Kuzatuv kengashining vazifasi nima?
Savol: Maktablarda vasiylik kengashi tugatilib, o‘rniga yuridik shaxs maqomisiz Kuzatuv kengashlari tashkil etildi. Uning vazifalari nimadan iborat?
Umida NISHONOVA, Olmazor tumanidagi 191-maktab o‘qituvchisi
Javob: O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirining 2018-yil 26-dekabrdagi “Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining Kuzatuv kengashi haqidagi namunaviy nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi buyrug‘i (Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 11-yanvarda 3118-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan) asosida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida Kuzatuv kengashi tashkil etildi. Buyruqning 5-bandiga ko‘ra, Kuzatuv kengashining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan tavsiya etilgan nomzodlardan ta’lim muassasasi rahbarini saylash, shuningdek, belgilangan tartibda uni egallab turgan lavozimidan ozod etish haqida takliflar kiritish;
ta’lim muassasasini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash;
ta’lim muassasasi rahbarining muassasa faoliyatini takomillashtirish, moliyaviy-xo‘jalik holati, daromadlar va xarajatlar, budjet, budjetdan tashqari, homiylik va boshqa mablag‘lardan foydalanish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi hisobotlarini vaqti-vaqti bilan tinglash;
ta’lim muassasasi rahbarining taqdimnomasi bo‘yicha yillik moliyaviy rejalarni, ko‘rsatilayotgan pullik xizmatlar narxining miqdorlarini va muassasa mulkidan foydalanganlik uchun ijara haqi miqdorini, shu jumladan, auksiondagi boshlang‘ich narxni ko‘rib chiqish va tasdiqlash;
o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar ustidan tizimli ravishda monitoring o‘rnatish;
o‘quvchilar va ularning ota-onalarining murojaatlarini ko‘rib chiqish, ta’lim muassasasining pedagog va rahbar xodimlari faoliyati to‘g‘risida ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish;
ta’lim muassasasining faoliyatini tashkil etishga taalluqli boshqa masalalarni hal qilishda ishtirok etish. Savolga Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati yordamida vazirlik mutaxassislaridan javob olindi.
Savolga Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati yordamida vazirlik mutaxassislaridan javob olindi.
"Ma’rifat” gazetasi tahririyati RUXSATISIZ sayt materiallarini tarqatish taqiqlanadi.