Oliy toifa to‘g‘risidagi sertifikatimni qachon va kimdan olsam bo‘ladi?
Savol: Olmaliq shahridagi maktabda ishlayman. 21-sentabr kuni o‘tkazilgan test sinovlarida 90 ball to‘pladim. Oliy toifa to‘g‘risidagi sertifikatimni qachon va kimdan olsam bo‘ladi?
Savol: Navbatdan tashqari oliy toifa uchun test topshirdim. 75 ball to‘pladim. Menga Oliy malaka toifasi beriladimi?
Javob: Pedagog kadrlar attestatsiyasi faqat malaka (test) sinovlaridan iborat emas, attestatsiya komissiyalari malaka toifalari berish to‘g‘risida qaror chiqarishda faqatgina malaka (test) sinovlari natijalariga qarab emas, balki pedagogning dars o‘tish mahorati va mehnati samaradorligiga baholash mezonlari asosida qo‘yilgan ballar asos bo‘ladi.
Nizomning 59-bandi: Attestatsiya ikki bosqichda o‘tkaziladi: birinchi bosqichda — attestatsiyadan o‘tuvchilarning o‘quv fani bo‘yicha malaka sinovi natijalari, dars o‘tish mahorati va mehnati samaradorligi ekspert guruhi tomonidan o‘rganiladi hamda tegishli tavsiyalar tayyorlanadi;
ikkinchi bosqichda — attestatsiya komissiyalari ekspert guruhi tomonidan o‘rganilgan birinchi bosqich natijalarini tahlil qiladi, attestatsiya jarayonida to‘plangan hujjatlar jamlanmasini (portfoliosini) o‘rganadi va pedagog kadrni malaka toifasida (lavozimida) qoldirish yoki boshqa toifa (lavozim) berish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Nizomning 67-bandi: Attestatsiya komissiyalari quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
b) birinchi malaka toifali yoki yetakchi o‘qituvchi lavozimidagi pedagog kadr baholash mezonlarining har biridan:
75 foiz va undan yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘lsa — “Attestatsiyadan o‘tdi, oliy malaka toifasi (bosh o‘qituvchi lavozimi) berilsin”;
74 foizdan 65 foizgacha ko‘rsatkichga ega bo‘lsa — “Attestatsiyadan o‘tdi, birinchi malaka toifasi (yetakchi o‘qituvchi lavozimi) saqlansin”;
65 foizdan kam ko‘rsatkichga ega bo‘lsa — “Attestatsiyadan o‘tmadi, ikkinchi malaka toifasi(katta o‘qituvchi lavozimi)ga tushirilsin” (navbatdan tashqari attestatsiyaga jalb etilgan pedagog kadrlar bundan mustasno);
Nizomning 69-bandi: Baholash mezonlari bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich chiqarilmaydi hamda baholash mezonlarining birortasi bo‘yicha belgilangan ko‘rsatkichdan past baholansa “attestatsiyadan o‘tmadi” degan qaror qabul qilinadi.
Nizomning 29-bandi: Quyidagilar xalq ta’limi boshqarmalari attestatsiya komissiyalarining vazifalari hisoblanadi:
oliy malaka toifasiga talabgor pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish;
tuman (shahar) va muassasalar attestatsiya komissiyalarining birinchi va ikkinchi malaka toifasiga talabgor pedagog kadrlar attestatsiyasi yakunlari bo‘yicha hisobotlarini tahlil qilish;
oliy, birinchi va ikkinchi malaka toifali pedagog kadrlarga sertifikatlar olish uchun Davlat inspeksiyasiga buyurtmanoma berish hamda attestatsiya o‘tkazilgandan so‘ng bir oy muddatda pedagog kadrlarni sertifikatlar bilan ta’minlash.
Safarali HAMROYeV, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bo‘lim boshlig‘i