“Qizil kitob” muntazam yangilanadimi?
Savol: O‘zbekiston Respublikasi “Qizil kitob”i muntazam to‘ldirib boriladimi? Unga oxirgi marta kiritilgan jonivor va o‘simliklar haqida ma’lumot bersangiz.
Ziyoda BOBOBEKOVA, Guliston shahri
Javob: Hayvonot olamiga bag‘ishlangan birinchi milliy “Qizil kitob” 1983-yili nashr etilgan. Unga faqat umurtqali hayvonlarning 63 turi kiritilgan. Keyingi yillarda, jumladan, 2001, 2006, 2009-yillarda bu kitob qayta nashr etildi. Bularda umurtqali va umurtqasiz hayvonlarning turlari ham qamrab olingan. Hozirgi paytda sutemizuvchilarning 23 (kenja turlar bilan — 24), qushlarning 48 (kenja turlar bilan — 51), sudralib yuruvchilarning 16, baliqlarning 17 (kenja turlar bilan — 18), halqasimon chuvalchanglarning 3, mollyuskalarning 14 (kenja turlar bilan — 15), bo‘g‘imoyoqlilarning 60 (kenja turlar bilan — 61) turlari kiritilgan. Shu kunlarda O‘zbekiston “Qizil kitob”ining yangi nashrini tayyorlash ustida ish olib borilmoqda.
Savolga Fanlar Akademiyasi Zoologiya instituti mutaxassisi E.Shonazarova javob berdi.