Lekin tashkilot sizni ta’tildan chiqarish bo‘yicha buyruq bermagan. Ta’til davrida ishlagan paytingiz uchun keyinroq otgul olish maqsadida ishga kelmagansiz. Ishga kelmasligingiz haqida rahbariyatni ogohlantirmagansiz. Shu tufayli rahbariyat mehnat intizomini qo‘pol ravishda buzgan deb hisoblab, siz bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilgan.
Savolga O‘zbekiston ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi bosh yuriskonsulti Dilbar MUHAMMEDOVA javob berdi.