Chaqadigani chivinmi yo pashsha?
Savol: O‘zbekistonning ba’zi hududida asosan kunduzi uchadigan qora hashorat chivin, kechalari g‘ing‘illab, ko‘z ilg‘ab-ilg‘amay uchadigan qonso‘rar pashsha deyiladi. Ba’zi hududlarda esa, aksincha, pashshani chivin, chivinni pashsha, deyishadi. Aslida, qaysi biri pashshayu, qaysisi chivin?
Nigora RO‘ZIYEVA, Navbahor tumani
Javob: Pashsha (ruscha nomi — muxi) — qora rangli, turli kattalikdagi hashorat. U turli muhit substratlar (kanalizatsiya chiqindilari, go‘sht, organik chiqindilar)da rivojlanadi va xuddi shunday ozuqa bilan oziqlanadi. Ko‘pchilik turlari sinantrop xarakterga ega, ya’ni odamlar bilan yonma-yon hayot kechiradi. Pashshalarning ba’zi turlari qon so‘ruvchi bo‘lib, mikrob tashuvchi hisoblanadi.
Chivin (ruscha nomi — komari) — qora va qo‘ng‘ir tusli, kechalari g‘ing‘illab uchadigan, lichinkali davri suvda kechib, yetuk davrida hayvon va odamning qonini so‘rib, oziqlanadigan hashorat. Chivin sariq isitma, ensefolitning ba’zi turlari va bezgak kasalliklarini tashuvchidir.
Savolga Fanlar Akademiyasi Zoologiya instituti mutaxassisi Z.Ahmedova javob berdi.