Malaka sertifikati qachon keladi?
Savol: Shu yil mart oyining oxirida malaka toifasi uchun o‘tkazilgan attestatsiya imtihonida qatnashib, 95 ball bilan oliy toifani himoya qildim. Nizomga ko‘ra, toifa sertifikati 1 oy ichida yetkazilishi belgilangan. Biroq oradan bir yarim oydan ko‘p vaqt o‘tsa-da, haligacha sertifikat kelmadi. 1-toifamning muddati tugadi, hozir menga mutaxassis sifatida oylik to‘lanyapti. Sertifikat qachon jo‘natilishini bilish uchun Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi saytidagi telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qildim. 2 ta raqamning bittasi umuman boshqa odamga tegishli ekan. Ikkinchisiga, har qancha urinmay, hech kim javob bermaydi.
Inspeksiyaning elektron manziliga ham yozdim. Afsuski, javob yo‘q. Shundan keyin kuzatuvlarim asosida bir xulosaga keldim. Bu tashkilot juda ham yopiq ishlarkan. Axborot olish juda qiyin. Hozir 1-toifam muddati tugagani sababli menga mutaxassis sifatida oylik to‘lanyapti. Bu ketishda mehnat ta’tili uchun haqni ham mutaxassis sifatida olaman. Hisoblasam, har oyda 1 million so‘mdan yutqazyapman (to‘g‘ri, keyinchalik to‘lab berilarkan, lekin mehnat ta’tili uchun to‘lanadigan mablag‘ kam chiqadi).
Jasur NURALIYEV, Koson tumanidagi 33-maktab o‘qituvchisi
Javob: Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-maydagi 392-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar va maktabdan tashqari davlat ta’lim muassasalari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida Nizom”ning 59-bandida attestatsiya ikki bosqichda o‘tishi belgilangan. Birinchi bosqichda attestatsiyadan o‘tuvchining o‘quv fani bo‘yicha malaka sinovi natijalari, dars o‘tish mahorati va mehnat samaradorligi ekspert guruhi tomonidan o‘rganiladi hamda tegishli tavsiyalar tayyorlanadi.
Ikkinchi bosqichda attestatsiya komissiyalari ekspert guruhi tomonidan o‘rganilgan birinchi bosqich natijalarini tahlil qiladi. Attestatsiya jarayonida to‘plangan hujjatlar jamlanmasini o‘rganadi. Pedagog kadrni malaka toifasida qoldirish yoki unga boshqa toifa berish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingandan so‘ng xalq ta’limi boshqarmalari attestatsiya komissiyalari tomonidan oliy, birinchi va ikkinchi malaka toifali pedagog kadrlarga sertifikatlar olish uchun Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga buyurtmanoma berish vazifalari belgilab qo‘yilgan. Shu munosabat bilan hozirgi kunda inspeksiyaga sertifikatlar olish uchun xalq ta’limi, boshqarmalaridan buyurtmanoma taqdim etilmagan. Siz murojaatingiz bo‘yicha hududiy xalq ta’limi boshqarmasi attestatsiya komissiyasiga murojaat etishingiz kerakligini ma’lum qilamiz.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida (71) 231-07-53 telefon raqami; (1023, 1032) ichki raqamlari fuqarolar murojaatlari bo‘yicha xizmat qilmoqda.
Murojaatga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bosh mutaxassisi O.USMONOV javob berdi.