Ish haqi saqlanmagan holda beriladigan ta’tilning muddati qanchagacha bo‘lishi mumkin?
Ish haqi saqlanmagan holda ta’til berish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 150-moddasida qayd etilgan. Uning davomiyligi xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra belgilanadi. O‘n ikki oylik davrda bu ta’til uch oydan oshmasligi kerak. Masalan, xodimga ish beruvchi bilan kelishgan holda 2019-yilning 3-aprelidan boshlab uch kun davomiylikda ish haqi saqlanmaydigan ta’til berilgan bo‘lsa, o‘n ikki oylik davr 2020-yilning 3-aprelida tugaydi. Agar xodimga 2019-yilning 3-aprelidan biryo‘la 3 oy muddatga ta’til berilgan bo‘lsa, 2020-yilning 3-apreliga qadar unga bunday ta’til berilishi mumkin emas.
Hamidulla PREMQULOV, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi apparatining yuridik bo‘limi mudiri