Texnologiya fani uchun bir soat yetarlimi?
Savol: Texnologiya fani 5-, 6-, 7-sinflar dars jadvalida, qoida bo‘yicha, juft-juft qilib joylashtirilishi kerak. Chunki o‘quvchi amaliy mashg‘ulotlarda boshlagan ishini oxiriga yetkazishi lozim. Ya’ni pazandalik darsida biror taom pishirish uchun bir soat yetarli emas. Ammo maktablarda fanning bir soati dushanba, ikkinchi soati juma kuniga qo‘yilishi holatlari uchrayapti. Agar bu fandan dars soatlarini jadvalga joylashtirish bo‘yicha me’yoriy hujjat mavjud bo‘lsa, shu haqda ma’lumot bersangiz.
Hafiza RASHIDOVA, Termiz shahridagi 13-maktab o‘qituvchisi
Javob: Xalq ta’limi vazirligining “Maktablarda dars jadvali tuzishning pedagogik, psixologik va gigiyenik asoslari to‘g‘risidagi me’yoriy hujjatini tasdiqlash haqida”gi 2006-yil 20-maydagi 131-sonli buyrug‘i hamda tayanch o‘quv rejasi asosida dars jadvali tuziladi.
Shuningdek, umumta’lim muassasalarining 5—7-sinflarida texnologiya fanini (haftasiga 2 soat) dars jadvalida juft qilib joylashtirish tavsiya etiladi. Chunki texnologiya fani o‘quv rejasidagi mavzular amaliy xususiyatga ega bo‘lib, o‘quvchilar dars mashg‘ulotlarini ketma-ket 2 soat dars davomida o‘rganadi va mustahkamlaydi.
Savolga Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati yordamida vazirlik mutaxassislaridan javob olindi.
"Ma’rifat” gazetasi tahririyati RUXSATISIZ sayt materiallarini tarqatish taqiqlanadi.