Variativ o‘quv reja bo‘yicha eng dolzarb savollarga javoblar
Savol: Boshqa fan o‘qituvchilari nima ish qiladi?! Dars soatlari kamayib ketadi-ku.
Javob: Avvalo, maktabda variativ o‘quv rejani joriy qilish-ixtiyoriy.
Agarda dars soatlarining qisqarish holatidan tegishli fan o‘qituvchilari norozi bo‘lsa, variativ o‘quv rejani joriy qilish masalasi qo‘llab-quvvatlanmasa, bu holat pedagogika kengashida muhokama qilinib, pedagoglarning ko‘pchilik ovozi bilan variativ o‘quv rejani maktabda joriy qilish yoki qilmaslik masalasi bo‘yicha tegishli qaror qabul qilinadi.
Bunda pedagogik kengashda ishtirok etgan maktab direktori, direktor o‘rinbosarlari, maktab kasaba uyushmasining raisi, fan metodbirlashmalarining rahbarlari, fan o‘qituvchilari, amaldagi sinf rahbarlari variativ o‘quv reja yuzasidan o‘z fikrlarini bildirishi mumkin.
Ma’lumot uchun, umumiy o‘rta ta’lim maktabida yuqori malakali, tajribali o‘qituvchilar mavjud bo‘lganda variativ o‘quv reja joriy qilinadi. Shuningdek, variativ o‘quv rejani amaliyotga joriy qilishda, avvalo, o‘quvchining manfaati inobatga olinadi.
Savol: 10-11-sinf o‘quvchilarining fikr-u xayoli, istaymizmi, yo‘qmi o‘zi tanlagan fanlarda bo‘ladi. Agar shu fanlar kuchaytirib o‘qitilsa, ular uchun nur ustiga nur bo‘ladi. Ammo masalaning boshqa tomoni ham bor. Bir sinf to‘liq bir xil yo‘nalishdagi fanlarni tanlamaydi-da. Shunday holda bir fanni tanlaganlar bitta sinf qilib o‘qitiladimi? Boshqa fan o‘qituvchilarining dars soatlari kamayib ketishi ham norozilikka sabab bo‘lmaydimi? Nima bo‘lganda ham, puxta o‘ylangan holda yo‘l tutilsa, foydadan holi emas, menimcha.
Javob: Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida variativ (o‘zgaruvchan) o‘quv rejalarini tajriba-sinovdan o‘tkazish bo‘yicha tavsiyaga ko‘ra, bir yo‘nalishni tanlagan o‘quvchilar bitta sinfda o‘qitiladi.
Agarda dars soatlarining qisqarish holatidan tegishli fan o‘qituvchilari norozi bo‘lsa, variativ o‘quv rejani joriy qilish masalasi qo‘llab-quvvatlanmasa, bu holat pedagogika kengashida muhokama qilinib, pedagoglarning ko‘pchilik ovozi bilan variativ o‘quv rejani maktabda joriy qilish yoki qilmaslik masalasi bo‘yicha tegishli qaror qabul qilinadi.
Ma’lumot uchun, variativ o‘quv rejani amaliyotga joriy qilishda, avvalo, o‘quvchining manfaati inobatga olinadi.
Savol: Bu tanlovning ko‘plab ijobiy tomonlari bor, lekin tanganing ikki tarafi bo‘lganidek, noqulayliklari ham bordek, nazarimda. Deylik, sinfda 20 nafar o‘quvchi bor. Shularning 10 nafari biror-bir yo‘nalishni tanladi. Masalan, tabiiy fanlarni 5 nafari, aniq fanlarni yana 5 nafari, 3 nafari esa filologiya yo‘nalishini tanladi va hokazo. Bu holda yo‘nalish qanday tanlanadi?
Javob: Agarda maktabda bitta 10-sinf yoki 11 sinf bo‘lsa, ushbu sinflarda o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijasida yo‘nalishlar bo‘yicha o‘quvchilar tanlovi bir xil bo‘lsa, bunday sinfda variativ o‘quv rejani joriy qilib bo‘lmaydi. Chunki ma’lum bir yo‘nalishda sinf ochiladigan bo‘lsa, boshqa yo‘nalishni tanlagan o‘quvchilar o‘qishini davom ettirishlari uchun an’anaviy sinf mavjud bo‘lmay qoladi.
Agarda sinflar soni ikki va undan ortiq bo‘lib, har bir sinfda siz aytgan miqdorda tanlov bo‘lgan bo‘lsa, boshqa sinflarda shu yo‘nalishni tanlagan o‘quvchilarni birlashtirib, tegishli yo‘nalishdagi sinfni shakllantirish mumkin.
Savol: Tanlov asosida dars soati qo‘shib berildi ham deylik, oldin 3 soat dars bergan o‘qituvchi 5 soat dars o‘tadimi, sifatiga kafolat bormikan? Davlat test markazi imtihonlariga tayyorlay olarmikin? Menimcha, oldin maktablarga xususiy o‘quv markaziga chiqib ketgan o‘qituvchilarni qaytarish kerak.
Javob: Agar maktabda o‘quvchi tanlagan yo‘nalishdagi fan bo‘yicha yuqori malakali va tajribali o‘qituvchi bo‘lmasa, bunda ushbu yo‘nalishda variativ o‘quv rejani joriy qilish yoki tanlov sinfini tashkil etish masalasi vaqtincha to‘xtatiladi. Toki, maktab direktori tomonidan ushbu yo‘nalishdagi fan bo‘yicha yuqori malakali va tajribali o‘qituvchi jalb qilinguniga qadar to‘xtatib turiladi. Shuningdek, maktabga tanlov fanlari va majburiy fanlarni o‘qitish uchun boshqa ta’lim muassasalari va nodvalat talim muassasalaridan o‘qituvchilar jalb qilinishi mumkin.
Tanlov sinfi o‘quvchilari uchun tanlov fanlariga qo‘shib berilgan soatlar doirasida Davlat test markazi test to‘plamlari bilan ishlash bo‘yicha mashg‘ulotlar tashkil etiladi.
Savol: Variativ o‘quv rejani hamma maktabda ham qo‘llab bo‘lmaydi. Chunki bizning maktabda o‘quvchi soni kam. Bittadan sinf mavjud. Undan ko‘ra, OTMga kirish uchun majburiy etib belgilangan “O‘zbekiston tarixi”, “Matematika”, “Ona tili” fanlaridan kasbiy ta’lim hisobidan 2 soatdan qo‘shimcha soat qo‘shilsa, yaxshi bo‘lardi.
Javob: Avvalo, maktabda variativ o‘quv rejani joriy qilish - ixtiyoriy.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Professional ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2019-yil 6-sentyabrdagi PQ-5812-son farmoni bilan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 10-11-sinf o‘quvchilariga kasbiy ta’lim berishga ixtisoslashgan o‘quv-ishlab chiqarish majmualari tugatilgan. O‘z navbatida umumiy o‘rta ta’lim maktablarida kasbiy ta’lim uchun ajratilgan soatlar maqbullashtirilgan.
Shu sababli, kasbiy ta’lim uchun ajratilgan soatlarni an’anaviy sinfdagi majburiy fanlarga qo‘shib berish imkoniyati mavjud emas.
Agarda maktabda variativ o‘quv rejani joriy qilishning imkoni bo‘lmasa, bunda o‘quvchilar har doimgidek an’anaviy sinflarda o‘qishni davom ettiradi.
Manba: uzedu.uz