Abituriyentlarni qiziqtirgan savollarga javoblar
Prezidentimiz tomonidan shu yil 14-mayda qabul qilingan 4319-sonli qarorga muvofiq talabalikka test sinovlari orqali qabul qilish bo‘yicha kiritilgan yangilik hamda o‘zgarishlar yuzasidan abituriyentlar ko‘proq ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaat qilmoqda. Bugungi kunda qaror asosida test sinovi orqali qabulning tegishli mexanizmlari ishlab chiqilmoqda. Vazifa va talablarni amalga oshirishning aniq mexanizmlari ishlab chiqilgandan keyin barcha savollarga batafsil javob berish mumkin. Shunday bo‘lsada, ijtimoiy tarmoqlar orqali berilayotgan savollarga javob berib borishga harakat qilamiz.
— Sirtqi ta’lim shaklida ham uchta ta’lim yo‘nalishini tanlash yo‘lga qo‘yiladimi?
— O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 27-apreldagi 360-sonli qarori asosida amaldagi tartibga kiritilgan o‘zgarishlarga binoan oliy ta’lim muassasalari bakalavriatining sirtqi ta’lim shakliga o‘qishga qabul qilish Davlat komissiyasining qaroriga muvofiq Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan kirish test sinovlari yoki oliy ta’lim muassasalarida o‘tkaziladigan kirish imtihonlari (kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon) orqali tanlov asosida amalga oshiriladi. Agar Davlat komissiyasining qaroriga ko‘ra, sirtqi ta’lim shakli qabuli uchun Davlat test markazi tomonidan test sinovlari o‘tkaziladigan bo‘lsa, imtiyoz sirtqi ta’lim shakli uchun ham tatbiq etiladi.
— Oldingi yillarda ta’lim muassasalarini tugatgan abituriyentlar eng kam ish haqining 50 foizi miqdoridagi summani qayerga to‘laydi? Joylardagi Davlat xizmatlari markazlarigami?
— Mazkur tartib bo‘yicha tegishli davlat organlari bilan hamkorlikda to‘lovni amalga oshirish mexanizmlari ishlab chiqilmoqda. Bu haqida qo‘shimcha e’lon beriladi.
— Yangiliklarga doir savollar bilan kimga murojaat qilish mumkin?
— Davlat test markazida Call center tashkil etilgan, unga 1195 qisqa raqami orqali murojaat qilish, darhol javob olish yoki “Telegram” kanalidagi “DTM_direktor_xat” orqali savollar berish va tezkor javoblar olish imkoniyati mavjud.
ISH TARTIBI:
kuni — dushanba, seshanba, chorshanba, payshanba, juma;
vaqti — soat 09:00 dan 18:00 gacha;
tushlik — soat 13:00 dan 14:00 gacha.
— 2019/2020-o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarini topshiradigan abituriyentlar tayyorgarlik ko‘rish uchun qaysi darsliklardan foydalanishi zarur?
— 2019/2020-o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlariga tayyorgarlik ko‘rish uchun ta’limni boshqarish bo‘yicha vakolatli davlat organlari tomonidan tavsiya etilgan darsliklardan foydalanish mumkin (ro‘yxat DTM saytida va “Ma’rifat” gazetasida (10-aprel) e’lon qilingan).
Test topshiriqlari amaldagi tartibga binoan umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining umumta’lim fanlari o‘quv dasturlariga muvofiq tuziladi.
Joriy yilda test sinovlariga tayyorgarlik ko‘rishda foydalanishga tavsiya etilgan darsliklar bilan birgalikda o‘quv dasturlarida o‘rganish nazarda tutilgan ayrim badiiy adabiyotlar keltirilgan. Test topshiriqlari ham ushbu badiiy adabiyotlar asosida tuziladi. Mazkur adabiyotlarni to‘liq o‘qib chiqish tavsiya etiladi.
Abituriyentlar o‘zi o‘qiydigan (yoki bitirgan) ta’lim muassasasi uchun tavsiya etilgan darsliklarni o‘qishi zarur. Boshqa ta’lim turi yoki ta’lim muassasalari uchun tavsiya etilgan darsliklarni o‘qish talab etilmaydi.
Test topshiriqlari tegishli ta’lim muassasalari uchun tavsiya etilgan o‘quv dasturlari asosida tuziladi.
Abituriyentlar uchun savollar kitobini shakllantirishda ular bitirgan ta’lim muassasasi turi, ushbu turdagi ta’lim muassasalarida foydalanishga tavsiya etilgan darsliklar inobatga olinadi.
— Test savollarida xaritalar, grafikalar ishlatilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni qayerdan olish mumkin?
— Geografiya fanidan abiturientlar topografik shartli belgilarni bilish, topografik xaritalarda relyefni gorizontal-lar orqali tasvirlay olish, yo‘nalish azimuti va uni aniqlash, nuqtaning geografik kengligi va uzunligini aniqlash, daraja to‘ri orqali masofalarni aniqlash, havo harorati va atmosfera bosimini aniqlash, joyning geografik koordinatalarini, soat mintaqalari, mahalliy vaqt va mintaqa vaqtini hisoblash kabi bir qancha topshiriqlarni bajara olishi kerak.
Shularni hisobga olib, www.dtm.uz.da geografiya va boshqa fanlardan amaliy topshiriqlarni bajarishga oid tavsiyalar berilgan. Buning uchun saytning “Foydali ma’lumotlar” bo‘limiga kirib, “Namunaviy test topshiriqlari va ularni yechish bo‘yicha tavsiyalar” qismiga kirish va fanlar bo‘yicha berilgan topshiriqlar, ularni yechishga oid tavsiyalar bilan tanishish mumkin.
— 3 ta ta’lim yo‘nalishini tanlash yuzasidan to‘liq ma’lumot bera olasizmi?
— Joriy yildan boshlab abituriyentga 3 tagacha oliy ta’lim yo‘nalishini tanlash huquqi berilmoqda. Ta’lim yo‘nalishlari-ni tanlashda oliy ta’lim muassasalarining soni, jug‘rofiy joylashuvi ahamiyat kasb etmaydi. Masalan, 3 ta ta’lim yo‘nalishi 1, 2 ta yoki 3 ta oliy ta’lim muassasasidan tanlanishi, oliy ta’lim muassasalari abituriyent yashaydigan hududda yoki Toshkent shahrida, yoki viloyatlarda joylashgan bo‘lishi mumkin. Biroq tanlashda e’tibor qaratilishi shart bo‘lgan jihatlar mavjud.
Birinchidan, ta’lim yo‘nalishlarini tanlashda test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi (fanlar ketma-ketligi, baholash mezonlari) bir xil bo‘lishi lozim.
Ikkinchidan, abituriyent tomonidan ta’lim yo‘nalishlariga ustuvorlik belgilanadi.
Uchinchidan, to‘plagan bali miqdori birinchi ustuvorlik berilgan ta’lim yo‘nalishiga xoh davlat granti, xoh to‘lov-kontrakt bo‘yicha tavsiya etishga yetsa, ikkinchi va uchinchi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha tanlovda ishtirok eta olmaydi. Agar birinchisiga yetmay, ikkinchisiga yetsa, demak, uchinchi ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tanlovda ishtirok etolmaydi.
Agar abituriyentning test sinovi natijalari tanlangan ta’lim yo‘nalishining birinchisiga to‘lov-kontrakt, ikkinchisiga davlat granti bo‘yicha o‘qishga yetsa ham, u birinchi ustuvorlik bergan ta’lim yo‘nalishiga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etiladi. Ikkinchisida davlat granti bo‘yicha o‘qishi mumkin emas.
Savollarga Davlat test markazi matbuot xizmati rahbari Orziqul BOBOYEV javob berdi.